O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida yana bir muhim natijaga erishildi. 2020 yil 15 oktyabrda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun qabul qilindi.
Yangi Qonun nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo'lgan shaxslar, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar istiqomat qilishi e'tiborga olinsa, mazkur Qonunning dolzarbligi va ahamiyati yaqqol namoyon bo'ladi.
BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek “nogiron” so'zi o'rniga “nogironligi bo'lgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlari to'g'risida”gi qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi, deyiladi senat.uz sayti xabarida.
“Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi hozirda amalda bo'lgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratmoqda.
Qonun 2021 yil 17 yanvardan kuchga kiradi. Hujjat 2008 yilda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida»gi qonunning o'rnini bosadi.
Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi. Xususan, endilikda murojaat qiluvchi 10 kalendar` kunida xulosani oladi.
Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi bo'lgan shaxslar ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo'lgan ehtiyojlari qondiriladi.
Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo'lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o'rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta'lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko'zda tutiladi.
Kasb-hunarga o'rgatish, kollej va texnikumlarda ta'lim olishlari davlat hisobidan ta'minlanadi. Oliy ta'limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.
Mahalliy hokimliklar nogironligi bo'lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas'ul bo'ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog'ida yordam olish, xususan, uyida va yashash joyida xizmatlar ko'rsatilishi huquqi ta'minlanadi.
Davlat nogironligi bo'lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo'llab-quvvatlaydi.
Mazkur Qonunni ishlab chiqishda BMTning “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konventsiya” qoidalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Belarus`, Ukraina, Ozarbayjon, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Shveytsariya kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlariga oid qonunlari o'rganilgan.
Ma'lumot uchun: Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu o'rinda 20 ta yangi qonun loyihalari, mavjud qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha 4 ta qonun loyihasi va amaldagi 9 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihalari haqida so'z bormoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.10.2020
- Ko'rishlar: 4292
- Chop etish