3 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining navbatdagi mashg'uloti o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi rahbar xodimlar ishtirok etdi.
O'zbekiston qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlashga doir muayyan xalqaro majburiyatlarni zimmasiga olgan. Xususan, mamlakatimiz BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya, 1949 yilgi 4 ta Jeneva konventsiyasi va ularning Birinchi hamda Ikkinchi Fakul`tativ protokollariga qo'shilgan.
BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasida "qiynoqlar" tushunchasiga ta'rif berilgan. Shuningdek, davlatlarning qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash va ularning oldini olish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan. BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha qo'mitasi davlatlar tomonidan ana shu talablarga rioya etilishini nazorat qiladi.
BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya olib borgan mashg'ulot qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish borasidagi xalqaro standartlar tahliliga bag'ishlandi. Shuningdek, adliya organlari xodimlarining ushbu ilg'or andozalardan huquqni qo'llash faoliyatida foydalanishga doir bilimlari va ko'nikmalarini oshirishga e'tibor qaratildi.
Vebinar shaklidagi mashg'ulot BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda hamda Toshkent davlat yuridik universiteti ko'magida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.12.2020
- Ko'rishlar: 3883
- Chop etish