Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Voyaga yetmaganlarga oid jinoyat ishlari endilikda faqat yopiq sud majlisida ko‘riladi

2026-yil 12-sentabrda “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonunning ahamiyati haqida Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova o‘z fikrlarini bildirdi:

– Bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Davlatimiz rahbarining “2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Yangi qonun sohadagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi. Qonun bilan 6 kodeks va 13 qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur o‘zgartishlarning asosiy maqsadi – bolaning manfaatini ta’minlash, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishdan iborat.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan birinchi muhim o‘zgartish – voyaga yetmaganlarning shaxsiy hayotini himoya qilishga qaratilgan.

Amalda sudlar tarbiyaviy ta’sir maqsadida jinoyat ishlarini mahallalarda, ta’lim muassasalarida yoki boshqa jamoat joylarida sayyor tartibda ko‘rishi mumkin. Biroq, xalqaro huquqiy standartlar bunday yondashuv bolaning huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etadi.

Xususan, BMT Bola huquqlari qo‘mitasining 2019-yilgi 24-sonli umumiy sharhida bolaning shaxsiy hayoti sud jarayonining barcha bosqichlarida to‘liq himoya qilinishi shartligi hamda bolalarga oid ishlar yopiq tartibda ko‘rilishi lozimligi qayd etilgan.

Haqiqatan, bunday muhokamalar tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, ammo bu bolaning shaxsiy hayoti oshkor bo‘lishi, uning jamiyatda tamg‘alanishi hamda qayta ijtimoiylashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqori.

Shu munosabat bilan qonun orqali voyaga yetmaganlarga oid  jinoyat ishlar yopiq sud majlisida ko‘rilishi belgilandi. Bu bolaning kelajagini himoya qilishga qaratilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalar huquqini ta’minlashga qaratilgan yangi normalar kiritildi. Jumladan, ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilandi.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga muhim o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning bir yil muddat davomida ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu qat’iy norma qonunchilikka bejiz kiritilmadi. Ayrim ta’lim muasssasalarida bolalar bilan bog‘liq ayanchli holatlar sodir bo‘layotgani bunga sabab bo‘ldi. Masalan, yaqinda xususiy bog‘chalarning birida yig‘layotgan bolani kuzatuv kamerasiga tushmaydigan joyga olib borib jazolash aks etgan video tarqalgani barchani birdek larzaga soldi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan murosa bo‘lmasligi kerak. Bu masalada har bir kechikkan yoki yetarli darajada ko‘rilmagan chora yangi jabrlanuvchilar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan yangi kiritilgan cheklov normasi o‘z vaqtida amalga oshirilgan muhim huquqiy chora bo‘ldi.   

Qonun bilan Oila kodeksiga ham eng muhim o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaning ota-onasini aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun darajasida mustahkamlandi. Ushbu mablag‘lar bola mustaqil hayot boshlaganida unga moddiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

Kodeksning 194-moddasida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilaga tarbiya (patronat)ga faqat ularning qarindoshlariga berilishi belgilandi. Mazkur norma, eng avvalo, bolaning o‘z oilaviy muhitida ulg‘ayishiga, qarindoshlik rishtalari, milliy qadriyat va ijtimoiy aloqalar saqlanib qolishiga xizmat qiladi.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda ularni tarbiyalash xizmatiga nodavlat tashkilotlar davlat ijtimoiy buyurtmasi, autsorsing yoki boshqa turdagi shartnomalar asosida jalb etiladi.

Bu norma davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligini kuchaytiradi, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshiradi. Eng muhimi, muhtoj bolalarga yanada tezkor va sifatli yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi.

Qonun yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, ularning oila muhitida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

                                                         Norgul Abduraimova, O‘zA

Nashr sanasi 23.09.2026 Ko'rishlar 32
Ulashish