Shu yil 12-13 may kunlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi 4056-son qarorida belgilangan maqsad va vazifalar doirasida Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 24-sonli tarbiya koloniyasi hamda 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida jinoyat-ijroiya qonunchiligi ijrosi ahvoli yuzasidan monitoring tashkil etildi.
Monitoringni Markaz bo'lim boshlig'i O.Norboev, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili o'rinbosari - Bola huquqlari bo'yicha vakil A.Yunusova, “Demokratiya va inson huquqlari instituti” direktori S.Xodjaeva, “Yuksalish” umummilliy harakati ijrochi direktori A.Mamatxonov, O'zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari A.Tashanov va Ombudsman Kotibiyati xodimlaridan iborat guruh tomonidan o'tkazildi.
Tadbir davomida ushbu jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o'tayotgan mahkum va mahkumalar bilan uchrashildi. Har ikki muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
Monitoring chog'ida bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish kafolatlariga oid qonun hujjatlari yuzasidan tushuntirishlar, mahkumlarni qiziqtirgan savollarga javoblar va huquqiy maslahatlar berildi.
Ishchi guruh vakillari mamlakatimizda e'lon qilingan karantin davrida mazkur jazoni ijro etish muassasalarida o'rnatilgan kun tartibi, voyaga yetmagan shaxslar va xotin-qizlarning yashash sharoitlari, ovqatlanish, dam olish hamda ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg'ul bo'lish, bo'sh vaqtlarda sport bilan shug'ullanish, kitob o'qish, tibbiy xizmatdan foydalanish borasidan yaratilgan imkoniyatlar bilan qiziqdilar. Tegishli xodimlar bilan suhbatlar uyushtirildi.
Monitoring jarayonida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi tomonidan mahkumlar orasida koronavirus infektsiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida beg'araz yordam sifatida ajratilgan shaxsiy himoya vositalari mahkumlarga to'liq yetkazib berilganligi ma'lum bo'ldi.
Bundan tashqari, har ikkala muassasada mahkumlarga yashash, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug'ullanish sharoitlarini yaxshilash uchun olib borilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Monitoring yakunida muassasalar ma'muriyati bilan kelajakdagi rejalar, taklif va mulohazalar haqida suhbatlashildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.05.2020
- Ko'rishlar: 4695
- Chop etish