Islomobodda Milliy kiber jinoyatlarni tergov qilish agentligi (NCCIA) sobiq ayol tanishini o‘ldirish bilan tahdid qilgan va sun’iy intellekt hamda raqamli platforma orqali qotillik usullarini izlagan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda “Associated Press of Pakistan” nashri xabar berdi.
Tergov idorasi vakili ma’lum qilishicha, rasmiy surishtiruvdan so‘ng raqamli texnologiyani suiste’mol qilish va tahdid solish fakti bo‘yicha tegishli tartibda ish olib borilmoqda.
Birinchi axborot hisobotida (FIR) gumonlanuvchi SIdan jinoyat sodir etish yo‘li va usuli haqida ma’lumot olishga uringani qayd etilgan. Agentlik vakillari ayblov yuzasidan surishtiruv davom etayotgani, tafsilot qonuniy tartibda aniqlanishini bildirdi.
Ushbu voqea SI va raqamli aloqa vositalaridan tahdid qilish, qo‘rqitish va boshqa noqonuniy maqsadda foydalanish bilan bog‘liq jiddiy xavotir keltirib chiqardi. Shu munosabat bilan NCCIA raqamli texnologiyani mas’uliyat bilan qo‘llash zarurligi, bunday qurilmalardan insonga tahdid solish, vahima tarqatish yoki jinoiy harakatni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish mutlaqo mumkin emasligini ta’kidlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA
