Bugungi kunda insoniyat duch kelgan pandemiya, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "o'zining ko'lami va miqyosiga ko'ra, mislsiz global inqirozga, butun bashariyat taqdiri va jahon iqtisodiyoti uchun g'oyat jiddiy sinovga aylandi”.
AQShning Jons Xopkins universiteti ma'lumotlariga ko'ra, 2020 yilning 24 aprelida dunyoda 2,7 milliondan ortiq kishi koronavirusga chalingan, ulardan 191 ming nafarga yaqini vafot etgan. Koronavirus infektsiyasi deyarli barcha mamlakatlarda aniqlangan.
Ushbu xavotirli vaziyatdan kelib chiqib, quyidagi omillarni alohida ta'kidlash o'rinli deb o'ylayman.
Birinchi omil. Koronavirus infektsiyasining tarqalishi global pandemiyaga aylangani bois, unga qarshi kurashish uchun bir yoki bir necha davlatning sa'y-harakatlari yetarli bo'lmaydi. Pandemiya va uning dunyo hamjamiyatiga salbiy ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy ta'sirini kamaytirish uchun o'zaro muvofiqlashtirilgan, shu jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish dasturi doirasida mazkur fojiaga qarshi kurashda ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, innovatsion, texnologik va tibbiy salohiyatni jalb qilish kabi global yondashuvni shakllantirish zarur.
Aynan shu bois ushbu masalalar dunyo hamjamiyatining diqqat markazida turibdi. Ular koronavirusga qarshi kurash bo'yicha global, mintaqaviy va milliy chora-tadbirlar muhokamasiga bag'ishlangan deyarli barcha yirik xalqaro sammitlar va davlat rahbarlari uchrashuvlarining ham kun tartibida turibdi.
Xususan, BMT Bosh assambleyasi shu yilning 2 aprelida “2019 yildagi koronavirus kasalligi(COVID-19)ga qarshi kurashda global birdamlik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi esa shu yil 10 aprelda bo'lib o'tgan navbatdan tashqari sammitida Koronavirus infektsiyasi pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish masalalari bo'yicha Boku deklaratsiyasini qabul qildi.
Epidemiya boshlangandan beri SHHTga a'zo davlatlar rahbarlari, sog'liqni saqlash va jamoat xavfsizligi uchun mas'ul vazirliklar va idoralar rahbarlari darajasida muntazam aloqalar yo'lga qo'yildi. SHHTga a'zo davlatlar rahbarlarining 2018 yil 10 iyundagi (Sindao) "SHHT hududida epidemiyalar tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish to'g'risida"gi Bayonotini amalga oshirish bo'yicha qo'shma tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirliklari mutaxassislari ishtirokida bo'lib o'tgan yig'ilishda mavjud epidemiologik vaziyat tahlil etilib, COVID-19ga qarshi kurashda hamkorlik masalalari va koronavirus tashxisi qo'yilgan bemorlarni samarali davolash usullarini izlab topish kabi ko'plab masalalar muhokama qilindi. Bularning barchasi davlatlarning ushbu favqulodda vaziyatni birgalikda bartaraf etishda o'zaro yordam va hamkorlikka bo'lgan intilishidan darak beradi.
Shu bilan birga, bugun O'zbekiston mamlakat ichkarisida epidemiya tarqalishining oldini olishga qaratilgan o'ta murakkab jarayon davom etayotganiga qaramay, boshqa davlatlarga, xususan, Rossiya, Vengriya, Belarus, Qirg'iziston, Tojikiston, Eron, Afg'oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko'rsatmoqda. Turli xalqaro tuzilmalar qarorlari, deklaratsiyalari va birgalikdagi harakatlar rejalari doirasida belgilangan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha davlat rahbari ko'rsatib bergan O'zbekiston pozitsiyasi quyidagicha:
birinchidan, pandemiya keng tarqalishining oldini olish, inson salomatligi va hayoti himoyasini kuchaytirish uchun samarali va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ikkinchidan, ushbu sohada tizimli o'zaro aloqalarni o'rnatish, xususan, o'ta xavfli infektsiyalarning oldini olish, tashxis qo'yish, davolash, epidemiologik vaziyatni o'rganish va ilmiy tadqiqotlar sohasida o'zaro axborot va tajriba almashishni yo'lga qo'yish;
uchinchidan, ushbu tahdidning davlatlar barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta'sirini kamaytirish;
to'rtinchidan, asosiy xalqaro moliya-kredit institutlari doirasidagi samarali yakdil harakat va hamkorlikni kengaytirish.
