26 iyun — BMT Nizomi qabul qilingan kun
Tinchlik yo'lidagi hamkorlik
“Biz, Birlashgan Millatlar xalqlari, kelajak avlodlarni hayotimizda ikki marta insoniyatga ifodalab bo'lmaydigan g'am-g'ussa keltirgan urush kulfatlaridan xalos etishga qat'iy ahd qilib, o'z kuch-g'ayratimizni shu maqsadlarga erishish uchun birlashtirishga... qaror qildik”.
BMTning asosiy hujjati — uning Nizomi ana shunday kirish so'zlar bilan boshlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, 1945 yilda asos solingandan buyon BMT ? xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlashda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol` o'ynaydigan tom ma'nodagi universal xalqaro tuzilmaga aylandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash va qo'llab-quvvatlash, shuningdek turli davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tuzilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Millatlar ligasi 1939-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining oldini ololmadi. BMT esa Millatlar ligasi kamchiliklarini bartaraf etish uchun xalqaro tinchlikni qo'llab-quvvatlash hamda iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar xarakterdagi xalqaro muammolarni hal etish, shuningdek muloqot yo'lida platforma yaratish maqsadida tashkil etildi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrishning qayd etishicha, “Ikkinchi jahon urushi fojeasi tufayli xalqaro hamjamiyat birlashdi va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida BMTni tuzishga qaror qildi. BMT Nizomi Yevropada urush tugashidan bor-yo'g'i bir yarim oy o'tgandan keyin 1945 yil 26 iyun` kuni San-Frantsiskoda (AQSH) 50 ta davlat tomonidan bir ovozdan qabul qilingan va imzolangan edi. U 1945 yil 24 oktyabr` kuni rasman kuchga kirgan va bu kun BMT tashkil topgan kun hisoblanadi”.
Nizom BMTning quyidagi maqsadlarini o'zida mustahkamlaydi:
— kelajak avlodni urush falokatidan xalos etish;
— adolat va hurmat birinchi darajadagi muhim tamoyilga aylangan sharoit yaratish;
— katta erkinlik ostidagi ijtimoiy farovonlik va hayot sharoitlarini yaxshilashga ko'maklashish;
— bag'rikenglik
ko'rsatish va birgalikda, yaxshi qo'shnilardek o'zaro tinch-totuv, ahil yashash;
— xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo'llab-quvvatlash uchun kuchlarni birlashtirish;
— millatlar (xalqlar) o'rtasidagi do'stona
munosabatlarni rivojlantirish;
— inson huquqlarini qo'llab-quvvatlash va xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarni bartaraf etish, mamlakatlar kuchlarini xalqaro terrorizm va jinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va korruptsiyaga qarshi birlashtirish.
BMT Nizomi Muqaddima va 111 ta moddani o'z ichiga olgan 19 ta bobdan iborat. Muqaddima ikkita asosiy qismdan tashkil topgan. Birinchi qism tinchlik, xalqaro xavfsizlik va inson huquqlarini qo'llab-quvvatlash uchun umumiy chaqiriqlardan iborat. Ikkinchi qismda esa Nizomni imzolagan barcha davlatlar uning moddalariga rioya etishga majbur ekanligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, ushbu davlatlarning bu boradagi majburiyatlari boshqa xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan majburiyatlaridan ustun ekaniga urg'u berilgan. Shuningdek, Nizomdan mintaqaviy kelishuvlar, xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik, o'zini o'zi boshqarmaydigan hududlar va vasiylik tizimiga oid boblar joy olgan.
E'tiborlisi shundaki, BMT Nizomi inson huquqlarini himoya qilish sohasida global qo'llab-quvvatlangan birinchi hujjatdir. Undagi inson huquqlariga oid qoidalar oradan uch yil o'tib, 1948 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlab qo'yildi.
BMT a'zolari xalqaro huquqning quyidagi umume'tirof etilgan tamoyillariga muvofiq harakat qilishlari kerak:
— kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik;
— nizolarni tinch yo'l bilan hal etish;
— boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
— davlatlarning o'zaro hamkorlik qilish majburiyati;
—xalqlarning teng huquqliligi va o'z taqdirini o'zi belgilashi;
— davlatlarning suveren tengligi;
— davlat chegaralarining daxlsizligi;
— davlatlarning hududiy yaxlitligi;
— inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish.
Ma'lumki, BMTga a'zo davlatlar soni 193 ta. Xo'sh, tashkilot qanday qilib muvaffaqiyatli faoliyat olib boryapti? Buni uchta omil bilan izohlash mumkin.
Birinchidan, BMT o'ziga a'zo mamlakatlarga teng munosabatda bo'ladi, barchaga birdek hurmat ko'rsatadi. Bu xalqlar o'rtasidagi notenglikni kamaytiradi va kichik davlatlarga ham o'z pozitsiyalarini bildirishlari uchun real imkoniyat beradi.
Ikkinchidan, BMT rezolyutsiyalari uning barcha a'zolari tomonidan qabul qilinadi, BMT tuzilmalari esa umumqabul qilingan printsiplarga muvofiq tarzda yordam va mablag'larni
taqdim etadi.
Uchinchidan, BMT davlatlarning xalqaro maydondagi o'zini tutishiga daxldor istaklariga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Deyarli barcha hukumatlar o'zlarini tizimning ijobiy ishtirokchilari
sifatida qabul qilinishini xohlaydi va ular BMT organlari tomonidan bildiriladigan global tavsiyalar asosida o'z siyosatlarini muntazam to'g'rilab boradilar.
