Saylov tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan Konstitutsiya va bir qator qonunlarga tuzatishlar kiritildi, deb xabar berdi «Norma». Tuzatishlarning ko'pi Saylov kodeksi kuchga kirganligi bilan bog'liq va qonun hujjatlarini unga muvofiqlashtirishga yo'naltirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 4 sentyabrda imzolangan “Saylov to'g'risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan va uning normalarini saylov to'g'risidagi qonun hujjatlari normalari bilan birxillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Tegishli o'zgartishlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, konstitutsiyaviy qonunlarga, “O'zbekiston Respublikasining referendumi to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilgan.
Jumladan, “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni norma bilan to'ldirilib, unga ko'ra fuqarolar yig'ini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolari nomzodlari bo'yicha tavsiyalar taqdim etadi, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar taqdim etadi, shuningdek saylov komissiyasiga o'z kuzatuvchilarini yuboradi.
Qonunchilik palatasida Ekologik harakat vakillari uchun deputatlar o'rinlarini kvotalash instituti bekor qilinishi munosabati bilan “Siyosiy partiyalar to'g'risida”gi
O'zbekiston Respublikasi Qonuniga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy printsiplari to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunlariga tegishli o'zgartishlar kiritildi.
Xususan, Qonunda quyidagilar aks ettirilgan:
• og'ir va o'ta og'ir bo'lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etish huquqi (Jinoyat kodeksining 15-moddasi 2-3-qismlari;
Saylov kodeksining 5-moddasi 3-qismiga qarang). Shu tariqa, hozirda og'ir va o'ta og'ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslargina faol saylash huquqidan mahrum etilgan (Jinoyat kodeksining 15-moddasi 4-5-qismlariga qarang);
• saylov komissiyasining yangilangan vakolatlari (Saylov kodeksining 14, 20, 22, 24-moddalariga qarang);
• saylovchilarning yagona elektron ro'yxati yuritilishi (Saylov kodeksining 28-moddasiga qarang);
• saylov komissiyasi va referendum o'tkazish komissiyasi a'zolariga qo'yiladigan talablar (Saylov kodeksining 25-moddasi 1-qismiga qarang);
• saylovoldi tashviqotini olib borish qoidalari (Saylov kodeksining 44-48-moddalari);
• ovoz berishni tashkil qilish va o'tkazish tartibi – vaqti va joyi, bino va xonalarni rasmiylashtirish talablari, saylov komissiyalari harakati, oldindan ovoz berish mexanizmlari va boshqalar (Saylov kodeksining 49-58-moddalari).
Tuzatishlarning muayyan qismi 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Ushbu o'zgartirishlar O'zbekiston Ekologik harakatini qayta tashkil etish bilan bog'liq – joriy yilning yanvar` oyida O'zbekiston Ekologik partiyasi ro'yxatdan o'tkazilgan. Shu munosabat bilan Ekologik harakat a'zolari uchun kvotalar hamda Parlament quyi palatasida deputatlar guruhini tashkil etish tartibi bekor qilinadi.
Ma'lumot uchun: “Saylov to'g'risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining mamlakat siyosiy sahnasida sog'lom raqobatni ta'minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan O'zbekiston Ekologik harakati vakillari uchun belgilangan kvotani bekor qilish borasidagi 1.1.7-bandi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko'rsatib o'tilgan vazifalar ijrosi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Bundan maqsad mamlakat siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo'lgan milliy saylov qonunchiligi va saylov tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarini muvofiqlashtirishdir. Shu bilan birga Ekologik harakat uchun belgilangan kvotani bekor qilish orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar nomzodini ilgari suruvchi sub'ektlar doirasini muqobillashtirish hamda xalqaro norma va standartlarga moslashtirishdan iborat.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.09.2019
- Ko'rishlar: 6376
- Chop etish