(Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi tantanalari taassuroti)
9 may kuni mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi keng nishonlandi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev poytaxtimizda o'tkazilgan bayram tadbirlarida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari ushbu shonli sana munosabati bilan barpo etilgan G'alaba bog'iga tashrif buyurdi va dastlab «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo'ydi. «Shon-sharaf» muzeyini borib ko'rdi.
Prezidentimiz G'alaba bog'ining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi. Bog'da ko'rgazmaga qo'yilgan Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, temir yo'l vokzali, okoplar, harbiy texnikalar, qurol-aslahalarni ko'zdan kechirdi.
G'alaba bog'idagi amfiteatrda Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi.
Bu galgi bayramning o'ziga xos xususiyatlari
Ana shu tantanali tadbirlarda bevosita ishtirok etish asnosida, bu galgi bayramning oldingi yillardagidan farqli va o'ziga xos jihatlari e'tiborimni tortdi. Fikrimcha, joriy yildagi Xotira va qadrlash kuni hamda G'alaba bayramining quyidagi xususiyatlari, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega.
Birinchidan, bayram tadbirlari birinchi marotaba azim poytaxtimizning Xotira maydonida emas, balki Buyuk G'alabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan yangi muazzam maskan – G'alaba bog'ida bo'lib o'tdi. Millat Sardori ta'biri bilan aytganda, "bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi".
Mamlakatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil muqaddam Toshkent shahrida muhtasham G'alaba bog'ini barpo etish tashabbusini ilgari surgandi. Qisqa muddatda 12 gektarlik ulkan maydonda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Aytish kerakki, bu ulkan majmuani qisqa vaqt ichida, ayniqsa, karantin sharoitida yakunlash oson bo'lgani yo'q. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, mohir quruvchi va me'morlar, muhandislar, turli soha mutaxassislari, rassom va haykaltaroshlar, azamat yoshlarimiz bu vazifani o'zlari uchun savobli bir ish deb bilib, tunu kun fidokorona mehnat qildilar.
Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida O'zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam. Bunday ulug'vor maqsadni ro'yobga chiqarish uchun aynan Prezidentimiz G'alaba bog'ining tashabbuskori, muallifi va bosh bunyodkori bo'lib maydonga chiqqani tahsinga sazovor.
Ikkinchidan, bayram arafasida nafaqat ulug'vor bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, balki O'zbekiston xalqining G'alabaga qo'shgan hissasini yanada chuqurroq o'rganish borasida ham muhim natijalar qo'lga kiritildi. Prezidentimizning topshiriqlari asosida bu borada oz fursatda katta ilmiy tadqiqotlar qilindi.
Ilgari yopiq bo'lgan tarixiy hujjatlar batafsil o'rganib chiqildi. Chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar, olimlar bilan hamkorlik natijasida qahramon ajdodlarimiz haqida yangi ma'lumotlar qo'lga kiritildi.
Birgina misol: shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O'zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma'lumotlarga ko'ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o'z tasdig'ini topdi.
Uchinchidan, yurtdoshlarimizning front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonati chuqur o'rganildi. Binobarin, o'shanda yurtimizda qolgan ayollar, keksalar, yosh bolalar ham chinakam qahramonlik ko'rsatganlar. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan barcha odam halovatdan voz kechib, tinimsiz mehnat qilgan. Respublikamizdan jang maydonlariga samolyot va tanklar, qurol-yarog', ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib turilgan.
To'rtinchidan, yangi aniqlangan ma'lumotlarga ko'ra, o'sha olovli yillarda minglab urush qatnashchilari O'zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Urush o'chog'iga aylangan o'lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga o'z uyidan joy berib, so'nggi burda nonini ham baham ko'rgan.
Beshinchidan, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, G'alaba bog'idagi amfiteatrda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan bayram tadbiri videokonferentsaloqa shaklida o'tkazildi. Rasmiy marosimda onlayn tarzda ishtirok etish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar jam bo'ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 75 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni qizg'in tabrikladi. Tadbir Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, harbiy okruglardagi bayram ishtirokchilariga namoyish qilindi. Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, Andijon, Buxoro, Sirdaryo viloyatlari hokimlari bilan videoaloqa tizimi orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan salomlashib, hol-ahvol so'radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, elimizga farovonlik tilab duolar qildi.
Karantin tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bu yilgi bayramni o'z uylarida nishonladi. Ular televidenie orqali tantanalarni to'g'ridan-to'g'ri kuzatib bordi.
