BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ilm-fan, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda parlamentning roli
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo'lga qo'yish, bu masala bo'yicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozim”.
Darhaqiqat, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko'rsatkichlarga erishilishini Oliy Majlis tomonidan monitoring qilib borish juda muhim. Bu, o'z navbatida, "2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi"ning asosiy maqsadlariga erishish bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'liq.
2020 yil 1 iyuldan boshlab O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida davlat organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o'z faoliyati bo'yicha, shuningdek, Hukumat a'zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bu muhim vazifa «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturida belgilangan.
Davlat dasturi O'zbekistonni barqaror rivojlantirishning joriy strategik hujjati hisoblanadi va u BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha milliy ko'rsatkichlarga erishishga yo'naltirilgan. Davlat dasturida 287 ta normativ-huquqiy hujjatni, jumladan 37 ta qonun, 47 ta qonunosti hujjatni (shundan 29 tasi Prezident farmon va qarorlari, 18 tasi Vazirlar Mahkamasi qarori) qayta ishlash va qabul qilish ko'zda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi – mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi organi – jahon parlament hamjamiyatining to'la huquqli a'zosi hisoblanadi. Milliy palament vakillari Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament assambleyasi, MDH Parlamentlararo assambleyasi faoliyatida va boshqa xalqaro parlamentlararo forumlarda ishtirok etadi.
O'zbekiston parlamenti ushbu tashkilotlarning qarorlarini tayyorlash va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bunday yaqin amaliy hamkorlik orqali tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari masalalari bo'yicha parlamentlararo muloqot rivojiga o'z hissasini qo'shmoqda.
Parlamentimiz o'z ishida qonun ijodkorligi bilan bir qatorda, asosiy e'tiborni nazorat faoliyatiga, xususan parlament eshituvlarini amalga oshirish, byudjetni nazorat qilish,
“hukumat soati”, deputat so'rovi, shuningdek, saylovchilar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil qilish va fuqarolarning shikoyatlarini ko'rib chiqishga qaratayotir.
Xalq saylagan hokimiyat organlari – milliy parlament va mahalliy vakillik organlarining roli hamda ahamiyati keyingi davrda tubdan o'zgardi. Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga muvofiq Oliy Majlisning, siyosiy partiyalarning vakolatlari kengaytirildi.
Yurtimizda parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi organlari va huquqni himoya qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan parlamentga hamda mahalliy Kengashlarga hisobot va axborot taqdim etish tartibi joriy etildi.
Hukumat a'zolarining javobgarligini kuchaytirish bo'yicha qonunchilik choralari qabul qilingani alohida diqqatni tortadi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi a'zolari Bosh vazirning Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Parlament, shuningdek, tegishli yil bo'yicha Davlat dasturining amaliyotga tatbiq etilishini o'rganadi. Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining choraklik hisobotlarini ham ko'rib chiqadi.
Deputat va senatorlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo'yicha vaziyatni o'rganish hamda dolzarb muammolarni bartaraf etishda manzilli yordam ko'rsatish uchun muntazam ravishda hududlarga safar qilishadi. Bu kabi barcha chora-tadbirlar, shubhasiz, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g'oyani hayotga tatbiq etishga qaratillgan.
Zamonaviy sharoitda parlament faoliyatidagi yangiliklarni alohida qayd etish joiz. Xususan, qonun chiqarish jarayonida keng jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyotidan foydalanish hamda internet va “Mening fikrim” ijtimoiy tarmog'i orqali jamoat eshituvi mexanizmini amalda qo'llash qonun loyihalari sifatini yaxshilashga ko'maklashmoqda.
Mamlakatda inson huquqlarining holati, fuqaro huquqlarining alohida toifalarini ta'minlash bo'yicha “yo'l xaritasi”, inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish to'g'risidagi ma'ruzani parlament palatalari tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etildi. Bu ham parlament a'zolarining yangi O'zbekistondagi yangicha talablar bo'yicha ishlashi uchun muhim turtki bo'ldi.
