10 dekabr kuni Xalqaro inson huquqlari kuniga bag'ishlab tashkil etilgan “Yangi O'zbekiston va inson huquqlari” mavzuidagi turkum xalqaro tadbirlar doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Inson huquqlari bo'yicha Malayziya Milliy komissiyasi o'rtasida Anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Markaz tomonidan ushbu Memorandum O'zbekiston Prezidenti tasdiqlagan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida tuzildi. Bu muhim qadam
zamirida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari bilan o'zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadi mujassamdir.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Inson huquqlari bo'yicha Malayziya Milliy komissiyasi raisi Tan Shri Osman bin Hoshim, O'zbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Malayziyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan ishtirok etdi.
Memorandumni imzolash marosimida, shuningdek mamlakatimiz vazirlik va idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Memorandum inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida o'zaro manfaatli hamkorlikni ko'zda tutadi. Shu ma'noda, ushbu hujjat inson huquqlari sohasidagi xalqaro konventsiyalar va bitimlar bo'yicha davlat majburiyatlariga rioya etishga ko'maklashish, fuqarolarning huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish masalalari yuzasidan axborot va adabiyotlar hamda o'zaro tajriba almashishga qaratilgan.
Memorandumning asosiy yo'nalishlaridan biri – mahalliy, milliy va xalqaro darajada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qo'shma amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari, axborot-ma'rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, treninglar tashkil etishdan iborat.
Bundan tashqari, tomonlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish sohasida tajriba, axborot va tahliliy materiallar almashishi nazarda tutilgan.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Bunda, jumladan, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasidagi O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratildi.
Muloqot asnosida ikki tomonlama hamkorlik doirasida inson huquqlarini himoya qilish va unga rioya etish masalalari bo'yicha muntazam ikki tomonlama maslahatlashuvlar o'tkazish rejalashtirilgani ta'kidlandi.
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida va o'z davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida tenglik, o'zaro hurmat va manfaatdorlik asosida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha Malayziya Milliy komissiyasi Malayziyada 1999 yilda qabul qilingan qonunga binoan tashkil etilgan. Komissiyaning asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
Malayziya hukumatiga qonun hujjatlari ishlab chiqilishida maslahat va yordam berish hamda bu borada zarur choralar ko'rish;
inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar va boshqa xalqaro hujjatlarga qo'shilish va ratifikatsiya qilish bo'yicha tavsiyalar berish;
inson huquqlarining buzilishi bilan bog'liq shikoyatlarni ko'rib chiqish;
inson huquqlari sohasida xabardorlikni oshirish va ta'lim berishni qo'llab-quvvatlash.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2020
- Ko'rishlar: 3775
- Chop etish