KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR – SAYLOVCHILAR XOHISH-IRODASI, ZAMON TALABI

O‘tgan hafta mamlakatimiz parlamenti hayotida konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarning barqaror rivojlanishi va mustahkamlanishi, yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans asoslarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar uchun muhim hodisalarga boy bo‘ldi.

Xususan, 16 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng yirik fraksiyalari – O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining alohida, 17 may kuni mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish va ushbu masalani Oliy Majlis palatalari kengashlari muhokamasiga kiritishga bag‘ishlangan qo‘shma yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan bog‘liq holda 20 may kuni Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Bu yig‘ilishda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar (jami 46 kishi) kiritildi.

Xo‘sh, parlamentimizning bunday qaroriga sabab nima va u nima bilan bog‘liq? Konstitutsiyaviy islohot nimaga kerak, uning asl, tub g‘oyasi nimadan iborat? Komissiya faoliyati qanday yo‘l bilan va qaysi tamoyillar asosida tashkil etiladi? Bular mazkur mavzu yuzasidan global tarmoq va ijtimoiy sahifalarda berilayotgan savollar ro‘yxatining kichik bir qismi, xolos.

KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT — AHOLINING KENG QATLAMI

VA SAYLOVChILAR AMRI

Avvalo, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Birinchidan, 2021 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif ilgari surildi. Bu – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish.

Xususan, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid birinchi taklif O‘zLiDePdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning saylovchilar bilan Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida ilgari surilgan edi. Nafaqat mintaqaviy, balki jahon ko‘lamiga ega ekologik fojea — Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi Konstitutsiyada o‘z aksini topmagan, insonning ekologik huquqlari, yurtimiz aholisining yashab turgan va bo‘lajak avlodlarining qulay va toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini mamlakat Bosh qonunida aks ettirishning dolzarbligi va hayotiy ahamiyati ta’kidlandi.

Kelgusida Shavkat Mirziyoevning hududlardagi saylovchilar bilan yana 7 ta viloyatda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari jarayonida xususiy mulk muhofazasiga doir konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash tashabbuslari, jumladan, yer va yerosti boyliklariga bo‘lgan huquq, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish, milliy demokratik institut — mahallaning o‘rni va maqomini oshirish, kelajak avlodlargacha an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, oila institutining ahamiyati, davlat yoshlar va gender siyosatini, innovatsion iqtisodiyot va “bilimlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Eng muhimi — keltirilgan barcha masalalar saylovchilar, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlari vakillari — mamlakatning oddiy aholisi tomonidan ko‘tarildi. O‘z navbatida, bu, bir tomondan, Prezidentimizning Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasidagi demokratik islohotlar siyosati keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, saylovchilar ularning natijadorligidan, ularni yanada chuqurlashtirish va saylovoldi dasturda belgilangan maqsadlarga erishishdan manfaatdorligini ko‘rsatadi.

Quyidagi partiya nomzodlarining uchrashuvlari chog‘ida ham: 

  • O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi — mamlakatimizning konstitutsiyaviy tengligini belgilash, milliy an’ana va qadriyatlarni mustahkamlash va muhofaza qilish yuzasidan;
  • O‘zbekiston Adolat sotsial-demokratik partiyasisud hokimiyati mustaqilligi, qonunlar va sud qarorlari odilligi, Konstitutsiya va qonunlar, inson huquqlari ustuvorligining, korrupsiyaga qarshi kurashishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan;
  • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi — aholining himoyaga muhtoj qatlamlarining, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarning konstitutsiyaviy va ijtimoiy himoyasini kengaytirish, ijtimoiy yo‘nalishga ega davlat qurish borasida;
  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi — mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish, ekologik noqulay hududlarda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, bularning barchasi saylov va prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar jarayonida saylovchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, taklif va xohish-istakdir.

