Qadrli yurtdoshim, bilaman yer yuzining yarim aholisi, qariyb 4 milliard odam qatori bugun siz ham uyda o'tiribsiz. Koronavirusni yuqtirib olishdan Xudoning o'zi saqlasin hammamizni. Uyda qoling!
Kompyuterda ishlang, televizor ko'ring, kitob o'qing. Eng asosiysi, imkoniyatdan foydalanib, oila a'zolaringiz bilan miriqib suhbatlar quring.
Men sizga shukronalik haqida bir rivoyat aytib beraman. Chunki oilaviy gurunglar hamisha qiziqarli, mazmunli va foydali bo'lishi tarafdoriman.
Qadim o'tgan zamonda, uzoq yurtlar tomonda bir podshoh bo'lgan ekan. Podshohning yakkayu yolg'iz farzandi bor ekan. Kunlardan bir kuni shahzoda og'ir xastalanib qolibdi. Mamlakat hakimlarining davolashga kuchi yetmapti.
Shunda podshohning amriga ko'ra, munajjim yulduzlarga qarab fol ochipti. Emishki, bemor bolaga saltanatdagi eng shukronali insonning ko'ylagini kiydirish kerak. O'shanda u bedavo darddan forig' bo'ladi.
Podshoh munajjim boshchiligidagi choparlarni yurt bo'ylab safarga yo'llapti. Choparlar uzoq yo'l yurib, ko'p sarson-sargardon bo'lishipti. Yurt qancha keng bo'lmasin, eng shukronali insonni topish oson emas ekan.
Balki saltanatning eng omadli amaldori eng shukronali insondir?
Choparlar navqiron vazirning huzuriga kelishipti.
- Aslida, o'zimning shuncha bilimim, iqtidorim va imkoniyatlarim bilan allaqachon o'ng qo'l vazir bo'lishim kerak edi. Men esa hali ham bor-yo'g'i bir vazirman. Shunga shukr qilaymi endi? - deb to'ng'illapti amaldor va choparlarni ostonadan haydab yuboripti.
Mamlakatning eng boy odami eng shukronali inson bo'lsa ne ajab? Choparlar eng boy kishini yo'qlab borishipti.
- Falon yurtdan to'lib-toshib qaytgan qirq tuyali savdo karvonimdagi bitta tuya sahroda qolib ketgan, men esa qirq tuyaning moli uchun g'aznaga soliq to'ladim, - diydiyo qilipti boy. - Agar o'sha tuyani bo'rilar g'ajimaganida va soliq to'lamaganimda, boyligim hozirgidan ko'ra ko'proq bo'lardi. Shuning uchun shukr qilishim kerakmi?
Shu tariqa choparlar butun yurtni kezib, biron-bir shukronali zotni topolmay ortga qaytishipti. Tog'li so'qmoqdan o'tayotganlarida, chetdagi g'or ichidan bir kishining nolasi quloqqa chalinipti:
- Ey, Xudojon, boringga shukr! Boshimga shuncha sinovlarni solganingga shukr! Sevgan bandalaring qatorida ko'rganingga ming bora shukr!
Choparlar boshlig'i bo'lmish munajjim g'ordagi kishidan tashqariga chiqib, o'zini tanishtirishini so'rapti.
- Ey, azizlar, qadamingizga hasanot! Yo'qlab kelganingiz uchun shukr! Uzrim borki, men g'ordan chiqa olmayman.
Shunda choparlar g'orga kirishipti. Ne ko'z bilan ko'rishsinki, g'or to'rida ikki qo'li va ikki oyog'i yo'q nogiron bir odam yotgan emish. Egnida yupun va yirtiq ko'ylakdan o'zga libosi, yeyishga esa hech vaqosi yo'q. Shunda ham tili shukronalikdan to'xtamas ekan.
- Bizga ko'ylagingizni bering, - depti unga munajjim. - Bu saltanat yumushi uchun zarur.
