Samarqand veb-forumining 2020 yil 13 avgustda bo'lib o'tgan uchinchi yalpi majlisida yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim masalalari muhokama qilindi.
Turli mamlakatlar ekspertlari tomonidan yoshlarga inson huquqlari bo'yicha ta'lim berish borasidagi tajriba tahlil etildi. Ushbu muhim yo'nalishni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Inson huquqlari sohasidagi ta'lim nima uchun aynan yoshlarga bunchalik muhim? Bu savolga BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi vakili Paulina Tandiono o'z chiqishida javob berdi.
"Yoshlar - huquq sub'ektlari va inson huquqlari amalga oshirilishi, barqaror rivojlanishga erishilishi, tinchlik ta'minlanishi, zo'ravonliklar va mojarolarga barham berilishi jarayonlarining asosiy ishtirokchilaridir. Hozirgi kunda dunyoda insoniyat tarixida kuzatilmagan darajada ko'p - 1,8 milliard nafar yoshlar mavjud. Inson huquqlari sohasidagi ta'lim yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni rivojlantirish va jamiyat hayotiga jalb etishning kalitidir. U navqiron insonlarga o'zining faol fuqaro sifatidagi mavqeini anglash, e'tirof etish va bu bilan bog'liq vazifalarini ado etish, ya'ni choralar ko'rish hamda o'ziga va boshqalarga tegishli inson huquqlariga amal qilinishiga erishish, shuningdek davlat ishlarida hamda qarorlar qabul qilishga oid demokratik jarayonlarda tegishli tartibda ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadi", deb ta'kidladi P.Tandiono.
Munozaralar asnosida Yevropa Kengashining Yoshlar ishlari bo'yicha maslahat kengashi a'zosi Nika Baxsoliani inson huquqlari sohasidagi ta'limning nechog'lik muhim ekaniga o'z hayotiy tajribasi orqali ishonch hosil qilgani xususida so'zladi. Uning ta'kidlashicha, "ta'lim - adolatsizlikka barham berish usuli bo'lsa, inson huquqlari sohasidagi ta'lim - bu sohadagi eng maqbul usuldir".
Yoshlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, umuman olganda, inson huquqlarini ta'minlash va demokratik boshqaruv jarayonlari doirasidagi faoliyatda hal qiluvchi ahamiyatga ega. BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi maslahatchisi, "ND Consultance" direktori Nordin Drisi xuddi shunday fikrda. U Frantsiya va dunyoning boshqa davlatlaridagi faoliyati misolida inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha o'zi orttirgan tajriba haqida to'xtaldi.
Yaqinda N.Drisi O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha klinika ochilishi munosabati bilan bu borada maslahatlar berish borasidagi faoliyatini yakunladi. Ushbu loyiha BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Toshkentdagi mintaqaviy bo'limi, Frantsiyaning O'zbekistondagi Elchixonasi, shuningdek O'zbekistondagi manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Uning e'tirof etishicha, «O'zbekistonda bugungi kunda yuz berayotgan ijobiy siyosiy o'zgarishlar tufayli inson huquqlari sohasidagi ta'limni rivojlantirish va inson huquqlari sohasida ishonchli bilimlarni egallagan yangi avlod huquqshunoslarini tarbiyalash uchun mustahkam platforma yaratilishi mumkin".
Ekspertlarning fikricha, mamlakatda inson huquqlari sohasidagi savodxonlikni oshirish va ta'limni rivojlantirish uchun real imkoniyatlar mavjud. Samarqand veb-forumi doirasida BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasi loyihasi yuzasidan bo'lib o'tgan amaliy munozarlar buning yaqqol tasdig'idir.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Konventsiya loyihasida navqiron insonlarning demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishi va demokratik tuzilmalarda yoshlar
vakillariga yanada kengroq o'rin berilishi zarurligi mustahkamlangan. Loyihada yoshlarning har tomonlama yordam olish va oilani muhofaza qilish, jamiyat qo'llab-quvvatlashi va g'amxo'rligi, huquq sub'ekti bo'lish va qonun oldida tenglik, milliy va xalqaro darajalarda qarorlar qabul qilishda ishtirok etish, zo'ravonlik va majburiy mehnatdan himoyalanish kabi huquqlari belgilangan.
Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.
Forum BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha byurosi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.08.2020
- Ko'rishlar: 4276
- Chop etish