2020 yil 13 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. Mamlakatimiz uchun BMTga a'zo 191 davlatdan 169 tasi ovoz berdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan ushbu ulkan yutuqning mazmun-mohiyati, ahamiyati va mas'uliyati haqida suhbatlashdik.
– O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylangani, avvalambor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev oliy maqsad etib belgilaganidek va o'zi orzu qilgandek yashashga intilayotgan, Harakatlar strategiyasida ko'rsatib berilgan yorug' istaklariga yarasha yangidan-yangi natijalarga erishayotgan yangi O'zbekiston qo'lga kiritgan yana bir olamshumul yutuqdir.
Bu – davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo'lishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganining yorqin dalilidir.
Bu – Prezidentimiz rahbarligida O'zbekistonning mutlaqo yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarni o'zaro do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik ruhida sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish masalalariga alohida urg'u berilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e'tirof etilgani hamda qo'llab-quvvatlanayotganining o'ziga xos ifodasi hamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta'kidlaganidek: "Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O'zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".
Keyingi yillarda aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta'siri tobora oshib bormoqda. Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi.
Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o'zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to'liq tugatildi. Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya qabul qilindi.
BMTning fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'iga javoban joriy yilning o'zida 50 ming yurtdoshimizga O'zbekiston fuqaroligi berildi. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik mustahkamlanmoqda.
Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga yo'naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko'tarildi.
O'zbekiston so'nggi yillarda erishgan bu kabi muhim natijalarning barchasi BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi asosiy vazifalari bilan uyg'un va hamohang. Binobarin, mazkur kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ'ib qilish. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko'rsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur kengashga a'zo har bir davlat o'z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquq va erkinliklari bilan bog'liq mezonlarga amal qilishda namuna bo'lishi lozim.
Shu ma'noda, O'zbekistonning ana shu yuqori xalqaro organga a'zolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador sa'y-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir.
– Bu borada qanday tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi?
– BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O'zbekiston nomzodini ilgari surish vazifasi davlatimiz rahbari tomonidan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgandi. Shu asosda o'tgan davrda kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va izchil amalga oshirildi.
Avvalo, mavjud tartib-qoidalarga asosan nomzodlik BMT Bosh Assambleyasi ro'yxatidan o'tkazildi va diplomatik sa'y-harakatlar boshlab yuborildi.
2019 yil oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq, BMTning “Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" hujjati taqdim etildi. Shuningdek, ushbu va'dalarni qisqa tahlil qiluvchi yana 2 ta hujjat tayyorlandi. Mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari kengashida hamda O'zbekistonning diplomatik vakolatxonalari orqali a'zo davlatlar orasida tarqatildi.
O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada bajariladigan vazifalar ham aks etgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyat va rejalari batafsil taqdim qilingan. Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Muhimi, bugungi kunga qadar rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilgan.
– Shu haqda batafsilroq to'xtalish mumkinmi?
– O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" uchta yo'nalish – xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi bir qator muhim vazifalarni qamraganini alohida ta'kidlash lozim. Avvalo, xalqaro ko'lamdagi vazifalar haqida to'xtalsak.
O'zbekiston BMTning teng huquqli a'zosi sifatida jahon miqyosidagi va mintaqaviy masalalarni hal etishda ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bu borada qo'shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, BMT bilan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilgan va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh» mavzusida turkum Global munozaralar o'tkazish tashabbusini to'la qo'llab-quvvatladi. Tashabbus doirasida joriy yil milliy va xalqaro hamkorlarimiz bilan uchta global onlayn-munozara tashkil qilindi.
Ushbu munozaralarda BMT va tashkilot tuzilmalari, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti, JSST, YUNESKO, BMTRD, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, YUNFPA, YUNISEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda Prlamentlararo ittifoqning yuqori lavozimli vakillari ishtirok etdi.
Ilk global munozara «O'zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi hamkorlik» deb nomlandi. Anjuman 2020 yil 26 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz, Oliy Majlis palatalari hamda BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan videokonferentsiya shaklida tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev forum ishtirokchilariga murojaatida ta'kidlaganidek: "O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og'ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo'nalishlaridan biridir".
