Oliy sud sud`yalari uchun vebinar

24 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEHHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining navbatdagi mashg'uloti o'tkazildi. Mashg'ulotlarda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud`yalari ishtirok etdi.

BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya olib borgan mashg'ulotda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish borasidagi xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati atroflicha o'rganildi.

Vebinar shaklidagi mashg'ulotlarda BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasida bayon etilgan davlatlarning qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash va ularning oldini olish borasidagi majburiyatlari haqida ham so'z bordi. Qiynoqlarning oldini olish va qiynoq jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish qonunchiligi bilan bu boradagi inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning o'zaro uyg'unligi qiyosiy tahlil  qilindi.

Tinglovchilar qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmlarning faoliyati bilan tanishtirildi. Shuningdek, O'zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro-huquqiy shartnomalardagi tegishli normalar mamlakatimiz sud`yalari tomonidan sudlov amaliyotida qo'llanilishining ahamiyati, ayni sohadagi bilim va ko'nikmalarni oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech