Markaz vakili Pekindagi seminarda ishtirok etdi

Shu yil 14 avgust – 3 sentyabr` kunlari Pekin shahrida “Bir makon, bir yo'l” mamlakatlari uchun 2019 yil bo'yicha etnik siyosat va amaliyot” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir Xalqaro ishbilarmon shaxslar akademiyasi (AIBO) va Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi tomonidan tashkil etildi.

Anjumanda O'zbekiston, Gana Respubliki, Shri-Lanka, Falastin, Zambiya, Laos va Panama vakillari qatnashdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi Robiya Arslonova ham mazkur seminarda ishtirok etdi.

R. Arslonovaning qayd etishicha, Pekin anjumanida etnik siyosat va amaliyot masalalari bo'yicha global tendentsiyalar muhokama qilingan. Ayniqsa, bu borada “Bir makon, bir yo'l” mamlakatlari tajribasiga alohida e'tibor qaratilgan.

Ma'lumot uchun: Xitoy rahbariyati tomonidan ilgari surilgan hamda BMT, SHHT, Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamkorligida amalga oshirilayotgan “Bir makon, bir yo'l” loyihasi turli mamlakatlarning milliy taraqqiyot strategiyasiga mos keladi. Shu jihatdan butun
dunyoda iqtisodiy rivojlanishga keng yo'l ochmoqda.

Mazkur Kontseptsiyaning ajralmas qismi bo'lgan «Buyuk ipak yo'li iqtisodiy kamari», Xitoy tomoni ma'lumotlariga qaraganda, 65 ta mamlakatda istiqomat qilayotgan qariyb 4,5 mlrd insonni qamrab oladi. Bunda XXR bilan ikki tomonlama mahsulot aylanmasi hajmi 2,5 trln dollarga qadar ortadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 va 2019 yillarda Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashriflari doirasida “Bir makon, bir yo'l” birinchi va ikkinchi
xalqaro forumlarida ishtirok etgan. Ushbu yirik tadbirlar yakunlari bo'yicha ko'plab kelishuvlarga erishilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech