Konstitutsiyaviy komissiya raisi BMT Bosh Assambleyasi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi raisi A.Shahid bilan uchrashdi.

 

Bosh Assambleya raisi tashrif uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston, Prezident Sh.M.Mirziyoyev  tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar haqida ijobiy fikrlar bildirdi.

 

A.Shahid O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, mamlakat konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi tajribasining o‘ziga xosligi, jamiyatni yanada modernizatsiya qilishdagi ahamiyati haqida taqdim etilgan batafsil ma’lumotlarni katta e’tibor va qiziqish bilan qabul qildi.

 

– Amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va erishilayotgan yutuqlar uchun buyuk mamlakat bo‘lmish O‘zbekistonga, uning xalqi va rahbariyatiga hurmat-ehtiromimni bildiraman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotida sizga har qanday yo‘l bilan yordam berishga tayyormiz, – dedi BMT Bosh Assambleyasi raisi.

 

Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, A.Shahid O‘zbekiston Bosh Qomusiga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan hamohang bo‘lgan qator muhim vazifalar ustuvorligini belgilab berganini yuksak baholadi.

 

Shu nuqtai nazardan, u O‘zbekiston parlamenti va hukumatining davlat miqyosida BRMga erishish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakat rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasi BRMni amalga oshirish va inson huquqlarini himoya qilishda a’zo davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari rolini oshirish bo‘yicha rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ijobiy qabul qildi.

 

A.Shahid umuman bu boradagi parlamentlararo hamkorlikning dolzarbligi haqida gapirar ekan, “Bu yerda BMTda amalga oshirilayotgan ishlar faqat milliy parlamentlar orqali hayotga tadbiq etiladi, shuning uchun parlamentlar a’zolari o‘qitilishi va bilim olishi, hamkorlikni mustahkamlashi zarur”ligini ta’kidladi.

 

BMT Bosh Assambleyasi raisi joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament ayol spikerlarining XIV sammitini olqishladi.

 

Abdulla Shahid davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan yoshlar huquqlari mavzusini ham ijobiy baholadi. “Yoshlar huquqlarini ta’minlash borasidagi rolingiz tahsinga sazovor. Menimcha, biz siz uchun imkoniyatlarni kengaytirishimiz kerak”, – dedi u.

 

Shu nuqtai nazardan, BMT Bosh Assambleyasi raisi Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTda alohida Yoshlar idorasini tashkil etish tashabbusini tilga oldi va bu vazifa uning joriy yil sentyabr oyida vakolat muddati tugaguniga qadar amalga oshirilishiga va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ochilishiga umid bildirdi.

 

So‘z yakunida A.Shahid O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida o‘zining yetakchiligini namoyish etayotganini ta’kidlab, unga kengash kun tartibida yoshlar masalalarini ilgari surishda muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech