Brayl alifbosidagi yangi nashr: “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”

Kuni kecha “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun matni Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi. Yangi nashr ikki muhim sana, ya'ni 8 dekabr – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuniga munosib sovg'a bo'ldi.

Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi. Bu ezgu ishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi.

Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish qonun hujjatlarida mustahkamlangan va davlat himoyasidadir. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, keyingi yillarda kam ta'minlangan, nogironligi bo'lgan insonlar, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi.

Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida yangi O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va teng huquqlarini kafolatlaydigan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi.

“Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining asosiy qoidalarini amalga oshirish sohasida zamonaviy uslublar va xalqaro standartlarni joriy etishga yordam beradi.

Shu ma'noda, Brayl alifbosida chop etilgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida” rasmiy nashri yurtimizdagi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilishiga aminmiz.

Chunki ushbu nashr sahifalaridan joy olgan yangi Qonun nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mamlakat hayotining barcha jabhalarida nogironligi kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa a'zolari bilan teng ravishda ishtirok etishda katta imkoniyatlar yaratadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech