Jazoni ijro etish muassasalarida monitoring o`tkazish

2021 yilning 29 yanvar kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Ezgulik” jamiyati, “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti vakillaridan iborat ekspert guruhi tarkibida Toshkent viloyatidagi 13- va 7-sonli jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari uyushtirildi.

Monitoring o'tkazish maqsadi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o'tayotgan mahkumlarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan ta'minlanishi, mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni hamda muassasalarda sanitariya-gigiena talablariga rioya etish holatlarini o'rganish.

Muassasada jazo muddatini o'tayotgan bir turkum mahkumlar bilan uchrashib, suhbat o'tkazildi. Uchrashuvda bir necha nafar mahkumlarning murojaatlari alohida tinglanib qiziqtirgan savollariga javoblar hamda qonunchilik talablari bo'yicha tushuntirish, maslahatlar berildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yildagi PQ-4056 son Qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq Milliy markaz jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha faoliyat amaliyotini joylarda bevosita o'rganish huquqiga ega.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning 2020 yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga yo'llagan murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda jazoni o'tash muassasalariga “monitoring tashriflari” o'tkazish rejalashtirilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi

Powered by GSpeech