30 iyulda Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan BMT ayni mavzuda e'lon qilgan va O'zbekistonning barcha hududlarida tashkil etilgan bir oylik marafon aktsiyasi nihoyasiga yetdi. Shu munosabat bilan Respublika “Istiqbolli Avlod” ijtimoiy-axborot markazi tomonidan yakuniy onlayn forum o'tkazildi.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Respublika “Istiqbolli Avlod” ijtimoiy-axborot markazi raisi Nodira Karimova, AQShning O'zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili elchi Alan Melttser, Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Zeynal Gadjiev va boshqalar ishtirok etdi.
Akademik A.Saidov o'z kirish so'zida dastlab 2013 yilda 30 iyul – BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e'lon qilingani haqida to'xtaldi. Bugungi kunda BMT va uning tuzilmalari, YeHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, boshqa tashkilotlar va davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta e'tibor qaratmoqda.
2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab qo'yilgan. Unda bolalar savdosi, odam savdosini, shuningdek, ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonliklarni to'la yo'q qilish lozimligi ko'rsatilgan.
Butun dunyo bo'ylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ham O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Shu bilan birga, odam savdosiga qarshi kurashish masalasi nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborotlari, ta'lim muassasalari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi.
Joriy yilning 25 iyun kuni odam savdosi xususidagi hisobot natijalarini taqdim etar ekan, AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo: "Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda hukumatlar xalqni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majbur qilishi uzoq tarixga ega. O'zbekistonning ushbu muammoni hal etish borasidagi sa'y-harakatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun yangi standartlarni o'rnatmoqda", deb ta'kidladi. M.Pompeo, shuningdek O'zbekistonda bu borada amalga oshirilgan ishlarga baho berish asnosida, odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan o'z tavsiyalarini bildirdi.
Bu haqda fikr yuritganda, 2020 yilda O'zbekistonning Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari kengayib borayotganini qayd
etish lozim. Jumladan, yaqin istiqbolda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, migrantlar huquqlariga qaratilgan mehnat migratsiyasini tartibga solish bo'yicha o'quv kurslarini tashkil etish, “Xalqaro migratsiya huquqi” bo'yicha o'quv moduli va qo'llanma tayyorlash borasida o'zaro hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan ham hamkorlik kengaymoqda. Nodavlat tashkilotlar odam savdosiga qarshi kurashish sohasida yanada faollashib bormoqda. Mazkur tadbirning tashkilotchilaridan biri “Istiqbolli avlod” nodavlat tashkiloti ekani ham buning yaqqol tasdig'idir.
Anjuman yakunida pandemiya sharoitida “Odam savdosiga qarshi hamkorlikda 30 kun” marafon aktsiyasi samarali amalga oshirilishida mazkur NNT, shuningdek mamlakatdagi boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faol sa'y-harakatlari alohida diqqatga loyiq ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, odam savdosi va majburiy mehnatni butunlay yo'qotish borasida hali ko'p ishlar qilinishi lozimligiga e'tibor qaratildi. Bu yo'lda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.
Mazkur sohada savodhonlikni yanada oshirish va unga yangi axborot texnologiyalarini jalb etish maqsadida hozirgi paytda Markazda “Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha elektron o'quv kursi” ishlab chiqilayotgani tadbir ishtirokchilarida qiziqish uyg'otdi. Bu yo'nalishda yaqin hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2020
- Ko'rishlar: 4039
- Chop etish