2020 yil 12-13 avgust kunlari videokonferentsiya shaklida bo'lib o'tadigan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlanadi. Forum tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanib, anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga yuklangan.
Ushbu forum inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan ikkinchi xalqaro anjumandir. "Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi" deb nomlangan birinchi xalqaro anjuman 2018 yil 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan.
Uning ishtirokchilari tomonidan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur Deklaratsiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2019 yil 6 fevralda BMT 73-sessiyasining hujjati sifatida tasdiqlagan.
Osiyo Forumi yakunida mazkur xalqaro anjumanning muhimligi va zarurligini hisobga olgan holda, uni har ikki yilda bir marta muntazam ravishda o'tkazib turish haqida kelishib olingan.
Bu galgi Samarqand Forumining asosiy maqsadi – yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat. Munozaralar jarayonida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish imkoniyatlari ham ko'rib chiqiladi.
Kun tartibidan, shuningdek BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha butunjahon dasturini amalga oshirishda yoshlarning roli masalasi o'rin olgan.
Samarqand Forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu Konventsiya loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.
Konventsiya - tom ma'nodagi yangi hujjat bo'lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan o'ziga xos huquqlari aks ettirilgan. Bunday mazmundagi xalqaro hujjatning qabul qilinishi jahondagi barcha davlatlar tomonidan yoshlar masalalariga bo'lgan e'tiborni tubdan kuchaytiradi. Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy e'tibor qaratilishi, o'z navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli ko'mak ko'rsatishda muhim omil bo'ladi.
Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiya loyihasi o'zbek, rus va ingliz tillarida muhokama uchun forumning rasmiy sayti (http://www.asianforum.uz/) va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy (http://nhrc.uz/) saytida joylashtirilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.08.2020
- Ko'rishlar: 4067
- Chop etish