O'zbekiston – Yaponiya: parlamentlararo do'stlik mustahkamlanmoqda

3 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokida Yaponiya parlamenti bilan hamkorlik bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo do'stlik guruhining onlayn yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda deputatlar, O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi G'ayrat Fozilov, Yaponiyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama ham ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yaponiya parlamentiga 2019 yil 18 dekabrda tashrif buyurib, Yaponiya Vakillar palatasi raisi Tadamori Oshima bilan parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi. Ushbu uchrashuv doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining parlamentlararo guruhi va Yaponiya parlamenti hamda Yaponiya parlamentining parlamentlararo guruhi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi Memorandum imzolangandi, deyiladi parliament.gov.uz sayti xabarida.

Onlayn uchrashuvda parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, tomonlarni xalqaro tashkilotlar doirasida qo'llab-quvvatlash, o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yo'lga qo'yish masalalarini ham kelishib oldilar.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo aloqalarning muhim ahamiyati qayd etildi. Chunki bu barcha sohalarda xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishda katta rol` o'ynaydi.

Dunyoda KOVID-19 pandemiyasi tarqalishi ko'lami haqida fikrlar bildirildi. Tomonlar O'zbekiston va Yaponiyada ushbu global tahdidga qarshi kurash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berishdi. Koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashishda parlamentlarning alohida o'rni borligi ta'kidlandi.

Shu o'rinda pandemiyaning savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta'sirining oldini olish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligiga e'tibor qaratildi. A.Saidov o'z so'zida Yaponiyaga bu yil Olimpiya va Paralimpiya o'yinlarini muvaffaqiyatli o'tkazishini tilab, bu Yaponiya Bosh vaziri o'rinbosari Yoshihide Suga ta'kidlaganidek, xalqaro hamjamiyatning koronavirus ustidan g'alabasini belgilashi kerakligini aytib o'tdi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar platformalarida har ikki mamlakat tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

O'zbekiston tomoni yosh yaponiyalik parlamentariylarni Yoshlar huquqlari bo'yicha jahon konferentsiyasida ishtirok etishga taklif etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech