2026-yil 28–29-sentyabr kunlari Samarqand şahrida Inson huquqlari böyiça V Samarqand forumi bölib ötdi. «Inson huquqlari böyiça xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlaniş huquqi töğrisidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yölida global şeriklik» mavzusida taşkil etilgan mazkur xalqaro anjuman turli davlatlar, xalqaro taşkilotlar, milliy inson huquqlari institutlari, ilmiy-akademik doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonda birlaştirdi.
Forumning alohida ahamiyati şundaki, uning yakuniy hujjati — «Samarqand nigohi – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yölida global şeriklik» BMT Boş Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida A/81/444 raqami bilan rasmiy hujjat sifatida tarqatildi. Bu Özbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro taşabbuslari va global muloqotni rivojlantirişga qöşayotgan hissasining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini körsatadi.
«Samarqand nigohi – 2040»ning mazmun-mohiyati inson huquqlarini himoya qilişning an’anaviy mexanizmlarini zamonaviy global çaqiriqlar bilan uyğunlaştirişda namoyon böladi. Unda xalqaro inson huquqlari şartnomalarini milliy darajada samarali amalga oşiriş, rivojlaniş huquqi va ijtimoiy adolatni ta’minlaş, gender tengligi, yoşlar va nogironligi bölgan şaxslar huquqlarini himoya qiliş, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt şaroitida inson qadr-qimmati hamda şaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlaş, iqlim özgarişi va ekologik muammolarning inson huquqlariga ta’siri kabi dolzarb masalalar qamrab olingan. Şuningdek, tinçlik va xavfsizlik, xalqaro gumanitar huquq, fuqaroliksizlikning oldini oliş hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlaşga alohida e’tibor qaratilgan.
Hujjatning muhim jihatlaridan yana biri — inson huquqlarini ta’minlaş böyiça uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlarini nazarda tutişidir. Xususan, «Samarqand şerikligi» konsepsiyasi, Xalqaro paktlarni amalga oşiriş böyiça Samarqand raqamli hamkorlik platformasini yaratiş taşabbusi va 2040-yilgaça möljallangan «Yöl xaritasi» xalqaro tajriba almaşiş, milliy amaliyotlarni takomillaştiriş va belgilangan maqsadlar ijrosini kuzatib boriş uçun muhim asos bölib xizmat qilişi mumkin.
Forum iştirokçisi sifatida menda, ayniqsa, inson huquqlari masalalarining faqat huquqiy normalar doirasida emas, balki inson hayoti, jamiyat taraqqiyoti va global barqarorlik bilan uzviy boğliq holda muhokama qilingani katta taassurot qoldirdi. Nazarimda, «Samarqand nigohi – 2040»ning asosiy ğoyasi inson qadr-qimmatini barça islohotlar va taraqqiyot jarayonlarining markaziga qöyiş, heç kimni e’tibordan çetda qoldirmaslik hamda xalqaro hamkorlik orqali umumiy mas’uliyatni mustahkamlaşdan iboratdir.
Şubhasiz, V Samarqand forumi va uning yakuniy hujjatining BMT Boş Assambleyasining 81-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e’lon qilinişi Özbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro muloqotni rivojlantirişga qaratilgan taşabbuslari uçun muhim voqeadir. Bu, şuningdek, Samarqandning inson huquqlari, tenglik va barqaror taraqqiyot masalalari böyiça xalqaro muloqot maydoni sifatidagi nufuzini mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Mahinnora Mirhamidova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining
«Xalqaro huquq va ommaviy huquq» fanlari kafedrasi dotsenti