Ma'lumki, bundan besh yil avval BMTga a'zo davlatlar 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgan edi. BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasiga alohida e'tibor qaratilgani bejiz emas.
Chunki dunyo keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan juda yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatni himoya qilish va aholi farovonligini oshirishga yo'naltirilgan bo'lib, bu borada yakdillik bilan sa'y-harakat qilish uchun o'ziga xos chaqiriq hisoblanadi.
O'zbekiston – BRMga erishishning qat'iy tarafdori. Mamlakatimizda 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari BRMga to'la mos tushadi.
2018 yil hukumatimiz tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi 16 ta Milliy maqsad va shu maqsadlar bilan bog'liq 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan 127 ta vazifa tasdiqlangan. Ana shu Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish bo'yicha "Yo'l xaritasi" qabul qilingan. Bosh vazir o'rinbosari boshchiligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan.
O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Davlatimiz BRMga erishish bo'yicha birinchi Ixtiyoriy milliy sharhni keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi. Quvonarlisi, xalqaro ekspertlar O'zbekistonda 2030 yilgacha bo'lgan davrda BRM Kun tartibi ijrosiga ijobiy munosabat bildirmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizning pandemiyadan keyin Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, madaniy merosning BRMga erishishdagi roli va hissasi, barqaror ijtimoiy rivojlanishni ta'minlash maqsadida barcha uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berish zarurligi to'g'risidagi nuqtai nazari yuqori baholanayotgani diqqatga sazovor.
O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi o'zaro hurmat va muloqot tamoyillariga tayanadigan hamda siyosatlashtirish, ikki xil standart va noxolis tanlov bo'yicha yondashish kabi holatlardan xoli bo'lgan ko'p tomonlama hamkorlikni rag'batlantirish ishiga hissa qo'shib kelmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz delegatsiyasi 2019 yil sentyabr oyida Jenevada (Shveytsariya) bo'lib o'tgan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 42-sessiyasida ishtirok etganini qayd etish maqsadga muvofiq.
– O'zbekiston Inson huquqlari kengashiga a'zo bo'lish uchun zimmasiga olgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da ko'zda tutilgan mintaqaviy va milliy ko'lamdagi tadbirlar qanday bajarilmoqda?
– Shu yil 12-13 avgust kunlari bo'lib o'tgan yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun sayyoramiz yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlik muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgani bilan g'oyat ahamiyatli.
Xalqaro anjumanda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Hujjatda, jumladan, yoshlar huquqlari – har kim uchun zarur bo'lgan, ammo ayrimlar yoshi kichikligi tufayli ayni imkoniyatlardan foydalanishdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan.
Yaqinda Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Shuningdek, u YEXHT Doimiy kengashi va Islom hamkorlik tashkilotining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgani bejiz emas. Zero, Samarqand rezolyutsiyasi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarga yoshlarni yanada keng jalb etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston va BMTning inson huquqlari sohasidagi hamkorligi doirasida keyingi 4 yilda o'tgan 75 yil davomida erishilmagan nihoyatda muhim va yuksak
natijalar qo'lga kiritildi.
Birgina misol: 1993 yil 25 iyun kuni Vena shahrida (Avstriya) BMT shafeligida bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha umumjahon konferentsiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida har bir davlat inson huquqlarini himoya qilish uchun milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi tavsiya qilingan.
Oradan 27 yil o'tib, davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan yurtimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqdagi ma'lumotlar BMTning oltita rasmiy tilida nashr etildi va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Milliy strategiyani tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning Rasmiy hujjatlar tizimiga ham joylashtirildi. Natijada dunyo jamoatchiligi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va frantsuz tillaridagi matni bilan tanishishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi.
Milliy strategiya doirasida 53 ta me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmui ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 2020 yil 10 sentyabr` holatidagi monitoring «Yo'l xaritasi»ning jami 78 bandidan 17 tasi bo'yicha ijro muddati yakunlangani, 7 ta band bo'yicha ishlar o'z muddatida bajarilganini ko'rsatdi. Ayniqsa, 2 ta bandda belgilangan vazifalar muddatidan oldin ado etilgani e'tiborli.
