2020 yil 18 dekabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganligining 20 yilligi doirasida "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" to'g'risidagi BMT xavfsizlik kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasidagi eng yaxshi amaliyotlar" mavzusida onlayn davra suhbati bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasining gender tengligini ta'minlash komissiyasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kotibiyati (Vena), YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan tashkil etildi.
Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva so'zga chiqib, BMT xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha ishlab chiqilayotgan Milliy harakat rejasi muhimligini ta'kidlab o'tdi. Senat raisi T.Narbaevaning so'zlariga ko'ra, "O'zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida xotin-qizlarning ishtirokini faol ilgari surish respublika hukumatining asosiy vazifasidir". O'zbekiston rahbariyati tomonidan so'nggi paytlarda mamlakatimizni yanada rivojlantirishning hayotiy muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning rolini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan qator qarorlar ishtirokchilarning diqqat e'tiborini tortdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy va davlat qurilishidagi ishtirokini oshirish, gender tengligini ta'minlash va xotin-qizlarning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. Shuningdek, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” bo'yicha milliy harakatlar rejasi loyihasi gender siyosatini yanada samarali amalga oshirish va eng yaxshi natijalarga erishishga intiladigan ustuvor sohalarni belgilaydi.
"Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" to'g'risidagi BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bundan 20 yil oldin 2000 yil 31 oktyabrda birinchi marta ayollarning mojarolarni oldini olish, hal qilish va tinchlik o'rnatishda muhim ishtirokisiz mustahkam dunyoga erisha olmasligi tan olingan holda qabul qilingan edi. Ushbu asosiy qaror ayollarning barcha tinchlik va xavfsizlik tashabbuslarida gender masalalarini amalga oshirish bilan bir qatorda to'liq va teng ishtirok etishga chaqiradi.
Ushbu rezolyutsiya ayollarni mojarolarni hal qilish bo'yicha tinchlik muzokaralarida ko'proq ishtirok etishga, shuningdek, xalqaro va milliy darajadagi yetakchilik lavozimlarida ayollar sonining ko'payishiga ko'proq jalb qilishni talab qiladi.
O'tgan 20 yil mobaynida BMTning 193 davlatidan 86 ta davlatda rezolyutsiyani amalga oshirish bo'yicha "Harakatlar rejasi" ishlab chiqildi. Ushbu davra suhbati davlatlarning eng yaxshi amaliyotlarini o'rganishga bag'ishlandi.
Tadbirda davomida xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha milliy harakat rejalarini amalga oshirish va monitoring qilishning xorijiy tajribasi haqida ma'lumot berildi.
Xususan, Irlandiya tashqi ishlar va savdo vazirligining ixtiloflarni oldini olish boshqarmasi direktori, elchi Aine Herns davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish uchun birgalikda mas'uldirlar va endi 1325 (2000) rezolyutsiyasini va ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha barcha keyingi rezolyutsiyalarni har tomonlama amalga oshirishga intilishlari kerakligi to'g'risida ta'kidlab o'tdi.
Albaniya hukumatining ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha mutaxassisi Eralda Kani "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibidagi barcha tarafdorlari uchun milliy qonunchilikka o'zgartirish kiritish va siyosiy o'zgarishlar tufayli orqaga chekinishga yo'l qo'ymaslik uchun kuchli va qat'iy majburiyatlarni o'rnatish, bu masalalarga doimiy e'tibor berish va ularni qat'iy e'tirof etish joizligini qayd etdi..
Gruziyada pandemiya ta'siriga qaramasdan, mamlakatning ijtimoiy hayotining barcha sohalarida gender tengligini ta'minlashga ko'maklashish, shuningdek, tinchlik muzokaralarida ayollarning ishtirokini kengaytirish davom etmoqda. Gruziyaning ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha kun tartibini amalga oshirish bo'yicha uchinchi milliy xarakatlar rejasi (2018-2020 yillarga mo'ljallangan), xususan, ayollarning ishonch va yarashuvni mustahkamlash jarayonlarida ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.
BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha O'zbekiston Milliy harakatlar rejasi loyihasi quyidagilarni o'z ichiga oladi:
* Tinchlik va xavfsizlikni rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash jarayonlarida ayollarning ishtirokini rag'batlantirish;
* "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" mavzuida bilimlarni chuqurlashtirish va tarqatish va xabardorlikni oshirish;
* Favqulodda vaziyatlarda ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish;
* BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining ishtirokini rag'batlantirish.
Anjuman ishtirokchilari kun taribidagi mavzuni qizg'in muhokama qilib, o'z amaliy taklif va tavsiyalarini ilgari surdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.12.2020
- Ko'rishlar: 3817
- Chop etish