Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) direktori Ingib`yorg Sol`run Gisladottir 2019 yil 6 avgustda O'zbekistonning Avstriyadagi Elchixonasiga yo'llagan maktubida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonini qutladi, deb xabar beradi mfa.uz sayti.
Hujjatda O'zbekiston Prezidentining ushbu Farmoni mamlakatda amal qilayotgan huquqiy asoslarni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil qilingani hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy ma'ruzachi instituti ta'sis etilgani nihoyatda muhimligi ta'kidlangan. “Inson huquqlariga asoslangan keng sohaviy va tarmoqlararo hamkorlik odam savdosiga qarshi
kurashishda eng maqbul vosita bo'lib xizmat qilishi mumkin va zurur”, deb qayd etiladi xatda.
YEXHT/DIIHB Direktori, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining Milliy ma'ruzachi etib tayinlangani O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish muammosiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini amalda tasdiqlovchi muhim qadam ekanini e'tirof etgan.
Ingib`yorg Sol`run Gisladottir o'z maktubi yakunida YEXHT/DIIHB O'zbekistonga odam savdosiga qarshi kurashish borasida bundan keyin ham yordam berish va zarur texnik ko'mak ko'rsatishga, shu bilan bir qatorda O'zbekiston Prezidentining Farmonini ro'yobga chiqarish uchun ekspertlar maslahatlashuvlarini amalga oshirishga tayyor ekanini ta'kidlagan.
Ma'lumot uchun: Prezidentimizning “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni imzolangan sana, ya'ni 30 iyun` – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kunidir.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etgan birifing, YEXHT/DIIHB qo'llanmasining o'zbekcha nashri taqdimoti hamda “Muhabbat ila Sonya” badiiy fil`mi namoyishida ushbu xalqaro tashkilot vakillari faol ishtirok etdi.
Xususan, YEXHT/DIIHB odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha maslahatchisi Tat`yana Kotlyarenko Prezidentimiz Farmonining muhim ahamiyatiga e'tibor qaratib, “ushbu hujjat O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan barcha milliy va xalqaro tuzilmalarning o'zaro hamkorligi yuqori darajada yo'lga qo'yilganidan dalolat beradi”, deb qayd etdi.
O'z navbatida, mazkur xalqaro tashkilot eksperti Maya Rusakova O'zbekiston Prezidentining Farmonida YEXHT/DIIHB tavsiyalarining aksariyati hisobga olinganini e'tirof etdi. Uning fikricha, “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgani va Milliy komissiya tarkibiga mamlakat hududlarida faoliyat olib borayotgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritilgani e'tiborga loyiqdir”.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.08.2019
- Ko'rishlar: 6534
- Chop etish