Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Unda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sud-huquq tizimi, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati institutlari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya odam savdosiga qarshi kurashish sohasida erishilgan natijalarni tahlil qilish, global tahdidlarni muhokama etish hamda milliy va mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan muhim xalqaro muloqot maydoniga aylandi. Anjumanda odam savdosining zamonaviy tahdidlari, xususan, raqamli texnologiyalar, onlayn yollash platformalari, firibgarlik sxemalari hamda transmilliy jinoiy tarmoqlar faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan yangi xavflarga e’tibor qaratildi.
Joriy yilda Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan e’lon qilingan global mavzu – “Firibgarlik tuzog‘ida qolganlar” doirasida raqamli makonda ekspluatatsiyaning oldini olish, profilaktika choralarini kuchaytirish va xavflarni barvaqt bartaraf etish masalalariga ham urg‘u berildi.
Konferensiyani ochar ekan, Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Yangi O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va munosib mehnatni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda odam savdosi faqat jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi emas, balki inson huquqlari, mehnat munosabatlari, migratsiya, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy himoya bilan uzviy bog‘liq murakkab global tahdiddir.
“Odam savdosiga qarshi kurashdagi eng katta yutuq – jabrlanganlarni qutqarish emas, balki yangi jabrlanuvchilarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, – dedi Tanzila Narbayeva.
Shuningdek, profilaktik yondashuvlarni kuchaytirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, munosib mehnat va ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish odam savdosining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Greyning fikricha, “odam savdosi har qachongidan ham tezroq o‘zgarmoqda. Jinoiy tarmoqlar raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda, ularning transmilliy xususiyati va murakkabligi ortib bormoqda. Shu bois javob choralari ham nafaqat tergov va jabrlanuvchilarni himoya qilish, balki ekspluatatsiya sodir bo‘lishidan oldin uning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuvlarni qamrab olishi lozim”.
Ta’kidlanganidek, kuni kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan kompleks qamrab olishning mutlaqo yangi tizimini joriy etmoqda.
Tadbir davomida uchta tematik sessiyada raqamli tahdidlar va ekspluatatsiyaning yangi shakllarining oldini olish, odam savdosidan jabrlanganlarni erta aniqlash, identifikatsiya qilish va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish, qayta yo‘naltirish hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokama chog‘ida odam savdosiga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qilish yoki jinoiy ta’qib bilan cheklanmasdan, profilaktika, ijtimoiy himoya, mehnat, migratsiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muvofiqlashtirilgan davlat siyosatiga tayanishi lozimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlari odam savdosining oldini olish va jabrlanganlarni himoya qilishning eng muhim sharti ekanini qayd etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari vakillari odam savdosidan jabrlanganlar hamda xavf guruhiga kiruvchi migrantlarni himoya qilish, ularga yordam ko‘rsatish hamda transchegaraviy hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida jabrlanganlarni transchegaraviy yo‘naltirish mexanizmlarini takomillashtirish, vakolatli organlar o‘rtasida tezkor axborot almashuvini kuchaytirish, mutaxassislar uchun qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda parlamentlararo muloqotni tizimli rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Anjuman yakunida odam savdosining oldini olish hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi kommunike qabul qilindi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
