Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Nogironligi boʻlgan xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash: Oʻzbekiston tajribasi va parlament tashabbuslari

Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida Parlament ayol aʼzolari forumi boʻlib oʻtdi. Forumda 120ga yaqin parlament aʼzolari qatnashdi. Tadbir doirasida "Barcha uchun inklyuziv ijtimoiy rivojlanish: nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha parlament strategiyalari" mavzusidagi rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva maʼruza bilan ishtirok etdi va mamlakatimizning nogironligi boʻlgan ayollar hamda qizlarning huquqlarini taʼminlash, ularni zoʻravonlikdan himoya qilish, shuningdek, xotin-qizlarning taʼlim olishi, mehnat qilishi va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash va xotin-qizlarni zoʻravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlangani qayd etildi. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari amalda taʼminlanayotganiga, oilaviy zoʻravonlik uchun javobgarlik belgilanganiga, jabrlanganlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatish mexanizmlari joriy etilganiga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati Raisi rezolyutsiya loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator amaliy takliflarni bildirdi.

Parlamentlarda qonun loyihalarini nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlari nuqtayi nazaridan majburiy ekspertizadan oʻtkazish tartibini joriy etish, nogironligi boʻlgan xotin-qizlar va qizlar duch kelayotgan toʻsiqlarni alohida baholash hamda qarorlar qabul qilish jarayoniga ularning oʻzini bevosita jalb etish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, qabul qilingan qonunlarning ijrosi ustidan doimiy va taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash, nazorat tadbirlariga nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa, xotin-qizlar hamda ularning huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi tashkilotlarni keng jalb qilish taklif etildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining takliflari rezolyutsiya loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olinadi hamda keyingi muhokama uchun Parlamentlararo ittifoqning Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha doimiy qoʻmitasiga taqdim etiladi.

Parlamentlararo ittifoq  Parlament ayol aʼzolari  byurosi prezidenti Sintiya Lopes Kastro 2022-yil sentyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoq parlamentlar ayol rahbarlarining 14-sammitining amaliy ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Uning fikricha, mazkur sammit gender tenglikni taʼminlash, ayollarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini mustahkamlashga, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarga munosib hissa qoʻshgan.

Forum yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, oʻzaro tajriba almashish va inklyuziv jamiyat barpo etishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Nashr sanasi 06.10.2026 Ko'rishlar 56
Ulashish