20 noyabr – Jahon bolalar kuni. Bu yil mazkur sanada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi hamda Bola huquqlari deklaratsiyasining 61 yilligi ham nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimiz davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida xalqaro anjuman o'tkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, vazirlik va idoralar, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar, ilmiy-akademik muassasalar va ommaviy axborot vositalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda onlayn tarzda qatnashgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, avvalambor, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunnning ertasigayoq mustaqil navqiron mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilganiga e'tiborni qaratdi. Zero, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyada bolalarning barcha huquq va erkinliklari xalqaro miqyosda kafotlangan.
Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo'lgan yuksak e'tiborning yana bir o'ziga xos namunasidir. O'tgan yili Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 30 yilligi mamlakatimizda keng miqyosda bayram qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».
Yangi O'zbekistonda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari alohida va doimiy e'tiborda turibdi. Ayniqsa, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida katta ko'lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Pandemiya sharoitida ham bolalarning barcha huquqlarini izchil ro'yobga chiqarishga intilmoqdamiz. Jumladan, mamlakatimizda har bir bolaning bilim olishga oid huquqini ta'minlashga jidiy ahamiyat berilmoqda.
Bu haqda so'z borganda, 2020 yil 23 sentyabr` kuni "Ta'lim to'g'risida"gi Qonunning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahriri qabul qilinganini ta'kidlash lozim. Yangi Qonun O'zbekistonda ta'lim sohasini tubdan isloh qilish, bolalarning ta'lim olish huquqlarini mustahkamlash hamda xalqaro standartlar asosida ta'lim xizmatlarini tashkil etish maqsadlariga xizmat qiladi.
Keyingi yillarda ta'lim va tarbiya sohasida keng ko'lamli tub o'zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, 2025 yilga borib 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hayotga joriy etilmoqda. Yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi qayta tiklandi.
2020 yil sentyabr oyidan boshlab, o'quvchilarning xohish- istaklaridan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim va kasb-hunar maktablarida ta'lim jarayoni onlayn va an'anaviy tarzda amalga oshirilmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning “Har bir bolaning barcha huquqlariga amal qilinishi kerak” degan da'vatiga asosan mamlakatimizda so'ngi 2 yilda muayyan ijobiy tajriba to'plandi.
2019 yil 22 aprelda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqdi. Jumladan, Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma'muriy muhokama davrida bolaning fikri inobatga olinishi belgilab berildi.
Yangi parlamentning qonun ijodkorligi yo'nalishida ham bu borada muhim natijalarga erishildi. Avvalo, 2020 yil 10 martda “Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi Qonun qabul qilindi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari va Hukumatning qo'shma qarori bilan Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ham bolalar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Ayni chog'da, maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda "Inson huquqlari", "Bola huquqlari" o'quv kurslarini joriy etish vazifasi belgilangan. Hozirgi vaqtda Markaz tomonidan shu sohaga taalluqli o'quv kursi dasturi va “Bola huquqlari” darsligi tayyorlanmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti Jahon bolalar kuni munosabati bilan onlayn ko'rik-tanlov o'tkazdi. Tanlovda 7 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan o'quvchi-yoshlar o'zlarining eng yaxshi ijro etgan qo'shqlari, bola huquqlariga doir ijod etgan videorolik va rasmlari bilan ishtirok etdi.
Tanlov g'oliblari bugun @YoshlarParlamenti_Senat telegram kanalida e'lon qilindi. G'oliblarga hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari topshiriladi.
Xalqaro anjuman doirasida xalqaro va milliy ekspertlar, bolalar tashkilotlari vakillari, bola huquqlari himoyachilari so'zga chiqdi.
Ishtirokchilar e'tiboriga, shuningdek Jahon bolalar kuni va O'zbekiston bolalari hayotiga bag'ishlangan videolavhalar namoyish etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2020
- Ko'rishlar: 4370
- Chop etish