Mamlakatimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimi yanada jadallashmoqda.
BMT Turizm tashkiloti (UN Tourism)ning “World Tourism Barometer” tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston xalqaro turistlar oqimi o‘sishi bo‘yicha Yevropa yo‘nalishlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonga kelgan xalqaro turistlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich jahon va Yevropa turizm bozoridagi umumiy o‘sish sur’atlaridan sezilarli darajada yuqori.
Xususan, hisobot davrida dunyo bo‘ylab qariyb 690 million nafar xalqaro turist qayd etilgan. Jahon miqyosida turistlar oqimi 0,4 foizga, Yevropada esa 3 foizga o‘sgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi 25 foizlik o‘sish mamlakatga sayyohlar qiziqishi sezilarli darajada ortib borayotganini ko‘rsatadi. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga 6,6 milliondan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi.
Turistlar oqimining ortishiga bir qator omillar ta’sir qilmoqda. Jumladan, transport aloqalarining kengayishi, mamlakatga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, yangi turistik mahsulotlarning yaratilishi hamda O‘zbekistonning xalqaro turizm bozorida faol targ‘ib etilishi muhim omillar sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda mamlakatning turistik salohiyati nafaqat tarixiy shaharlar va madaniy meros ob’ektlari, balki tog‘, ekoturizm, qishloq turizmi, gastronomik va boshqa yo‘nalishlar orqali ham kengayib bormoqda. UN Tourism ham qishloq turizmi, barqarorlik, mahalliy hamjamiyatlar va madaniy merosni turizmni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatadi.
Turistlar oqimining yuqori sur’atlarda o‘sishi O‘zbekistonning 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish maqsadi uchun muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Eng muhimi, bu raqamlar O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi ishtirokini kengaytirish bilan birga, sayyohlik sohasi bilan bog‘liq xizmatlar, mehmonxona va umumiy ovqatlanish tarmoqlari, transport, hunarmandchilik hamda mahalliy tadbirkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shu tariqa, 2026-yilning birinchi yarmida qayd etilgan 25 foizlik o‘sish O‘zbekiston turizmidagi ijobiy dinamikaning yana bir muhim ko‘rsatkichi bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