So'nggi yillarda Oliy Majlis tomonidan ijtimoiy sohada "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida", "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida", "Kasaba uyushmalari to'g'risida", "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida" singari jami 30 dan ziyod qonun qabul qilindi. 10 dan ortiq xalqaro shartnoma, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konventsiyasi ratifikatsiya qilindi.
Kambag'allikka barham berish, aholi sog'lig'ini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish, ekologiya muammolariga yechim topish, gender tenglikni ta'minlash kabi muhim sohalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, yangi tuzilgan Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha komissiya va Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha milliy kengash faoliyatida parlament a'zolari ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori sud-huquq tizimida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar amaliy natijasini bermoqda. Ushbu yo'nalishda yangi qabul qilingan qonunlar, joriy etilayotgan ta'sirchan mexanizmlar, tobora ko'payib borayotgan oqlov hukmlari yurtdoshlarimizda adolat va kelajakka ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Sud-huquq sohasida erishilayotgan natijalar xalqaro miqyosda e'tirof etilmoqda. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek, AQSH Davlat departamenti o'z hisobotlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli o'zgarishlar, xususan, diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash va odam savdosiga barham berish borasidagi islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi.
Joriy yil mazkur sohada qo'lga kiritilgan yutuqlar haqida so'z borganda, avvalambor, BMTning Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning O'zbekistonga tashrifi yakunlari to'g'risidagi ma'ruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etganini alohida ta'kidlash lozim. Ushbu ma'ruzada O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar alohida ta'kidlangan.
BMT maxsus ma'ruzachisi Prezident Shavkat Mirziyoev o'z lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o'z kasbiy faoliyatini yanada erkin bajarishini ta'minlashga qaratilgan islohotning ko'plab amaliy natijalarini birma-bir
sanab o'tgani e'tiborga sazovor.
– BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qanday organ va kengashga a'zolik saylovi qay tarzda bo'lib o'tadi?
– BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi BMT Bosh Assambleyasi organi bo'lib, 2006 yilda tashkil etilgan. Kengash o'z majlislarini muntazam, yiliga kamida uch marta o'tkazadi.
Ushbu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va anjuman ishi o'n hafta davom etadi. Kengash a'zolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog'liq tashvishli ahvolni o'rganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. Bosh Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi 7-bandiga muvofiq, "Kengash tarkibidagi 47 a'zo davlatning har biri Bosh Assambleyaning ko'pchilik a'zosi tomonidan bevosita yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadi".
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun besh mintaqadan davlatlar tanlanadi. Ya'ni, Osiyo-Tinch okeani, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 13 a'zo, Afrikadan – 13 a'zo, Sharqiy Yevropadan – 6 a'zo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 8 a'zo, G'arbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSH, Kanada va Isroil davlatlari orasidan – 7 a'zo uch yil muddatga saylanadi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi delegatlari kuni kecha BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 15 a'zo davlatni sayladi. Bular –O'zbekiston, Buyuk Britaniya, Boliviya, Xitoy, Gabon, Kot-d'Ivuar, Kuba, Malavi, Frantsiya, Pokiston, Meksika, Nepal, Rossiya, Senegal va Ukraina.
Bu galgi saylovda bo'shab qolgan 15 a'zolik o'rniga Osiyo-Tinch okeani, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 4, Afrikadan – 4, Sharqiy Yevropadan – 2, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 3 a'zo hamda G'arbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSH, Kanada va Isroildan – 2 a'zo saylandi.
E'tiborlisi, BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi doirasidagi mamlakatimiz ilk bor ishtirok etgan ushbu saylovda O'zbekiston uchun BMTga a'zo 191 davlatdan eng ko'pchiligi – 169 tasi ovoz berdi. Osiyo guruhidan Pokiston ham 169 ovoz to'pladi. Shuningdek, Nepal – 150, Xitoy – 139, Saudiya Arabistoni – 90 ta ovoz oldi. Kengashga saylangan yangi a'zolarning vakolati 2021 yil 1 yanvardan boshlanadi.
O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi bo'lishidan ko'zlagan maqsadi ezgu va xolis. Biz mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo'lishi, insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari har tomonlama ta'minlanishi, himoya qilinishi va rag'batlantirilishi tarafdorimiz.
Manba: O'zA
- Qo'shildi: 15.10.2020
- Ko'rishlar: 4188
- Chop etish