Milliy markazda Konrad Adenauer nomidagi fond vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo'ldi

23 sentyabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Konrad Adenauer nomidagi fondning O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne bilan uchrashdi.

R.Xayne uchrashuv uchun minnatdorchilik izhor qilar ekan, Fond bilan Markaz o'rtasidagi ko'p yillik hamkorlikning  samaradorligini alohida e'tirof etdi. Jumladan, mehmon ta'kidlaganidek, "Fond uchun inson huquqlari ustuvor ahamiyat kasb etadi, O'zbekistonda keyingi  yillarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar esa jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanmoqda".

Germaniyalik ekspert fikricha, O'zbekiston Hukumatining COVID-19 tarqalishi oldini olish va ushbu falokatdan mamlakat fuqarolari himoyasini ta'minlash borasidagi amaliy ishlari muhim ahamiyatga ega. Shunday ta'sirchan amaliy choralar tufayli Fond vakolatxonasi xodimlari ham Germaniyaga ketib qolmasdan, shu yerda o'z faoliyatini bexavf va bexavotir davom ettirmoqda.

Muloqot davomida A.Saidov inson huquqlarini himoya qilish sohasining asosiy yo'nalishlari haqida atroflicha axborot berdi. Jumladan, 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanish uchun O'zbekiston nomzodini ilgari surishga doir ishlarning holati bilan mehmonni tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini, jumladan, mamlakat mintaqalarida birgalikda turkum tadbirlar o'tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech