Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlarini hisobga olgan holda byudjetlashtirish va ijtimoiy himoya sohasida texnik ko‘mak ko‘rsatish istiqbollari muhokama qilindi

2026-yil 19-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ushbu Markaz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi (IHOKB) vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad Milliy markazning IHOKB bilan hamkorligini yanada rivojlantirish, byudjetni rejalashtiruvchi va ijro etuvchi davlat organlari salohiyatini oshirish, shuningdek, byudjet siyosati va ijtimoiy himoya tizimiga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat.

Uchrashuv O‘zbekistonning ijtimoiy davlat va inson huquqlarini rivojlantirish sohasidagi xalqaro majburiyatlari, jumladan, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalari hamda BMTning shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq davlat siyosatini izchil amalga oshirish doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova, shuningdek, Milliy markazning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbol Abdumajidov va ushbu bo‘limning mas’ul xodimi Sevinch Jamshidova qatnashdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Moliya organlari hamda byudjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori Gulnora Rahimova hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining ijtimoiy himoya siyosatini ishlab chiqish va strategik rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Murodullojon Obidov, xalqaro tashkilotdan esa BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Igor Grishko, milliy dasturlar koordinatori Ildar Fayzullin va dasturlarni boshqarish bo‘yicha yordamchi Aziza Saidaripova ishtirok etdi.

Dilnoza Muratova o‘z nutqida Milliy markazning IHOKB bilan hamkorligi ko‘p yillik tarixga ega ekanligini, 2017–2018-yillardayoq muhokama qilingan o‘sish ko‘rsatkichlarini baholash va indikatorlardan foydalanish masalalari uchrashuv mavzusi bilan bevosita bog‘liqligini qayd etdi. U iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash O‘zbekiston davlat siyosatining amaliy vazifasi ekanligini, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, ijtimoiy himoya tizimi islohoti hamda fuqarolar ishtirokidagi ochiq byudjet mexanizmlarini rivojlantirish ushbu vazifani hal etishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Igor Grishko tomonlarga texnik va ekspert ko‘magining bir qator muhim shakllarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Xususan, muloqot chog‘ida ijtimoiy himoya va ta’lim sohalarini byudjetlashtirish hamda byudjet transfertlarining eng maqbul shakllarini aniqlash usullari bo‘yicha milliy va mahalliy darajada ixtisoslashtirilgan seminarlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashabbus doirasida mahalliy ekspertlarni faol jalb etish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish rejalashtirilgan. Tabiiy ofatlar va turli inqirozlar davrida ijtimoiy himoya tizimini samarali byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga alohida ahamiyat berilmoqda. Ushbu hamkorlik dastlab masofaviy formatda, keyinchalik esa yuzma-yuz uchrashuvlar shaklida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘quv markazi direktori Gulnora Rahimova Markazda nafaqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi, balki boshqa vazirliklar mutaxassislari ham tahsil olayotganini ta’kidladi. U indikatorlar va byudjet markirovkasini ishlab chiqishning murakkabligi hamda bu borada ko‘mak zarurligini ko‘rsatib o‘tdi, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish amaliyoti, jumladan, uning yangi elementi — deputatlik so‘rovi haqida so‘zlab berdi.

G. Rahimova xodimlarni o‘qitishni davom ettirish, xususan, alohida o‘quv modulini ishlab chiqish imkoniyati hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi dasturi misolida byudjetni sinov tariqasida tahlil qilish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi. Mazkur takliflar kelgusi yil rejalariga kiritilishi mumkinligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar mavzuning dolzarbligi va hamkorlikning istiqbolli ekanligini qayd etdilar. Texnik ko‘maklashishning aniq yo‘nalishlari, shakllari va muddatlari kelgusi yil rejalarini hisobga olgan holda ishchi tartibda belgilanadi.

Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirishning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, davlat organlarining kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda byudjetni rejalashtirishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etishga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 19.10.2026 Ko'rishlar 76
Ulashish