26 yanvar kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi va Oliy sudi tizimlari rahbar xodimlari uchun “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli doirasida o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.
Vebinar shaklidagi mashg'ulotlarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Bola huquqlari bo'yicha vakil A.Yunusova, Milliy gvardiya boshqarma boshlig'i I.Turg'unov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining "Inson huquqlari nazariyasi va amaliyoti" kafedrasi professori A.Matchonov o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Akademik A.Saidov "Inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar, ularning sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi o'rni hamda ahamiyati" mavzuida ma'ruza qilar ekan, keyingi yillarda O'zbekistonda olib borilayotgan inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlariga e'tiborni qaratdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida 2020 yili tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining asosiy qoidalariga atroflicha to'xtaldi.
O'z navbatida, professor A.Matchonov inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning ushlab turilgan, hibsga olingan, shuningdek majburiy davolanishga yuborilgan shaxslarga nisbatan qo'llanishi xususida so'z yuritdi. I.Turg'unovning chiqishida xalqaro standartlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyatiga tatbiq etilishining amaliy jihatlari tahlil qilindi.
A.Yunusova sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi majburiyatlari va javobgarligi masalalari haqida gapirdi. Bundan tashqari, keyingi davrda Bola huquqlari bo'yicha vakilga bolalar tomonidan eng ko'p tushayotgan murojaatlarning ma'no-mazmuni va mohiyati amaliy misollar orqali o'rganildi.
Tadbir yakunida ushbu vebinar sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining inson huquqlari bo'yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan joriy o'quv kursi turkumidagi oxirgi mashg'ulot ekani ta'kidlandi.
Tinglovchilar tomonidan vebinar qiziqarli va foydali uslubda tashkil qilingani e'tirof etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.01.2021
- Ko'rishlar: 3604
- Chop etish