27 mayda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo'yicha komissiyasi O'zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Yoshlar va parlament” mavzuida yig'ilish o'tkazdi, deb xabar berdi parliament.gov.uz sayti.
Videokonferentsiya tarzida tashkil etilgan yig'ilishda deputatlar, senatorlar, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi mutasaddilari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, barcha siyosiy partiyalarning Yoshlar qanoti rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov boshqargan ushbu tadbirda Prezidentimizning 2017 yil 19 sentyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida yoshlar masalasiga alohida urg'u berilgani, natijada yoshlar hamda BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasi kabi masalalar bo'yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangani qayd etildi.
Ma'lumki, jahon parlamentlarida 30 yoshgacha bo'lgan deputatlar 2 foizdan sal ko'proqni tashkil qiladi. Dunyo miqyosida 30 yoshgacha bo'lgan deputatlar 2016 yilda 1,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2019 yilga kelib bor yo'g'i 2,2 foizga yetgan.
Parlamentlar yuqori palatalarining 76 foizida 30 yoshgacha bo'lgan deputat yoki Senat a'zolari umuman mavjud emas. 2016 yildan bugungi kunga qadar yosh erkak parlamentchilar soni yosh ayol parlamentchilarga nisbattan keskin o'sgan.
O'zbekistonda qizg'in siyosiy kurashlar ostida o'tgan saylovlar natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafarini, ya'ni 6 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Bu ko'rsatkich o'tgan chaqiriqqa nisbatan qariyb 3 foizga ko'pdir.
Yig'ilishda BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasi loyihasi haqida ham so'z yuritildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator davlat idoralari, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan tuzilgan ishchi guruhi Konventsiyaning kontseptsiyasi va loyihasini ishlab chiqqani
ta'kidlandi.
Loyihani yanada takomillashtirish uchun takliflar olish maqsadida uning matni bir qator davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasiga yuborilgan. Kelib tushgan taklif va tavsiyalar asosida Konventsiya loyihasi maromiga yetkazilgan. Ayni vaqtda ushbu hujjat keng xalqaro muhokamaga taqdim etilgan.
Bugungi kunda Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilmoqda. So'zga chiqqanlar ushbu tuzilmaning maqsadlari, vazifalari haqida to'xtaldilar.
Mazkur parlament yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish, ularni siyosiy faol qatlamga aylantirish kabi dolzarb vazifalar bilan shug'ullanishi lozim.
Xorijiy mamlakatlarning bu boradagi ilg'or tajribasi tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi asosiy ishtirokini ta'minlashda yoshlar parlamentini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.05.2020
- Ko'rishlar: 4495
- Chop etish