O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi tomonidan chop etilgan “O'zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik majmuasi 15 jildining taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi.
Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag'ishlab o'tkazilayotgan kitob taqdimotida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas'ul xodimi Salim Ashur, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, akademik To'ra Mirzaev va boshqalar mustaqillik yillarida yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylashga, rivojlantirishga bo'layotgan jiddiy e'tibor va buning samaralari haqida gapirdi.
– Konstitutsiyamizning 49-moddasida “Fuqarolar O'zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir” degan qoida
mustahkamlangan, deydi – A.Saidov. – Bugun Asosiy qonunimizning ana shu normasi ijrosi doirasida yana bir amaliy ishga qo'l urildi. Ya'ni, “O'zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildlik kitoblar turkumining dastlabki 15 jildi nashr etildi.
O'zbek xalq ijodi yodgorliklari – bizning ham tarixiy, ham ma'naviy, ham madaniy, ham huquqiy merosimizdir. Xalq ijodi o'zi nima?
• Xalqning badiiy, ijodiy-amaliy va havaskorlik faoliyati;
• xalq og'zaki badiiy ijodi (fol`klor);
• xalq musiqasi (musiqa fol`klori);
• xalq teatri (tomosha san'ati);
• xalq o'yinlari (raqs);
• qo'g'irchoqbozlik;
• dor va yog'och oyoq o'yinlari (xalq sirki);
• xalq tasviriy va amaliy bezak san'ati;
• texnikaviy va badiiy havaskorlik ijodiyot turlari – shularning barchasi “xalq ijodi” degan ixcham iborada o'z mujassamini topgan.
Ushbu an'anaviy ta'rifga men xalq huquq ijodkorligini qo'shgan bo'lur edim. Menga qolsa, qadimdan xalqimizga xos bo'lgan odat huquqini ham xalq ijodi namunalari qatorida sanagan bo'lardim.
Nima uchun? Chunki xalq ijodkorligining mahsuli bo'lmish odat huquqi normalari dastavval xalq og'zaki ijodi sifatida yuzaga kelgan. Odat huquqi – og'zaki huquqdir.
Odat huquqi — jamiyatda uzoq vaqt amal qilinaverib, uning a'zolari uchun o'rganish bo'lib ketgan va davlat tomonidan ruxsat etilgan, lekin qonunlashtirilmagan tartib-qoidalar (odatlar) majmui hisoblanadi.
Odat huquqi normalari ijtimoiy normalardan biri bo'lib (ijtimoiy normalarga, shuningdek, huquqiy normalar, axloqiy, diniy normalar ham kiradi), kishilar hayotida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarning aksar
qismini tartibga soladi.
Odat huquqi o'zining 2 jihati bilan, ya'ni xalqning huquqiy ongi, huquqiy mafkurasi bilan chambarchas bog'liqligi; xalq orasida doimiy takrorlanib turuvchi, ammo yozilmagan, avloddan-avlodga meros bo'lib o'tuvchi jamiyatning asl qonun-qoidalari ila hamohangligi bilan e'tiborlidir.
Odat huquqi normalari ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an'analar shaklida namoyon bo'ladi. Hozirgi kunda odat huquqi normalari huquqning alohida bir manbai sifatida e'tirof etilmoqda.
Yanada aniq va tushunarli qilib ifodalaydigan bo'lsak, odat huquqi normalari bilan xalq og'zaki ijodi yodgorliklari o'rtasidagi o'zaro bog'liqliklar quyidagilarda ko'rinadi:
Birinchidan, odat huquqi normalari ham, xalq og'zaki ijodi yodgorliklari ham asrlar davomida bevosita xalq tomonidan yaratilgan.
Ikkinchidan, odat huquqi normalari ham, xalq og'zaki ijodi yodgorliklari, xususan, fol`klor namunalari ham og'zaki shaklda mavjud bo'lgan.
