AQShning Brigam Yang Universiteti huzuridagi Huquqiy va diniy tadqiqotlar xalqaro markazi tomonidan shu yil 4-6 oktyabr kunlari Huquq va din bo'yicha 27-xalqaro simpozium tashkil etildi.
Ushbu simpozium AQShning diniy erkinliklarni ta'minlash masalalari muhokama etiladigan asosiy xalqaro ilmiy-akademik maydonchasi hisoblanadi.
Anjumanda G'arbiy va Sharqiy Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiya, Janubiy va Shimoliy Amerika, shuningdek Afrika mintaqalarining 50 ta mamlakatidan jamoat, siyosat va din arboblari, olimlar, nodavlat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Simpozium ishiga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ham taklif etildi.
Mavzular bo'yicha sho''ba majlislarida diniy erkinliklarni ta'minlash masalalari davlatlar va diniy hamjamiyatlarning huquqlari hamda majburiyatlari nuqtai nazaridan atroflicha muhokama qilindi.
Forum ishtirokchilari, shuningdek din va davlat o'rtasidagi munosabatlar, vijdon erkinligi va diniy e'tiqod huquqi ta'minlanishining davlat tomonidan tartibga solinishi, insonni diniy omillar vaji bilan ta'qib qilishga yo'l qo'ymaslik hamda ushbu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning roli xususida o'zaro fikr almashdilar. Bundan tashqari, turli ijtimoiy-siyosiy tuzumga ega mamlakatlarda vijdon erkinligi va diniy e'tiqod huquqini ta'minlash amaliyoti ko'rib chiqildi.
Simpozium kun tartibiga ko'ra, Markaziy Osiyoda vijdon erkinligi va diniy e'tiqod huquqi ta'minlanishi mavzusi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so'zga chiqdi.
A.Saidov mintaqamizdagi vijdon erkinligi va diniy e'tiqod huquqiga doir holat haqida gapirib, xususan, O'zbekistonda mustaqillik yillarida millatlararo va dinlararo hamjihatlikni ta'minlash borasida katta tajriba to'planganiga forum ishtirokchilari e'tiborini qaratdi.
Mamlakatda vijdon erkinligi va diniy e'tiqod sohasidagi huquqlarni ta'minlash masalalarini tartibga soladigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda huquqni qo'llash borasida tegishli ijobiy amaliyot ham shakllangan. Yaqinda yangi tahrirda tayyorlangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasi bunga yaqqol misoldir.
Qonun loyihasida, bir tomondan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda o'rnatilgan talablar, BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining, Insoniylik mezonlari bo'yicha YEXHTning tavsiyalari o'z aksini topgan. Ikkinchi tomondan, loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning ko'p asrlik tarixi, diniy qadriyatlari va bugungi kun voqeligi ham inobatga olingan.
Ta'kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Qonunchilik palatasi saytiga joylashtirilgach, fuqarolar, ayniqsa, diniy jamoatlar, shu jumladan, noislomiy diniy tashkilotlar vakillari tomonidan qizg'in muhokama qilindi. Natijada Qonunchilik palatasiga mazkur loyiha yuzasidan 500 tadan ziyod taklif va mulohazalar kelib tushdi.
Qonun loyihasi xalqaro ekspertizadan ham o'tkazilgani alohida qayd etildi. A.Saidov ta'biri bilan aytganda, qonun loyihasi dunyodagi shu sohaning kuchli ekspertlari bilan o'zaro muhokama qilinishi, qonunning asl maqsad va mohiyati, unda yaratilayotgan imkoniyatlarning batafsil tushuntirilishi xalqaro ekspertlar tomonidan huquqiy tahlil tayyorlash jarayoniga xolis yondashish imkonini berdi.
Jumladan, AQShning Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar bo'yicha elchisi Samyuel Braunbekning so'zlariga qaraganda, ushbu qonun loyihasida aks etgan mahbuslarni ozod qilish, qonunchilikni liberallashtirish, voyaga etmaganlarning masjidga kelishiga ruxsat berish, diniy tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish kabi muhim normalarning barchasi e'tirofga molik yutuqlardir. Shu ma'noda, AQSH Davlat departamenti vakili O'zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo uchun diniy erkinlik ta'minlangan erkin jamiyatga o'tish yo'lini birinchi bo'lib ko'rsatib berayotganiga chin dildan amin ekanini ta'kidlagani bejiz emas.
O'z navbatida, AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi O'zbekistonni "alohida xavotirga molik davlatlar" ro'yxatidan chiqardi. Komissiya 2020 yil 28 aprelda e'lon qilgan hisobotida AQSH Davlat departamentiga O'zbekistonni "maxsus kuzatuvdagi davlatlar" ro'yxatiga o'tkazishni tavsiya etgan.
BMTning Din va e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid qonun loyihasida mustahkamlangan qonuniylik, tenglik va dunyoviylik tamoyillarini mustahkamlash uchun loyiha qoidalarini Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, Din va e'tiqodga asoslangan har qanday murosasizlik va kamsitishni yo'q qilish to'g'risidagi deklaratsiya, Rabot rejasi va harakatlari normalariga moslashtirishni taklif qilgandi. Loyihani takomillashtirish jarayonida BMT vakilining ushbu takliflari hisobga olindi.
Shuningdek, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi mazkur qonun loyihasida vijdon erkinligi va diniy e'tiqod sohasidagi huquqlar ko'lami kengayganligi, shuningdek davlatning bu jarayondagi roli yanada aniqlashtirilganini e'tirof etib, loyiha yuzasidan o'z amaliy taklif-tavsiyalarini taqdim etdi. Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari BMT, YeXHT va Venetsiya komissiyasi xalqaro ekspertlariga yana bir bor minnatdorchilik bildirdi.
Ayni vaqtda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o'qishda ko'rib chiqish uchun tayyorlanayotganiga e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga, mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng tushuntirish maqsadida, Qonunchilik palatasi tomonidan turkum davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Bu tadbirlarda noislomiy diniy tashkilotlar, milliy madaniyat markazlari namoyandalari, xotin-qizlar va yoshlar, shuningdek ta'lim sohasi vakillari qatnashmoqda.
Bahs-munozaralar yakunida simpozium ishtirokchilari va xalqaro ekspertlar, dunyo xalqlari hayotining ma'naviy-axloqiy asosida diniy qarashlar mujassam ekanini hisobga olgan holda, fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e'tiqod sohasidagi huquqlariga taalluqli masalalarni muhokama qilishda, birinchi navbatda, har bir xalqning tarixi va an'anaviy qadriyatlariga hurmat hamda e'tibor bilan yondashish lozim, degan yakdil xulosaga keldilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.10.2020
- Ko'rishlar: 3985
- Chop etish