Prezidentimizning maktab ta'limi sohasiga doir fikrlari

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi. Davlatimiz rahbarining ushbu yig'ilishda ta'kidlagan ayrim fikrlari quyida keltirilmoqda.
 
“Maktabni o'zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o'zgartirib bo'lmaydi”. 

“Ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o'qituvchilardir”.

“Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o'zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak”.

“Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz”.

“Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag'ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz”.

“Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog'liq”.

“Maktab o'qituvchisini moddiy rag'batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz”.

“O'qituvchi va murabbiylarning o'zi ham bilim va kasb mahoratini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obro'sini oshirishi kerak”.

“Moddiy va ma'naviy hayotni uyg'un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo'g'in bo'lishi lozim”. 

“Ta'lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o'qitish metodlari, ta'lim standartlari, darslik va o'quv qo'llanmalarini yangilash zarur”.

“Bilim berishda ilg'or xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an'ana va qadriyatlarga suyanish muhim”.

“Milliy g'oya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy g'urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega”.

“Maktablardagi ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g'oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg'usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarur”.

“Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhim”.

“Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta'lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarur”.

“Maktab ta'limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”.

 

OAV materiallari asosida tayyorlandi

Powered by GSpeech