Shu nuqtai nazardan Yevropa Kengashi prezidenti Sharl` Mishel` mintaqada bugun do'stlik va ishonch, yaxshi qo'shnichilik hamda hamkorlik munosabatlarini o'rnatishda fundamental va ijobiy o'zgarishlar ro'y berganini alohida ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, ushbu sezilarli siljish Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo uchun yangi strategiyasi maqsad va vazifalariga to'liq mos keladi.
Amerikaning yetakchi nashrlaridan biri bo'lgan «The Diplomat»ning bosh muharriri Ketrin Putts "O'zbekiston Markaziy Osiyo diplomatiyasining, COVID-19 davrida mintaqaviy hamkorlikning yetakchisiga aylanib bormoqda. Butun dunyoda xalqaro hamkorlik oqsayotgan bir paytda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosati strategik samarali muloqot va hamkorlikning yorqin misoli bo'la oladi”, deb e'tirof etgani bejiz emas.
Ikkinchi omil. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST), boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, chet davlatlarning nufuzli va xalqaro miqyosda tan olingan shifokorlari, olimlari, ekspertlari va mutaxassislari O'zbekistonda koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan tizimli va kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholamoqda.
Ushbu chora-tadbirlar o'tgan davr mobaynida Prezidentning 10 dan ziyod farmon va qarorlarida, O'zbekiston xalqiga uchta murojaatida, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashish, aholining ijtimoiy hamda tibbiy himoyasini mustahkamlash va boshqa masalalarga bag'ishlangan 20 dan ortiq uchrashuv, videoselektor yig'ilishlarida belgilab berildi. Ular bo'yicha 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Eng asosiysi, ushbu chora-tadbirlarning barchasi ushbu og'ir hamda mas'uliyatli davrda hech kim, hech bir oila davlat va jamiyatning e'tibori, g'amxo'rligidan chetda qolmasligi, oddiy odamlar farovonligi ta'minlanishi kerak, degan g'oyaga asoslanadi.
Birinchidan, butun mamlakat bo'ylab qat'iy karantin tizimi joriy etildi. Qisqa muddat ichida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Qonunchilikdagi bu o'zgarishlar sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, karantin va odamlar uchun xavfli bo'lgan boshqa infektsiyalarning tarqalishi to'g'risida noto'g'ri ma'lumot tarqatishga qarshi qaratilgan.
JSST Bosh direktori T.Gebreyesus o'z vaqtida karantin tadbirlarini o'tkazish muhimligini ta'kidlaydi. Zero, "pandemiya – sog'liq inqirozidan jiddiyroq masala bo'lib, u nafaqat hukumatning, balki jamiyatning ham sa'y-harakatlarini talab etadi. Har qanday pandemiyaga qarshi kurashdagi eng muhim tamoyil – vaziyatni nazorat ostida ushlab turish, kasallik tarqalish manbalarini aniqlash va jilovlashdan iborat. Faqat ijtimoiy cheklov choralarigina vaqtdan yutish imkonini beradi, virusning tez tarqalishi oldini oladi. Bu muddat, eng avvalo, pandemiyaga qarshi kurashning kompleks milliy strategiyasini ishlab chiqish, amalga oshirish, sog'liqni saqlash, shuningdek, boshqa sohalar infratuzilmasi hamda qudratini oshirish uchun zarur va bu odatdagi turmush tarziga qaytishda muhim ahamiyatga ega".
Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Misr shifokorlari, JSST ekspertlari O'zbekistonda karantin choralarining o'z vaqtida va tezkorlik bilan amalga oshirilganini, shuningdek, aholining ommaviy kasallanishi oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar oqilona va o'zaro mutanosib bo'lganini alohida ta'kidladilar. Ularning fikricha, dunyoda koronavirusga qarshi vaktsina va samarali dori vositalari ishlab chiqilmagan bir paytda karantin choralarini qo'llash kasallikning ommaviy tus olmasligida yagona samarali yo'ldir.
Ko'pgina davlatlar pandemiyani erta bosqichda jilovlash imkonini qo'ldan boy berdilar, ammo keyinchalik kechikib bo'lsa-da, karantin choralarini qo'llashga majbur bo'ldilar. Natijada ular bir kunda yuzlab, minglab fuqarolarining hayotini boy bermoqdalar.
Shu yilning 21 aprel holatiga koronavirus bilan kasallanganlarning o'lim darajasi Ispaniyada - 10,4%, Italiyada - 13,2%, Buyuk Britaniyada - 13,3%, Frantsiyada - 17,6% ga teng. Germaniyada bu ko'rsatkich 3,1 foizni tashkil etadi, bu qat'iy karantin choralari, aholining koronavirusga ommaviy tekshiruvi, ishonchli sog'liqni saqlash tizimining mavjudligi va boshqa omillar bilan izohlanadi. 24 apreldagi ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1778 nafarni tashkil etdi, vafot etganlar soni esa – 7 nafar (0,39%). Bu nafaqat MDH, balki dunyo mamlakatlari orasidagi eng yaxshi ko'rsatkichlardan biri.
Ikkinchidan, koronavirusga qarshi samarali kurashish uchun respublikaning barcha hududlarida ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari va karantin zonalari tashkil etildi.
Yaponiya yuqumli kasalliklar uyushmasi prezidenti, Yaponiya klinik mikrobiologiya jamiyati prezidenti, Tibbiyot universiteti professori Toxo Kazuxiro Tatedo, Germaniyaning «Public Diplomacy Initiativkreis» tashkiloti raisi Guntar Kayzer, Turkiyaning “Kani-Med Healthcare” tibbiy kompaniyasi raisi Filiz Erdog'an, Misrning xalqaro ishlar bo'yicha kengashi a'zosi As-Sayid Xani O'zbekiston fuqarolari orasida o'lim holatlarining kamligini quyidagi maqsadli choralar bilan izohlaydilar:
- epidemiya traektoriyasini muvofiqlashtirish va tibbiy muassasalarga bosimni kamaytirish, sog'liqni saqlash tizimining "o'tkazish qobiliyatini" oshirish uchun innovatsion yechimlardan foydalanish, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni chuqur monitoring qilish va prognoz qilish milliy tizimini joriy etish;
- shoshilinch ravishda yangi kasalxonalarni qurish, mavjud tibbiy muassasalarni qayta ixtisoslashtirish, o'n minglab odamlarni qabul qila oladigan ixtisoslashtirilgan karantin zonalarini yaratish, tibbiy muassasalarni zarur sinov tizimlari va himoya vositalari bilan ta'minlash va boshqalar. Bu bugungi kunda statsionar va uy karantinidagi odamlar soni 92 mingdan oshgan bir paytda juda muhimdir;
- koronavirus bilan kurashning old safida turgan va zarbani birinchi bo'lib qabul qilayotgan tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning mehnatini har tomonlama rag'batlantirish, ijtimoiy himoyasini ta'minlash va boshqalar.
Xususan, Kazuxiro Tatedo "chet eldan qaytgan fuqarolar uchun O'zbekiston tomonidan ikki haftalik karantin joriy etilgani o'z vaqtida va to'g'ri qaror bo'ldi. Bu va respublika aholisining o'z-o'zini yakkalash rejimiga rioya etishi virusga hamda uning mamlakatda keng tarqalishiga qarshi kurashda o'z samarasini berdi”, deya ta'kidladi. Koronavirusga qarshi kurashda tashqi ishlar vazirligining imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanildi. Vazirlik boshqa mamlakatlardan minglab fuqarolarimizni vatanga qaytarish uchun juda ulkan ishlarni amalga oshirdi.