Ikkinchidan, saylovchilarning xohish-istaklarini chuqur o‘rgangan holda, O‘zbekiston Prezidenti konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyatiga alohida urg‘u berdi:

  • o‘tgan yilning 6 noyabr kuni o‘zining innaguratsiya nutqi vaqtida Prezident akademik ta’lim va ekspertlar hamjamiyati oldida konstitutsiyaviy rivojlanishda milliy va xorijiy tajribani o‘rganish vazifasini qo‘ydi, deputat va senatorlardan ushbu masalaga e’tibor bilan yondashib, uni o‘rganish va aniq takliflarni ishlab chiqishni so‘radi;
  • Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida saylovchilarning amri va xohish-istaklariga, tez sur’atga ega demokratik o‘zgarishlar ehtiyojlariga asoslangan konstitutsiyaviy islohotning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” fundamental mualliflik monografiyasining ikkinchi qayta ko‘rib chiqilgan va to‘ldirilgan nashriga konstitutsiyaviy islohotning zaruratiga bag‘ishlangan va saylovoldi kampaniya jarayonida berilgan barcha takliflarni umumlashtirishga asoslangan bo‘limni kiritdi. Kitobda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.

Uchinchidan, siyosiy partiyalar, avvalo, O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” DP kutilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga nisbatan o‘z elektoratining kayfiyati va istaklarini chuqur o‘rganishni tashkillashtirdi.

Ushbu ikki partiyaning 1,5 milliondan ortiq a’zosi Konstitutsiyaning modernizatsiyasini qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, uning xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishishning, mamlakat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar hayotidagi barcha sohalarni yanada tez va jadal isloh qilish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratishning muhim sharti sifatida zarurligini ko‘rsatdi.

KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: DUNYODAGI ZAMONAVIY TENDENSIYALAR

Bugungi kunda dunyoda 500 dan ortiq amaldagi konstitutsiya bo‘lib, ulardan 200 ga yaqini mustaqil davlatlar, 300 dan ortig‘i federatsiyalar sub’ektlariga tegishli. Shu bilan birga, Shumer shohi Ur-Nammuning Qonunlar to‘plami dunyoning eng qadimgi yozma konstitutsiyasi, deb hisoblanadi. U muhrlangan sopol peshlavhachalarning yoshi 4 ming yildan oshgan.

Bunda Konstitutsiya aqida emas, balki harakatlarning, barqaror taraqqiyotning dasturi. Tuzatish, o‘zgartirish kiritish imkoniyati barcha konstitutsiyalarning fundamental xususiyatidir. Jamiyat tarixiy rivojlanishining turli bosqichlarida birdek xizmat qiladigan konstitutsiyaviy matnni bittada va abadiy yaratib qo‘yishning iloji yo‘q.

Shunday qilib, XX asrning oxirgi o‘n yilligi va XXI asrning boshi dunyo yurisprudensiyasi tarixiga jahon hamjamiyati vakillarining konstitutsiyaviy tuzumida konstitutsiyaviy islohotlarning yangi sifat bosqichiga chiqishi, konstitutsiyaviy dunyoqarashda sifat jihatidan chuqur o‘zgarishlar davri o‘laroq kiradi. Xususan, so‘nggi 30 yil ichida dunyoning 100 dan ortiq  mamlakatida konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazildi, 57 davlatda yangi konstitutsiya qabul qilindi. E’tiborlisi, konstitutsiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan davlatlar o‘ntaligida Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston mavjud. Bunda konstitutsiyaviy islohotlarning aksariyati davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish yoxud siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy inqirozlarga yo‘l qo‘ymaslik, oqibatlarini bartaraf etish doirasida amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda dastlabki tahrirdagi konstitutsiyalar deyarli qolmagan. Hozirgi kunda eng qadimiy hisoblangan konstitutsiyalarga ham AQSh da 27 ta tub o‘zgartirish, Norvegiyada 200 martadan ortiq (bunda Bosh qonun moddalaridan taxminan 1/3 qismigina o‘zining dastlabki ko‘rinishida qolgan), Niderlandiyada 24 marta (biroq 1983 yilda matni puxtalik bilan modernizatsiya qilinishi natijasida undagi deyarli barcha moddalar o‘zgargan) o‘zgartirish kiritilgan.

Zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning o‘z modelini izlamoqda. Shu bilan birga, Konstitutsiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bunda konstitutsiyaviy tamoyillar quyidagilarni ko‘zda tutadi:

birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini kengaytirish (shaxs konstitutsiyasi);

ikkinchidan, “jamoat huquqlari”, “umumjamiyat huquqlar”ning himoyasini mustahkamlash, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlarini muvofiqlashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish (jamiyat konstitutsiyasi);

uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimini tashkillashtirish, bevosita demokratiya shakllari bilan uyg‘unlashgan vakillik demokratiyasini (saylov, referendum, umumxalq muhokama) takomillashtirish, hokimiyat vakolatlarini bo‘lish, jumladan, qonunchilik va ijroiya hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash hamda sud organlari mustaqilligi tamoyilini qo‘llash, mansabdor shaxslarning mas’uliyati va hisobdorligini yanada oshirish (davlat konstitutsiyasi).

Konstitutsiyaviy islohot hozirgi va kelajak barqaror rivojlanishning zarur yuridik zaminidir. Xususan, u hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimini mustahkamlashga, hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok va kelajakni ko‘ra bilishni oshirishga ko‘maklashuvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni o‘zgartirish yo‘li bilan samarali boshqaruvning” hayotiy ahamiyatga ega instrumenti bo‘lishi mumkin. Boshqaruvning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar siyosiy tizim barqarorligiga imkon beradi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyot uchun foydali bo‘lib, investitsiya va taraqqiyot uchun barqaror zamin yaratadi.

Dunyodagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni o‘rganish o‘ziga xos jihatni – davlat Bosh qonunini zamon talablariga moslashtirish, uning vujudga kelayotgan da’vatlarga javob berish qobiliyatini oshirish zaruratini namoyon qilmoqda.

Dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor tendensiyalari quyidagilarga jamlanmoqda:

  • konstitutsiyaviy islohotlarning tizimliligi. Ular siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar bilan modernizatsiya jarayonlarining o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro shartlanganligi;
  • konstitutsiyaviy tartibga solishning kengayishi, davlat hokimiyati mexanizmini isloh qilish va boshqaruv shaklini o‘zgartirish;
  • konstitutsiyaviy ko‘lam sohasini rivojlantirish, huquqiy suverenitetni mustahkamlash va davlat konstitutsiyaviy o‘ziga xosligini belgilash;
  • inson huquq va erkinliklarining sud himoyasini oshirish, konstitutsiyaviy odil sudlov vakolatini kengaytirish, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqini berish;
  • konstitutsiyaviy huquq ijodkorligining globallashuvi, dunyo davlatlari konstitutsiyalarida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va normalarini aks ettirish;
  • davlat va jamiyatning konstitutsiyaviy rivojlanishini ekologiyalashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish prinsipini amalga oshirish;
  • raqamli huquqlarni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish.

O‘ZBEKISTON: KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT YO‘LIDA

O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Xususan, Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida 7 marta Konstitutsiyaning 21 moddasiga 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan. Xususan, ular parlament, Prezident va hukumat faoliyatiga, sud hokimiyatining mustaqilligi va rivojlanishiga, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimiga, saylov tizimini demokratlashtirish va mahallaga tegishli bo‘lgan.

Konstitutsiyaviy tuzum, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarni tubdan rivojlantirish, yangi O‘zbekistonni bunyod etish, erkin va odil fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va shartlangan demokratik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chuqur islohotlarni konstitutsiyaviy ta’minlashga alohida e’tibor berilgan.

Shu bilan birga, globallashtirish, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi davri va jadallik bilan o‘zgarib borayotgan hayotiy voqelik mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash bo‘yicha o‘ta muhim va dolzarb bo‘lgan yangi, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu tariqa, O‘zbekistonning konstitutsiyaviy taraqqiyoti umumjahon konstitutsiyaviy islohotlari yo‘lidan ketmoqda.

KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING USTUVOR YO‘NALISHLARI

Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kitobida demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi yanada jiddiy vazifalar qo‘yilgan. Ular qonunchilik hamda huquqni anglash va qo‘llash tizimini, jamiyatning siyosiy-huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltiradi. Yangi O‘zbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Avvalo, bu “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishga tegishlidir. Bunda inson qadri — mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklari, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan:

birinchidan, avval amal qilgan “davlat – jamiyat – inson” paradigmasini yangi “inson jamiyat davlat” paradigmasiga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash;

ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash. Bu xalqchil davlatni bunyod etishning eng muhim shartidir;

uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini, “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitutsiyaviy mustahkamlash;

to‘rtinchidan, oila institutini rivojlantirish, bo‘lajak avlodlarga an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashning konstitutsiyaviy asoslarini belgilash;

beshinchidan, Konstitutsiyada davlat yoshlar siyosatini, yangi O‘zbekiston bunyodkorlari – yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini, ularning huquqi, manfaatlari va majburiyatlarini aks ettirish;

oltinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam borayotganini hisobga olgan holda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash;

yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarining ishonchli muhofazasini ta’minlash;

sakkizinchidan, Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim o‘zgarishlariga tegishli huquqiy me’yorlarni kiritish;

to‘qqizinchidan, bolalar bog‘chalari, maktablar, Uchinchi Renessans asoslarining o‘zaro bog‘liq jihatlari bo‘lgan oliy ta’lim va fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash.

Prezidentimiz: “Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston CherchillningYaxshi bo‘lish uchun — o‘zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo‘lish uchun esa yanada ko‘proq o‘zgarish kerak”, degan so‘zlarida, o‘ylaymanki, teran hayotiy ma’no mujassam”, deya urg‘u berdi. Darhaqiqat, jadal o‘zgarib borayotgan zamona zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun muvofiq xatti-harakatlar va o‘zgarishlarni talab qiladi.

KONSTITUTSIYaVIY KOMISSIYa: ASOSIY VAZIFALARI VA TAMOYILLARI

Oliy Majlis palatalari kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • takliflarni to‘plash, umumlashtirish, shakllantirish asosida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish;
  • davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik va turli xulosalar, statistik ma’lumotlar va boshqa axborotlarni so‘rab olish;
  • ilmiy tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;
  • Konstitutsiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;
  • zarurat tug‘ilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
  • konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborish.

Konstitutsiyaviy komissiya ishining eng muhim tamoyillari quyidagilardan iborat:

birinchidan, faoliyat ochiqligi va shaffofligi. Bunda konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim vazifalarini jamiyatda ochiq, shu jumladan, xalqaro ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlanadi.

Bunda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmatining faoliyati alohida o‘rin tutadi, xususan, u oddiy fuqaro uchun sodda va tushunarli tilda konstitutsiyaviy islohotlarning, konstitutsiyaviy novellalarning (yangiliklarning) zaruriyati, ustuvorliklari va asosiy yo‘nalishlarini yetkazishni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, avval ikki marotaba o‘tkazilgan, kutilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning turli jihatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarning ijobiy tajribasini hisobga olgan holda, ilmiy konstitutsiyaviy forumlarni tashkillashtirish davom etadi. Bularning barchasi yangi O‘zbekistonning o‘z fuqarolari uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham ochiqligidan dalolat beradi;

ikkinchidan, kollegiallik. Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha a’zolari qaror qabul qilishda bir ovozga va teng huquqlarga egaligi bunga kafil bo‘ladi;

uchinchidan, Prezidentning “Xalq – qonun ijodkori” g‘oyasini amalga oshirish, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari, akademik, tadqiqot va tahlil markazlarining keng ishtirokini ta’minlash.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi Davlat va huquq instituti  tomonidan “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlarining tajribasi” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlar, xorijiy va xalqaro konstitutsiyaviy rivojlanishini e’tiborga olgan holda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun amalga oshirilmoqda.

Umuman olganda, konstitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligi va mamlakat ravnaqini yanada yuksaltirishga, uning iqtisodiy qudratini va dunyodagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Akmal SAIDOV,
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha

takliflarni shakllantirish va tashkiliy

chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan

Konstitutsiyaviy komissiya raisi

Powered by GSpeech