O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Rossiya
Federatsiyasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova rahbarligidagi Ombudsman ofisi xodimlari bor.
17 may kuni O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kengashi raisi Valeriy Fadeev hamda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashdilar.
Muloqotlar asnosida migrantlar huquqlarini ta'minlash, ularga qo'shimcha qulayliklar yaratish borasida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yo'nalishlari belgilab olindi.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi migrantlarni vaqtincha saqlash markazi, shuningdek Saxarovo qishlog'ida joylashgan "Moskva ko'pfunktsiyali migratsiya markazi"da ham bo'ldilar.
Ushbu muassasalarda o'zaro hamkorlikda tashkil etilgan qabul jarayonida o'zbekistonlik 20 nafardan ortiq mehnat migrantining murojaatlari qabul qilindi. Yurtdoshlarimizga zarur hollarda ularning huquqlarini ta'minlash borasida huquqiy maslahatlar berildi.
Tashrifdan ko'zlangan maqsad – musofirchilikda o'zga yurtlarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz yashayotgan va ishlayotgan ob'ektlarga borib, ular bilan suhbatlashib, o'zbekistonliklarning yashash, ishlash va tibbiy xizmatdan foydalanish holatlarini o'rganishdan iborat, deyiladi ombudsman.uz sayti xabarida.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati qayd etishicha, Ombudsman F.Eshmatova Rossiyaga amaliy tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a'zolari" mavzusidagi O'zbekiston – Rossiya forumida ham ishtirok etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.05.2021
- Ko'rishlar: 3197
- Chop etish