Uchinchidan, kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida aholi o'rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Amerikaning «The Diplomat» nashri ta'kidlashicha, dunyoda koronavirus tez sur'atlarda tarqalayotgan bir paytda, "Toshkent boshqa davlatlar uchun namuna bo'ladigan choralarni ko'rdi. O'zbekiston rasmiylari barcha ma'lumotlarni ochiq va oshkora e'lon qilib bormoqda, shuningdek aholini tezkor xabardor qilish uchun Internetga to'sqinliksiz kirish imkoni yaratilgan”.
Maqolada davlat va nodavlat teleradiokanallari, shuningdek, har kuni 1,36 milliondan ortiq obunachi ma'lumot oladigan “Koronavirus info” kanali faoliyatiga alohida urg'u berilgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda "oziq-ovqat vahimasi va birlamchi iste'mol tovarlari, birinchi navbatda, niqoblar yetishmasligi" muammosi yo'qligini ta'kidlamoqdalar. MDU Axborot-tahlil markazi mutaxassislarining fikricha, rasmiylar o'z vaqtida narxlarni tartibga sola bildi, bu esa narxlar ko'tarilishining oldini olishga yordam berdi. Rossiyaning "Novaya gazeta" nashri respublikada niqoblar yetishmasligi muammosi yo'qligini kuchli to'qimachilik sanoatining mavjudligi bilan izohladi.
Xorijiy ekspertlar, shuningdek, mamlakatda infektsiya tarqalishining dastlabki kunlaridan boshlab bosh vazir boshchiligida Inqirozga qarshi kurash bo'yicha Respublika komissiyasi, COVID-19 tarqalishining oldini olish, tibbiy muassasalarni dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlash maqsadida Inqirozga qarshi jamg'arma tashkil etilganini ham yuqori baholamoqdalar. Eng muhimi, ushbu tuzilmalarning ishi ochiq, oshkora va shaffof amalga oshirilmoqda.
To'rtinchidan, ta'lim tizimining uzluksizligini ta'minlash uchun barcha o'rta, o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalari o'z faoliyatini masofadan turib Internet orqali amalga oshirmoqda.
Xususan, Yevropa Kengashi prezidenti Sharl` Mishel` O'zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi qo'llanayotgan, bu infektsiyaning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta'sirini minimallashtirish bo'yicha ko'rilayotgan tengsiz qat'iy choralarni yuqori baholadi va har tomonlama qo'llab-quvvatladi.
Sharl` Mishel` O'zbekistonda insoniylik mezonlari, fuqarolik jamiyati, fan, madaniyat va ta'lim muassasalarini rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlarni alohida ta'kidladi. U Yevropa Ittifoqining pandemiyaga qarshi kurashda zarur yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi va ushbu maqsadlar uchun O'zbekistonga moliyaviy va texnik yordam ajratish to'g'risida qaror qabul qilinganini ta'kidladi.
Beshinchidan, aholi uzluksiz ravishda oziq-ovqat, dori-darmon va zarur tibbiy buyumlar, boshqa hayotiy zarur tovarlar bilan ta'minlanmoqda. Nogironlarga, kam ta'minlangan va aholining himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul manzilli yordam ko'rsatadigan tizim shakllantirildi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.
Oltinchidan, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun aniq mexanizmlar (xususan, Inqirozga qarshi jamg'arma) shakllantirildi. Tadbirkorlarga bank kreditlari bo'yicha foizlarni "muzlatish" imkoniyati va soliq ta'tillari berildi. Import qilinadigan tovarlarga soliq stavkalari va bojxona to'lovlari sezilarli darajada pasaytirildi.
Umuman olganda, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar O'zbekistonda inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini ta'kidlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish, respublika fuqarolarining munosib hayotini ta'minlash, infektsiya tarqalishini nazorat qilish, eng muhimi, minglab fuqarolar hayotini saqlab qolish, inqirozdan keyingi tiklanish va mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishiga yordam beradi.
Shubhasiz, O'zbekiston tajribasi pandemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar uchun yorqin namuna vazifasini o'taydi.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 25.04.2020
- Ko'rishlar: 4481
- Chop etish