Bosh kotib Antoniu Guterrish BMT erishgan yutuqlar haqida to'xtalar ekan, insoniyatning uchinchi jahon urushidan qochishga muvaffaq bo'lgani bu boradagi eng ulkan natija ekanini ta'kidlab, shunday deydi:
“75 yil davomida birorta katta urush ro'y bermadi, biz uchinchi jahon urushidan qochishga muvaffaq bo'ldik. BMT va boshqa tashkilotlar sa'y-harakatlari sharofati bilan bashariyat ushbu 75 yil davomida Birinchi va Ikkinchi jahon urushi kabi halokatli vaziyatga tushib qolmasdan yashashning uddasidan chiqdi. Bu bugungi kundagi eng asosiy yutug'imizdir”.
Zero, britaniyalik davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchill e'tirof etganidek, “BMTni biz jannatdan joy olishimiz uchun emas, balki bizni do'zaxdan qutqarib qolishlari uchun tuzishgan”.
BMT o'z Nizomida taqdim etilgan vakolatlari va o'zining noyob xalqaro xususiyatidan kelib chiqib, XXI asrda insoniyat oldida turgan tinchlik va xavfsizlik, iqlim o'zgarishi, barqaror rivojlanish, inson huquqlari, qurolsizlantirish, terrorizm, gumanitar va favqulodda vaziyatlar, gender tenglik, boshqaruv, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi dolzarb masalalar bo'yicha qarorlar qabul qilishi mumkin.
O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yangi suveren, mustaqil davlat sifatida 1992 yilning 2 martida a'zo bo'ldi. Ushbu universal xalqaro tashkilotga kirganidan beri mamlakatimiz BMT va uning turli yo'nalishlarga ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ko'p qirrali o'zaro munosabatlarning asosiy ustuvor yo'nalishlari — xavfsizlik, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, Afg'onistonni barqarorlashtirish va tiklash, ommaviy qirg'in qurollarini tarqatmaslik, ekologik muammolarni bartaraf etish, jumladan, Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish, turizmni taraqqiy toptirish va boshqalardir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ishtiroki O'zbekistonning ushbu nufuzli tashkilot bilan o'zaro munosabatlaridagi tarixiy bosqich bo'ldi. Unda davlatimiz rahbari xalqaro va mintaqaviy tinchlikni mustahkamlash, ta'lim, fan, madaniyat, ekologiya, turizmni rivojlantirish kabi yo'nalishlarda ko'plab tashabbuslarni ilgari surdi.
O'zbekiston tomonidan keyingi yillarda amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlanib, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” deb nomlangan uchta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. O'zbekiston BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilishga doir yana bir tashabbusni ilgari surmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi mamlakatimiz pozitsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari, ulardan kelib chiqadigan xalqaro kelishuvlarga asoslanadi. Vena deklaratsiyasi va Xarakatlar dasturi asosida 2020 yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi qabul qilinishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning va inson huquqlarini himoya qilish institutsional mexanizmlarini yaratishning muhim bosqichi bo'ldi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida yagona va muvofiqlashtiruvchi siyosatning samarali vositasi bo'lishiga shak-shubha yo'q.
O'zbekiston BMT bilan barqaror rivojlanish masalasida uzviy hamkorlik qiladi. BMTning 2030 yilgacha bo'lgan kun tartibini amalga oshirish maqsadida hukumatimiz tomonidan Barqaror rivojlanish bo'yicha 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifa tasdiqlandi. Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish bo'yicha “yo'l xaritasi” qabul qilindi va muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
2020 yilda BMT tashkil topganligining 75 yilligi keng nishonlanadi. Bosh kotib Antoniu Guterrish tashkilot tarixida eng yirik “BMT 75 yilligi: 2020 yil va undan so'ng – umumiy kuchlar bilan umumiy kelajak sari” deb nomlangan (qisqacha nomi: "BMT-75”) global muhokama o'tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Shu yil 26 iyunda BMT bosh qarorgohida ushbu nufuzli tashkilot Nizomi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag'ishlangan bayram tantanasi bo'lib o'tadi. Tarixiy voqea munosabati bilan o'tkaziladigan ushbu onlayn shakldagi marosim BMTning yubiley yilidagi dastlabki yirik tadbiri bo'ladi va 75 yilda ilk bor videoformatda o'tkaziladi.
Barqaror rivojlanish kontseptsiyasiga va yubileyni nishonlashda munosib hissa qo'shishga tarafdor ekanligini eng yuqori darajada namoyon etib, O'zbekiston “BMT—75” xalqaro kampaniyasini qo'llab-quvvatladi. BMT oldida turgan eng dolzarb tahdidlarni muhokama qilish maqsadida, shuningdek xalqaro maydonda O'zbekistonning roli o'sib borayotganligini hisobga olib, mamlakatimiz “O'zbekiston va BMT: BRMga erishish yo'lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro forum tashkil qilish orqali “BMT 75 yilligi: kelajakka nazar” tadbirlar turkumiga qo'shildi.
Hamkorlikdagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida O'zbekiston BMT va uning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha tadbirlar rejasini (“yo'l xaritasi”) qabul qildi. Tashkilotning 75 yilligini tantanali nishonlash borasida hamkorlikdagi tadbirlar rejasi imzolandi.
Ushbu “yo'l xaritasi” asosida 2021 — 2023 yillar davomida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi va Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish bo'yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish, BMTning saylanadigan organlariga, jumladan, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston nomzodini ko'rsatish borasida izchil faoliyat amalga oshiriladi.
Mustahkam tinchlikning faol tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O'zbekiston bundan keyin ham BMT va uning a'zolari bo'lgan davlatlar bilan uzviy bog'liqlikda ish olib borishga katta e'tibor qaratadi.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 26.06.2020
- Ko'rishlar: 5272
- Chop etish