Uchinchidan, odat huquqi normalari yozma shakllantirilishi natijasida qonun normalari vujudga keladi. O'z navbatida, xalq og'zaki badiiy ijodiga tayanib yaratilgan yozma ijod namunalari milliy adabiyotni, milliy adabiyotlar esa jahon adabiyotini o'zida namoyon etadi.
Shu ma'noda, bugun mamlakatimizda boy va qadimiy merosimizni avaylab asrash yo'lida yana bir muhim qadam qo'yildi. Ma'naviy hayotimizda katta xayrli ishga qo'l urilib, “O'zbek xalq ijodi yodgorliklari”
turkumidagi 100 jildlikni jadal nashr etishga kirishildi.
Bu muhim voqea, bir tomondan, milliy madaniyatimiz uchun noyob hodisa sifatida har qancha e'tiboru e'tirofga loyiq. Ikkinchi tomondan, bu jahon ma'naviy xazinasini boyitish yo'lida qo'yilgan munosib va qutlug' qadamdir. Chunki, bunday ulkan nashrlarning chop etilishi xalqaro miqyosda olganda ham hadeganda kuzatilavermaydi.
Mendagi ma'lumotlarga qaraganda, 100 tomlikning 59 kitobi dostonlardan tarkib topib, shundan 24 tasini “Go'ro'g'li” turkumi tashkil etadi. O'n jildi xalq qo'shiqlari, o'n ikki jildi ertaklardan iborat bo'ladi.
Termalar, afsona va rivoyatlar, naqllar, latifalar, olqish va qarg'ishlar, bolalar o'yinlari, topishmoqlar, maqollar, askiya va loflar, og'zaki drama (qo'g'irchoq o'yin) alohida-alohida jildlarga jamlangan
holda chop etiladi.
Mana shuning o'zi ham fol`klor merosimizning nafaqat hajmi juda ulkanligidan, balki ma'no-mazmuni teran, ayni chog'da janri bo'yicha ham rang-barang ekanidan dalolat beradi.
Ming yillar mobaynida yaratilgan bu bebaho xazina yana necha-necha avlod o'quvchilariga xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor qo'yilgani har qanday tahsinga sazovordir.
O'tmishda ota-bobolarimiz, buvijonu onajonlarimizdan eshitgan sehrli ertaklar, ayniqsa, xalqimizning tarixi, buguni va kelajagini o'zida mujassam etgan “Alpomish”, “Go'ro'g'li”, “Rustamxon”, “Kuntug'mish” qanchadan-qancha muhtasham dostonlarimizni endi bolalarimiz, nevarayu evaralarimiz ham emin-erkin mutolaa qilish imkoniga ega bo'lmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz “Tarbiya” fanini yaratish va o'qitish tashabbusi bilan chiqdilar. Bo'lajak yangi fanning asosini xalq og'zaki ijodi tashkil etishi lozim. Nega deganda, xalq og'zaki ijodi milliy g'oya va tarbiyaning ham asosidir.
Xalq ijodida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat kabi xislatlarni o'zida jamlagan milliy dunyoqarashning asosiy unsurlari o'z mujassamini topgan.
Xalq ijodi – milliy g'urur, or-nomus va qadr-qimmat, vafo va sadoqat, jasorat va matonat, olijanoblik va saxovatpeshalik, bag'rikenglik va halollik kabi fazilatlar sandig'idir.
Shu o'rinda bir taklif: yurtimiz bo'ylab o'tkazilayotgan kitobxonlik tanlovlaridan birini xalq ijodi yodgorliklari bo'yicha bilimlar sinoviga bag'ishlash lozim, deb o'ylayman.
Fursatdan foydalanib, o'zbek xalqi og'zaki badiiy ijodi asarlarini to'plash va ilmiy o'rganish, nashr etish va keng targ'ib etishdek g'oyatda savobli ishlarga o'z hissasini qo'shgan va qo'shayotgan olimu adiblarimiz, muharriru noshirlarimiz, ishboshi-yu mutasaddilar – barcha-barcha ezgu niyatli insonlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman, dedi pirovardida A.Saidov.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.08.2019
- Ko'rishlar: 6502
- Chop etish