Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Universal davriy hisobot bo'limi boshlig'i Janni Magazenidan minnatdorchilik maktubi keldi.
Xatda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining namoyandasi, jumladan, "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda inson huquqlarini muntazam ravishda himoya qilib va qo'llab-quvvatlab kelayotganligini olqishlayman", deb qayd etgan.
Janni Magazeni, shuningdek 2020 yil 10 iyun kuni Toshkentda bo'lib o'tgan “BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzuidagi xalqaro parlament forumida ishtirok etganini eslagan. Mazkur anjumandagi ma'ruzasi Milliy markaz hammuassisligida nashr etiladigan "Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari" jurnalining 2020 yil 3-sonida chop etilgani hamda jurnalning mualliflik nusxasi qo'liga yetib borgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Ma'lumot uchun: Janni Magazenining ushbu maqolasi ingliz tilida e'lon qilingan. Maqola "Inson huquqlarini himoya qilishning ustav va shartnomaviy vositalari tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha keyingi harakatlar samaradorligini oshirish mexanizmlari" deb nomlangan.
Bundan tashqari, mazkur xalqaro anjuman ma'ruzachilarining fikrlari bilan Milliy markaz rasmiy saytida (insonhuquqlari.uz) o'zbek, rus va ingliz tillarida berilgan axborotlar, shuningdek "Xalq so'zi" gazetasining 2020 yil 12 iyun sonida "So'z — anjuman ishtirokchilariga" ruknida e'lon qilingan "Oliy Majlis faoliyati qaysi jihati bilan boshqa davlatlar parlamentlariga namuna bo'ladi?" sarlavhali material orqali tanishish mumkin. "Narodnoe slovo" gazetasining xuddi o'sha kungi sonidagi "Oliy Majlis slujit primerom dlya zakonodatel`nix organov" nomli materialda ushbu ma'lumotlarning ruscha matni havola qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.11.2020
- Ko'rishlar: 3952
- Chop etish