O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va unga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o'zbek modeli shakllandi.
Hozirgi paytda O'zbekiston inson huquqlari sohasida 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakul`tativ protokoliga qo'shilgan va ularning bajarilishi yuzasidan milliy ma'ruzalar BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda shartnomaviy qo'mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga asosan O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to'g'risida axborot tayyorlash belgilangan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Yangi O'zbekiston va inson huquqlari” mavzusida mazkur axborot tayyorlandi. Axborotda inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi borishi to'g'risidagi ma'lumotlar qamrab olingan.
Jumladan, axborotda 2018-2019 yillarda insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish hamda inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, O'zbekistonning xalqaro maydondagi inson huquqlari bo'yicha tashabbuslari, inson huquqlariga doir xalqaro shartnomalar qoidalari bajarilishi borasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari yoritilgan.
O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar majmui, Fuqarolarning huquq va erkinlarini himoya qilishni ta'minlash uchun yaratilgan qonunchilik va institutsial asoslari, inson huquqlariga rioya qilinishini monitoring qilish tizimi shakllanganligi, xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar raqam va faktlar asosida sarhisob qilingan.
Shuningdek, axborotda inson va fuqarolarning ishonchli himoyasini ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi inson huquqlari bo'yicha xalqaro hujjatlar talablarini milliy qonunchilikka joriy qilish sohasidagi tizimli muammolar ko'rsatib o'tilib, kelgusida ularni hal qilish yo'llari taklif qilinadi. Shu jumladan, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini qabul qilish, xaliaro va mintaiaviy tashkilotlar tavsiyalari asosida inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha qonunchilik tizimini takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi ta'limni rivojlantirish va boshqa takliflar o'rin olgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 21.04.2020
- Ko'rishlar: 6138
- Chop etish