- Shu holimda ham saltanat ishiga yaroqli etganidan aylanay, Xudoyimga shukr! Marhamat, yechib oling, men mingdan-ming roziman.
Choparlar g'ordagi kishi bilan xayrlashib, saroyga kelishipti. Munajjim shukronali zotning ko'ylagini kiydirishi bilan shahzoda sog'ayib ketgan ekan.
Ha, shukr va shukronalikda gap ko'p. Men ham xizmat vazifam yuzasidan doim el orasida yuraman. Yurtdoshlarimizning shukronalik so'zlarini ko'p eshitaman. Nafaqat shukronalik so'zlarini aytgan odamlarning, balki shu ezgu duolarni eshitganlarning ham ishi yurishadi, omadi chopadi, baxti butun va ro'zg'ori barakotli bo'ladi.
Noshukrlarning noroziliklarini eshitganda-chi?..
Shukrki, yurtimizda bundaylar kam. Afsuski, yaqindagina shunday oz sonli noshukrlardan birining videolavhasi internetda tarqaldi. Ochig'ini aytganda, ushbu lavhani ko'rib, ancha vaqtgacha o'zimga kela olmadim.
Sezilib turibdiki, aqli butun, zehni o'tkir, tili burro yigit. Ammo, Xudo ato etgan shuncha fazilatini ezgulik o'zaniga bura olmaganiga achinaman. Hech qursa, o'zini va yaqinlarini boqishning ham evini qilolmaydi-da. Gapni esa, ko'rgan bo'lsangiz, ayamay sasitadi.
Ro'zg'ori ehtiyojmand oilalar ro'yxatiga kirganidan or-nomus qilmaganini qarang. Yana notanish yaxshi insonlarning xayr-ehsonini tarozida tortib ko'rdi-ya, uyatsiz.
Fe'lingdan top, degan gap bor. Uning shu ko'yga tushganiga albatta o'zi, bedavo fe'l-atvori, g'irromligi, noxolisligi, maydakashligi sababchi. Eng yomoni, noshukrligi tufayli uning biri ikki bo'lmaydi. “Boshingga ne balo yog'sa, birovdanmas, o'zingdan ko'r”, deb mashoyixlar bejiz aytmagan.
Bu akamiz o'ziga, oilasiga atalgan beminnat muruvvatni uyidagi tarozida o'lchab, malomatlar qilmoqda. Bilmaydiki, el boshiga ish tushgan bugungi kunlarda hatto uyida tarozisi yo'q ro'zg'orlar vakillari ham imkon qadar xayriya ishlari bilan mashg'ul.
Bugun shunday himmatli tanishlarimdan biri bilan telefonlashib qoldim. Noshukrning vedeo-malomatidan bexabar ekan. “Telefonim ermak uchun emas, bu mening moltoparim”, dedi u.
Videoqurilma o'rnatilmagan oddiy va arzon qo'l telefonlari urfdan qolganiga ancha bo'lganini eslatmoqchi edim, ammo gapini bo'lmadim. Chunki kamtaru serhimmat do'stim biznesi tobora yurishib, daromadi ortayotgani haqida shukronalik bilan so'zlayotgan edi.
Aytmoqchimanki, oramizda ba'zi insonlar Alloh ta'olo ato etgan ne'matlarga shukr qilib, Uning yo'lidan yurgan bo'lsa, afsuski, yana ba'zi bir kimsalar Yaratganning bu ne'matlarini tan olmay keladi.
Shukronalik va noshukrlik haqida muqaddas Qur'oni Karimda ham quyidagi oyat keltirilgan “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat).
Haqning so'zi haqdir. Shukronali insonlarning ro'zg'origa doim baraka yog'ilib turishi bejiz emas. Noshukrlarning esa tilla baliqdan tilanib olgan tog'orasi ham teshik bo'lib chiqadi. Shuni hech kuzatganmisiz?..
Shuhrat SAFAR
- Qo'shildi: 12.04.2020
- Ko'rishlar: 7001
- Chop etish