O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni bo'lib o'tgan xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ta'lim va tarbiyaning ahamiyati haqida so'z bordi.
Prezidentimiz atoqli frantsuz adibi Viktor Hyugoning: «Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap», degan hikmatli iborasini misol keltirdi. Bu nima degani? Maktab, ta'lim, tarbiya bor joyda bolalar yomon yo'lga kirmaydi, jinoyat sodir etmaydi. Demak, qamoqxonalarga zaruriyat qolmaydi.
Yaqinda davlatimiz rahbari Jasliq qo'rg'onida joylashgan, xalq orasida ham «Jasliq» nomi bilan «dong» qozongan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to'g'risida qaror qabul qildi. Bunga qadar o'tgan yili ham mamlakatda ikkita qamoqxona yopilgan.
Ana shunday insonparvar siyosat tufayli qisqa davrda mamlakatda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi.
Bugungi kunda O'zbekistonda har 100 ming aholiga 94 nafar mahbus to'g'ri keladi.
Yurtimizda qamoqhonalar yopilayotgan va mahbuslar soni izchil kamayishiga erishilayotgan ayni pallada yangidan-yangi maktablar ochilmoqda, mavjudlari esa yangi davr talablari asosida tubdan ta'mirlanmoqda. Xususan, 11 yillik maktab ta'limi tizimi tiklangani, shuningdek, so'nggi uch yilda 157 ta umumta'lim maktabi yangidan qurilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, ulug' allomalarimiz – Mirzo Ulug'bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta'lim dargohlari tashkil etildi. Bularning barchasi Vatanimiznig baxtiyor farzandlari uchun ta'lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Keyingi uch yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda – Is'hoqxon Ibrat, Jizzaxda – Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida – Abdulla Oripov, Marg'ilonda – Erkin Vohidov, Nukusda – Ibroyim Yusupov, Andijonda – Muhammad Yusuf, Gulistonda – Halima Xudoyberdieva, Toshkentda – Abdulla Qodiriyning maxsus ijod maktablariga asos solindi. O'z navbatida, iqtidorli bolalar har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.
Keyingi vaqtda «Akademiklar uchrashuvi» doirasida taniqli akademik Qalandar Abdurahmonov bilan birga ushbu ijod maktablarida o'qituvchi va o'quvchilar bilan bevosita muloqotlar o'tkazdik. Har bir maktabga o'zimiz muallifi bo'lgan kitoblardan taqdim etdik.
Maktab jamoasi ishtirokida birimiz – iqtisodiyot, ikkinchimiz huquqshunoslik fani bilan bog'liq jonli suhbatlar uyushtirdik. Bu suhbatlarning bolalar uchun qiziqarli va foydali ekanini ularning yoniq ko'zlaridan, izma-iz berilgan ma'noli savollaridan bilib turdik. Har gal bundan behad quvondik.
Nima uchun O'zbekistondan shu vaqtgacha Nobel` mukofoti sovrindori chiqmagan? Bu borada natijaga erishish uchun nima qilish kerak?
O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning ijod maktabida bo'lganimizda, bu savollarga munosib javob topdik, nazarimizda. Qarshi shahridagi ushbu ta'lim dargohining nafaqat jonkuyar o'qituvchilari, balki ilg'or o'quvchilari ham darsdan bo'sh vaqtlarida sevimli shoirimizning sara she'rlarini o'zbek tilidan bevosita ingliz tiliga tarjima qilish va nashr ettirish bilan shug'ullanmoqdalar.
Ingliz tili – dunyo bo'ylab keng tarqalgan va qamrovi, obro'-e'tibori tobora ortib borayotgan til. Bugungi kunda bu til BMTning yetakchi va asosiy ish tili hisoblanadi. U dunyoning 34 mamlakatida – davlat tili, 53 mamlakatda rasmiy til maqomiga ega. Yer yuzida 1 milliard 800 million kishi shu tilda gapiradi, ulardan 400 million nafari uchun ingliz tili ona tilidir.
Ingliz tilining lug'at tarkibi jahon tillari orasida eng boy sanaladi, ya'ni ayni paytda 1,5 millionta so'zdan iborat. Ingliz tilshunoslarining monitoringi natijalariga qaraganda, bu tilning lug'at tarkibi har yili o'rtacha 25 ming so'zga boyib bormoqda.
Shu ma'noda, Abdulla Oripovning ijod maktabidagi singari milliy adabiy asarlarni ingliz tiliga tarjima qilish ishlarini izchil davom ettirish va yanada kengaytirish lozim, deb o'ylaymiz. Buning uchun, albatta, har tomonlama rag'bat va ko'mak taqozo etiladi.
Mazkur ijod maktablari faoliyatidan ozmi-ko'pmi xabardorligimizga tayangan holda, davlatimiz rahbarining Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishiga doir tashabbusini qo'llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, maktablarda «vazir soati», «tadbirkor va bankirlar sabog'i» kabi dars amaliyotlarini joriy qilish hamda ularda ijro organlari rahbarlari, salohiyatli tadbirkorlar, malakali bank xodimlari dars o'tishi bilan bog'liq talab ham nihoyatda hayotiydir.
Bundan tashqari, davlat rahbarining diniy ulamolarimiz ham maktablarda ma'rifat, bag'rikenglik, odob va axloq ilmlarini, Imom Buxoriy, Termiziy, Motrudiy, Naqshband kabi ulug' ajdodlarimiz ma'naviy merosini o'rgatishi maqsadga muvofiq, degan fikrlarini to'la ma'qullaymiz.
Zero, ulug' alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning: «Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik ko'zi bilan qaraydilar», degan so'zlari bejiz emas. Mashhur nemis shoiri va mutafakkiri Gyotening «Qonunlarni qancha ko'p va yaxshilab o'qisak, ularni buzishga vaqtimiz qolmaydi», degan fikri zamirida ham katta ma'no yashirin. Chunki, bilimli, o'qimishli odam madaniyatli bo'ladi. Madaniyatli odam qonunlarni buzmaydi, demak jamiyatda o'z-o'zidan jinoyatchilik kamayadi.
Bilimsiz kishilarning ko'ngli xurofotga moyil bo'lishi ham hayotda ko'p bor o'z isbotini topgan. Shu bois maktabning, ta'lim va tarbiyaning ahamiyati beqiyos.
Bolalarimizga chuqur va sifatli bilim berish bilan bir qatorda qonunlar va odob-axloqni, dinu diyonat va ma'naviyatni maktablardan boshlab puxta o'rgatish juda muhim.
Binobarin, zamonlar silsilasi ulug' ajdodlarimiz bunyod etgan O'rta asrlar me'morchiligining g'aroyib namunalarini biz uchun saqlab keldi. Bugun hamyurtlarimiz va muqaddas diyorimizni ziyorat qilish istagida dunyoning turli hududlaridan kelayotgan millionlab sayyohlar muhtasham obidalarimizni har gal hayrat bilan tomosha qilmoqda.
Shu asnoda, albatta, muazzam me'moriy inshootlardagi betakror naqshu nigorlar bilan bir qatorda ko'hna devorlar, sarbaland peshtoqlar, qabrtoshlar va eshiklar sirtida asrlar osha saqlanib kelayotgan sirli va nafis tasviriy bitiklar kishi nigohini o'ziga beixtiyor jalb etadi. Bunday kezlarda aksariyat ziyoratchilarning xayolidan: “Bu bitiklar nimalar haqida sukut saqlamoqda, ularni bitgan ajdodlarimiz bizga qanday hikmatlarni yetkazmoqchi edi?”, degan savol o'tishi tabiiy.
O'zbekistonning qadimiy yodgorliklari, ayniqsa, me'moriy obidalar, shu jumladan, ulardagi ko'hna bitiklar necha asrlar davomida insonlarni bilimli va ilmu ma'rifatli bo'lishga chorlab keladi. Bunga bir yaqqol misol shuki, Samarqand shahridagi mashhur Registon ansambli tarkibiga kiradigan Mirzo Ulug'bek madrasasi peshtoqiga mana bu hikmat bitilgan: «Ilm zavol bilmas xazinadir».
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, kuni kecha Prezidentimiz “Tarbiya” fanini yaratish va o'qitish tashabbusi bilan chiqdi. Maktablardagi ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etib, «Milliy g'oya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuyg'usi» kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona «Tarbiya» fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi.
Biz bo'lajak yangi fanning asosini, birinchidan, o'zbek tilini bilish ustuvor vazifasi, ikkinchidan, xalq og'zaki ijodini chuqur o'rganish tashkil etishi lozim, degan fikrdamiz. Nega deganda, xalq og'zaki ijodi milliy g'oya va tarbiyaning ham asosidir.
Xalq og'zaki ijodida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat kabi xislatlarni o'zida jamlagan milliy dunyoqarashning asosiy unsurlari o'z mujassamini topgan.
Xalq og'zaki ijodi – milliy g'urur, or-nomus va qadr-qimmat, vafo va sadoqat, jasorat va matonat, olijanoblik va saxovatpeshalik, bag'rikenglik va halollik kabi fazilatlar sandig'i. O'zbek xalq og'zaki ijodi yodgorliklari – bizning ham tarixiy, ham ma'naviy, ham madaniy, ham huquqiy merosimizdir.
O'z navbatida, «Huquqiy tarbiya» mavzusi «Tarbiya» fanining uzviy qismi bo'lishi kerak, deb hisoblaymiz. Chunki butun dunyoda yuridik fan ijtimoiy-gumanitar fanlar orasida yetakchi o'rinni egallaydi. O'zbekistonda ham shunday yuksak mavqega erishilishini ta'minlash kerak.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, O'zbekiston ta'lim-tarbiya, ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo'lishi shart.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 01.09.2019
- Ko'rishlar: 9659
- Chop etish