2020 yil 4 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ombudsmanlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarining onlayn yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlar - O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston va Shimoliy Kiprning inson huquqlari bo'yicha institutlari rahbarlari ishtirok etdi.
Onlayn yig'ilishda inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan ilg'or tajribalar bilan almashish, Turkiy Kengashning inson huquqlari ombudsmanlari uyushmasini tuzish, COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish holati masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalarni Turkiya Respublikasi Bosh ombudsmani Sheref Malkoch ochdi. Muhokamalarda so'zga chiqqanlar Turkiy Kengashning ombudsmanlari uyushmasini tuzish va COVID-19 pandemiyasi davrida inson huquqlarini samarali himoya qilish bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Yig'ilishda qatnashgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillabaev Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlarning inson huquqlari sohasidagi o'zaro hamkorligi ko'lamini kengaytirish, uni Ombudsmanlar uyushmasi sifatida emas, balki A'zo davlatlar inson huquqlari institutlarining uyushmasi sifatida tashkil qilish maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi g'oyani ilgari surdi.
Yig'ilish qatnashchilari ko'tarilgan masalalar muhokamasini keyingi yig'ilishlarda yana davom ettirishga kelishib olishdi.
Ma'lumot uchun: Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo'lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o'rtasida do'stlik va qo'shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o'zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu Kengash 2009 yilda Ozarbayjonda Naxichevan bitimini imzolash asnosida ta'sis etilgan.
Turkiy Kengash Kotibiyati Istanbulda joylashgan. Kengash tashkil topgan paytda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston uning doimiy a'zosi bo'lgan. 2019 yilda Kengashga O'zbekiston qo'shildi. Vengriya esa 2018 yildan tuzilma ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.11.2020
- Ko'rishlar: 3770
- Chop etish