Ma'lumki, Oliy Majlis palatalari BMTning shartnomaviy qo'mitalari hamda Inson huquqlari bo'yicha kengashining Universal davriy sharh doirasidagi tavsiyalari ijrosi yuzasidan milliy harakatlar dasturini (“yo'l xaritasi”ni) qabul qiladi. Bunday samarador tartib Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga javoban tatbiq etilgan.
Global maqsadlar sifatida ma'lum bo'lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari qashshoqlikni tugatish, sayyoramizni himoya qilish, shuningdek, barcha insonlar uchun tinchlik va farovonlikni ta'minlash bo'yicha harakat qilishga undaydigan chaqiriq hisoblanadi. Bu muhim xalqaro hujjat, ta'bir joiz bo'lsa, insoniylik va insonsevarlikdan bong uradigan “jahoniy qo'ng'iroq” demakdir.
Barqaror rivojlanish maqsadlari BMTga a'zo barcha mamlakatlar qatori O'zbekiston tomonidan ham 2015 yilning sentyabr` oyida qabul qilingan. U 2030 yilgacha bajarilishi kerak bo'lgan 17 maqsad va 169 ta vazifani o'z ichiga oladi. Hujjat ijrosi natijalari qariyb 200 ta mezon yordamida o'lchanadi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, parlament davlat va xalq o'rtasidagi munosabatlar barqarorligini ta'minlashda muhim rol` o'ynaydi. Parlament qo'mitalarining nazorat funktsiyasidan samarali foydalanish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Ushbu nazorat parlament a'zolariga qonunchilikni rivojlantirish, siyosatni amalga oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bog'liq barcha holatlarga xolis baho berish imkonini taqdim etadi.
Demokratik o'zgarishlar va mamlakat modernizatsiyasida yangi bosqichni boshlab bergan Harakatlar strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlarini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha asosiy “yo'l xaritasi” hisoblanadi.
2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha BMT kun tartibini amalga oshirish maqsadida O'zbekiston hukumati tomonidan xuddi shu davrga mo'ljallangan barqaror rivojlanishning milliy maqsad va vazifalari qabul qilindi. Bu hujjat barqaror rivojlanishning 16 ta milliy maqsadi va 127 vazifani o'z ichiga olgan.
Ushbu muhim vazifalar iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik yo'nalishlar bilan bevosita aloqadordir. Masalan, iqtisodiyot va hayot faoliyati sohasida 2030 yilgacha O'zbekistonda kam ta'minlanganlik darajasini sezilarli pasaytirish, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulot miqdorini sezilarli oshirish, shuningdek yoshlar o'rtasida ishsizlikni qisqartirish ko'zda tutilgan.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy indikatorlarini amalga oshirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi, “yo'l xaritasi” qabul qilindi. Hukumat a'zolari “parlament soati” va parlament eshituvlarida Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishi to'g'risida muntazam axborot berib bormoqda.
Hozirgi vaqtda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha O'zbekistonning Milliy ma'ruzasi tayyorlanmoqda. Milliy ma'ruza Oliy Majlis palatalariga hamda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga (EKOSOS) taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining “Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari” nomli qo'llanmasi o'zbek tilida nashr etildi va parlament a'zolariga tarqatildi.
Shunday qilib, Barqaror rivojlanish maqsadlari – bu barcha davlatlar uchun insonlarning farovonligini yaxshilash, atrof-muhitni va biologik xilma-xillikni asrash maqsadida jahondagi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni keng qamrovda yaxshilashga qaratilgan global chaqiriqdir.
Bu jarayonda nafaqat ijro etuvchi hokimiyatning faol ishtirok etishi, balki parlament ham ustuvor o'rin tutishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning asosiy sharti
hisoblanadi. Shuning uchun haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida Oliy Majlis uzoq muddatli Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning asosiy tashabbuskori sifatida maydonga chiqishi ham farz, ham qarzdir.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 27.04.2020
- Ko'rishlar: 4342
- Chop etish