Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A. Saidovning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Muloqot chog'ida qayd etilganidek, bugungi kunda O'zbekiston bilan DIIHB o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Binobarin, YEXHT oldida turgan insoniylik mezonlari O'zbekiston parlamenti uchun ham ustuvor yo'nalishlardan sanaladi.
Muloqot chog'ida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A. Saidov parlament faoliyati haqida to'xtalib, qonunlarni qabul qilish va nazorat qilishda inson huquq va manfaatlari doimo ustuvorlik qilishini alohida ta'kidlab o'tdi. Ayniqsa, saylovlar to'g'risidagi, nohukumat tashkilotlar, gender tenglik to'g'risidagi qonunlarni qabul qilishda insoniylik mezonlariga tayanilishiga urg'u berildi.
Qonunchilik palatasining DIIHB bilan hamkorlik doirasidagi ishlarining muhim jihatlari haqida so'z yuritildi.
Uchrashuvda O'zbekistonda huquqiy eksperiment tajribasi keng tarqalgani, bu borada DIIHB Missiyasi tavsiyalarining MSK hujjatlariga kiritilayotgani, shuningdek, O'zbekistonda noyob tajriba — parlament tomonidan Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish bo'yicha milliy faoliyat dasturi ishlab chiqilayotgani haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
O'z navbatida, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi O'zbekistonning nafaqat davlat idoralari, balki notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlik olib borilayotganini qayd etdi.
— Saylovlarni o'tkazish bilan bog'liq masalalar haqiqatan juda dolzarb. Biz, albatta, Markaziy saylov komissiyasi bilan bu borada yaqindan ish olib boramiz, — dedi M. Mekachchi. — Shu yil may oyining oxirlariga kelib, biz tomondan maxsus alohida baholash missiya O'zbekistonga keladi. Vakillarimiz MSK tomonidan saylovga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlar o'tkazadi. Kuzatuv faoliyati doirasida ikkita maxsus yo'nalish bo'yicha ish olib boriladi. Birinchi yo'nalish — tashkiliy masalalar, ya'ni saylov jarayonini qanday tashkil etilayotgani, MSK mutaxassislarining saylovga tayyorgarligi bo'yicha tavsiyalar beradigan bo'lsa, ikkinchi masala bu — mazmuniy nuqtai nazardan beriladi. Ochig'ini aytish kerak, saylov deganda bir kun bo'lib o'tadigan ovoz berish jarayonini nazarda tutmaymiz, balki murakkab bo'lgan siyosiy jarayonni ko'zda tutamiz. Shu nuqtai nazardan, mamlakatning fuqarolari o'z siyosiy huquqlari, ya'ni ovoz berish huquqini qanday amalga oshirayotgani, bunday huquqni bajarish uchun qanday milliy qonunchilik tizimi yaratilgani kabi savollarga javob izlaymiz. Va, albatta, milliy qonunchilikni o'rganib chiqamiz. Tahlil qilish jarayonida inson huquqlari, fuqarolik hamda siyosiy huquqlarga alohida urg'u beramiz. Bu o'z tavsiyalarimizda ham aks etadi-ki, ular kelgusida saylov jarayonini haqqoniy tashkil etishga yordam beradi. Tashkilotning oldin bergan tavsiyalarini O'zbekiston tomonidan qabul qilinayotganidan mamnunmiz. Shunday hamkorlikni davom ettirishga doimo tayyormiz.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
Manba: parlaiment.gov.uz
- Qo'shildi: 30.04.2021
- Ko'rishlar: 3409
- Chop etish