Boshqacha aytganda, koronavirus balosi xalqimizning ahilligi, birligi va hamjihatligiga shu borada ham pand bera olmadi. Bayram tantanalari onlayn maqomida yanada keng ko'lam va ulkan miqyos kasb etdi.
G'alaba bog'i – muhtasham bunyodkorlik inshootlarimiz ichra gavhari
Joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil to'lishi munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu xalqaro tashkilotning insoniyat tarixidagi roli haqida to'xtaldi. Bosh kotib o'tgan 75 yil davomida yer yuzida uchinchi jahon urushi boshlanishiga yo'l qo'yilmagani, ya'ni yangi qirg'inbarot urushning oldini ola bilgani BMTning asosiy yutug'i ekanini qayd etdi.
Bu bejiz emas. Chunki Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mudhish, eng beshafqat to'qnashuv bo'lgan. Jangu jadallar Yevropa, Osiyo va Afrika qit'alarida, havoyu okeanlarda kechgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, bu urushda jami 85 milliongacha inson halok bo'lgan. Yer yuzi behisob vayronagarchilik va qahatchilikka yuz tutgan.
BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari (hozirda sobiq) Zayd Raad al-Husayn O'zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida 2017 yil 12 may kuni yer yuzi sayqali sanalmish Samarqand shahrimizni ziyorat qilganida, unga hamrohlik qilgandim. Ushbu nufuzli mehmon o'shanda Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar istilo qilgan Gollandiyaga maxsus poezdda olib kelingan 101 nafar o'zbek askarining asirlikdagi achchiq qismati haqidagi jurnalist tadqiqotlarini o'qib, xalqimizning mehribonligi va ulug'vorligiga ixlosi chandon darajada ortganini so'zlab berdi.
Bu o'rinda fashistlar Germaniyasining targ'ibot bo'yicha reyxs-ministri Yozef Gebbel`sning mash'um rejasiga ko'ra janggohlarda asir olingan va Yevropadagi o'lim lagerlaridan biri bo'lmish «Amersfort»ga qamalgan o'zbek o'g'lonlari tarixi haqida so'z bormoqda. Ushbu harbiy asirlar Moskvaga boshlanadigan hujum oldidan fashist armiyasining ruhini ko'tarishga qaratilgan "targ'ibot fil`mi"da "jonli va ta'sirchan rol`" o'ynab berishlari kerak bo'lgan. Ammo bu reja amalga oshmagan.
Gap shundaki, lagerning chor atrofi o'ralgan seryomg'ir osmon ostidagi qo'rasida yurtdoshlarimizga necha kunlab ovqat berilmay, g'ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan. Ular kunduzi tog'da tosh maydalash va tashishga majburlanib, kechasi uxlashga imkon berilmasdan, shafqatsiz kaltaklangan, tinimsiz xo'rlangan. Kunlardan bir kuni lagerga Gebbel`sning generallari boshchiligidagi fashist amaldorlari, shuningdek kino operatorlari va rejissyorlardan iborat katta bir ijodiy guruh keladi.
Shu munosabat bilan ozoda va sarishta liboslardagi ko'rkam ko'rinishli fashist ofitserlari ezilgan va azoblardan bukchayib qolgan juldur kiyimlardagi o'zbeklar qarshisida saf tortadi. Chiroqlar yonadi, kino kameralari ishga tushadi. Moshinada yangi yopilgan, hidi yoqimli ufurib turgan issiq nonlar olib kelinadi. Nemis ofitseri o'ziga novvoy uzatgan bulkani olib, devordan ichkariga, o'zbek asirlari tomonga uloqtiradi.
Fashistlarning fikricha, "inson qatorida ko'rilmaydigan", lagerdagi "sharoitlar" tufayli esa odamiylik qiyofasini ham yo'qotayozgan och-nahor va xastahol asirlar o'zaro non talashib, kinobop tomosha ko'rsatishlari kerak edi. Bu, o'z navbatida, Gitlerning nemislar – oliy irq, boshqa millatlarda esa insoniylikka xos zig'ircha ham xislat yo'q, degan manfur g'oyasini tasdiqlab berardi. Ammo, bunday bo'lmaydi.
Atrofga jimjitlik cho'kadi. Bir muddatdan keyin asirlardan biri yerda yotgan nonni qo'liga olib, uch marta o'padi va ko'ziga surtadi. So'ng nonni keng davrada chordona qurib o'tirgan o'zbeklarning yoshi ulug'iga – muallimga olib boradi. Muallim nonni bo'laklab, dastlabki ushog'ini eng kichik yoshli mahbusga uzatadi.
Shu tariqa non bo'laklari hammaga teng taqsimlanadi. Muallim oxirgi bo'lakni o'ziga oladi. O'zbek birodarlarimiz hovliqmasdan, odob bilan rizqlanishadi. Oxirida Xudoning ne'mati uchun shukronalik fotihasi o'qilgach, ular tarqalishadi.
Bu stsenariy fashistlar taxmin qilgandek yakun topmaydi. Oqibatda yurtdoshlarimiz jazolanadi. Ularning hammasini o'rmonga olib borib, otib tashlashadi.
Keyinchalik bu ibratli tarixiy voqeadan xabar topgan gollandiyalik jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Remko Reyding uzoq izlanishlari natijasida ayni mavzuda yirik bir kitob yozgan. O'z navbatida, G'alabaning 75 yilligi arafasida o'zbek kinoijodkorlari millatimizning go'zal siyratini, azaliy insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida "101" nomli badiiy filmni tasvirga oldilar.
Bu qissa qattol urushning 101 nafar qahramoni va qurboni haqida edi. «Shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanardi. Yangi ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan. Demak, har uch nafar o'zbekistonlikdan bittasi qo'liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan», — dedi Shavkat Mirziyoev 9 may kuni tashkil etilgan tantanali marosimdagi nutqida.
Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e'tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo'lmaydi. Shuningdek, o'sha davrda "quloq" sifatida boshqa o'lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani ma'lum bo'ldi, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoevning qo'shimcha qilishicha, «ilgari 396 ming nafar O'zbekiston fuqarosi urushda halok bo'lgan, deb aytilardi, aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo'lgan». Bundan tashqari, frontda bedarak yo'qolganlar haqidagi ma'lumotlar ham, Prezidentning ta'kidlashicha, to'liq bo'lmagan — hozirgi vaqtda 158 mingdan ko'proq o'zbekistonlik urushda bedarak ketgani aniqlangan.
Minglab urush qatnashchilari O'zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan ma'lumotlarga ko'ra, urush o'chog'iga aylangan o'lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan.
Xalqimiz ularga o'z uyidan joy berib, so'nggi burda nonini ham baham ko'rgan. Elimizning bu jasorati, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali hamon shon-sharaf maktabi, g'urur-iftixor manbai bo'lib kelmoqda.
Bundan tashqari, yangi ma'lumotlarga ko'ra, urush yillari O'zbekistondagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Shu davrda front hududlaridan O'zbekistonga 151 ta zavod ko'chirib keltirilgan.
Prezidentning so'zlariga ko'ra, ushbu yangi ma'lumotlar «ilgari yopiq bo'lgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma'lum bo'lmagan materiallarni» o'rganish, sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish natijasida olingan.
Haqiqatan ham, O'zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida g'alabani ta'minlashga ulkan hissa qo'shgan. Lekin bu jasoratni bor ko'lami bilan ko'rsatib beradigan yaxlit majmua yo'q edi. O'tgan yili Prezidentimiz ulkan bog' barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusini ilgari surdi.
Shu tariqa ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-me'moriy kontseptsiya ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida G'alaba bog'i, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag'ishlangan keng ko'lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.
G'alaba bog'i har biri alohida mavzuga ega bo'lgan ikki qismdan iborat. Birinchisida o'zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublikamiz hayoti aks etgan.
G'alaba bog'ida aholining tarix bilan hamnafas bo'lib, o'tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, mazmunli dam olishi, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar o'tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mazkur bog' Vatanga sadoqat, o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o'lmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi bo'lib qoladi. Chunki G'alaba bog'i – Xotira, Qadr-qimmat bog'i hamdir.
"Matonat madhiyasi": O'zbekistondagi barcha onalarga qo'yilgan haykal
G'alaba bog'ining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida ona Vatan ramzi bo'lib qad rostladi. Mazkur yodgorlik majmuasi qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo'lgan voqea – mo''tabar ona va uning oilasi to'g'risidagi haqiqat asos qilib olingan.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog'ida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh o'g'lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo'lgan. Uning to'rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo'lib qolgan. Kelinlari ham Zulfiya ayadan o'rnak olib, o'z oilasiga sodiq qolgan, boshqa turmush qurmagan.
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Alinazar Egamnazarovning so'zlariga ko'ra, Ikkinchi jahon urushida bir oiladan besh nafar farzand urushga ketib hech biri qaytmagan oila dunyoda uchta bo'lib, ikkitasi Belarus` va AQShda, yana biri Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog'ida yashagan Zulfiya aya Zokirova oilasidir. Ona Ikkinchi jahon urushida besh o'g'lidan judo bo'lgan.
O'tgan yilgi Xotira va qadrlash kunida davlatimiz rahbari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o'g'li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o'rnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizg'in qo'llab-quvvatladi.
Shu mavzuda maqolalar, she'rlar va badiiy fil`m yaratildi. Bu haqda so'z borganda, “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy fil`mi to'g'risida alohida to'xtalish lozim. Xalqimiz hayotining eng og'ir, eng fojiali davriga bag'ishlangan bu asar tom ma'noda qahramonlik qasidasi bo'lib, har qanday odamning ham qalbini larzaga soladi.
Prezidentimiz butun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimiz ana shu fil`mni oila davrasida ko'rib, uning qahramonlaridan o'rnak olishga da'vat etdi. Nega deganda, unda dahshatli urush tufayli besh nafar bahodir o'g'lidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, ya'ni intizor bo'lib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida o'zbek onalari, o'zbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifodasini topgan.
Bugun G'alaba bog'ining markazida mushfiq onaizor Zulfiya aya siymosiga bag'ishlangan muazzam obida – «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasi qad rostlab turibdi.
Prezidentimiz yodgorlik poyiga gulchambar qo'ydi. Ushbu tadbirda Zulfiya aya Zokirovaning qarindoshlari – Rahimjon Ahmadjonov, Farhod Mahamadjonov, Ma'rifat Ahmadjonova, Sanoat Mahmudova, Mavluda Xolmatova ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari boshlariga tushgan og'ir qiyinchiliklarni mardona yengib, Zulfiya aya va otalarining xotirasini pok saqlab, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan bu yurtdoshlarimizga xalqimizning nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi.
– Bu O'zbekistondagi barcha onalarga qo'yilgan haykal, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug' ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo'lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi.
"Shon sharaf" muzeyi – adolat tantanasi timsoli
“Shon-sharaf” muzeyi zamonaviy muzey san'ati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng ilg'or yutuqlari asosida bunyod qilindi. Muzeyda 20 mingga yaqin tarixiy ahamiyatga ega buyumlar mavjud.
Bu yerda Ikkinchi jahon urushida jasorat ko'rsatgan o'zbekistonliklar haqidagi ma'lumotlar, o'sha davr ruhini to'liq his etishga imkon beruvchi turli buyum va jihozlar jamlangan. Ushbu eksponatlarning yarmidan ko'pi yurtimizning turli hududlarida yashovchi aholi tomonidan taqdim etilgan.
Elimizning urush yillaridagi jasorati, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali-hamon shon-sharaf maktabi, g'urur-iftixor manbai bo'lib kelmoqda. Vaqt o'tgani sayin bu o'lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Muzeyda ana shunday shonli tarix o'z ifodasini topgan. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan.
Davlatimiz rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Bu yerdagi eksponatlar Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaga katta hissa qo'shgan xalqimizning jasoratini tarannum etishga, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini ta'kidladi.
- Bu muzeyning paydo bo'lishi adolatning tiklanishi demakdir. Tariximizning bir qismi bo'lgan urush voqealarini bir joyda namoyon etadigan bunday maskan yo'q edi. Bu ishlardan maqsad-muddaomiz - xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaga qo'shgan buyuk hissasini tarixga muhrlab qo'yish, yosh avlodlarga yetkazish. Yuz yillardan keyin ham odamlar kelib, urush voqealari va oqibatlarini, tinchlik qadrini bilishi kerak, - dedi Prezident.
Muzeyning kirish qismida O'zbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov qalamiga mansub asarning 22 metrlik pannosi ilingan. Unda frontga yo'l olayotgan askarlarni kuzatish jarayoni, front ortidan yuklarning jo'natilishi, tibbiyot xodimlari, bir so'z bilan aytganda, 1941—1945 yillar davomidagi Ikkinchi jahon urushi davrida O'zbekiston hududlaridagi umumiy jarayon jonli tarzda aks ettirilgan.
Muzey oltita bo'limdan iborat. Muzey ostonasidan boshlanuvchi «O'zbekiston urush boshlanishi arafasida» deb nomlangan birinchi bo'limda 1938—1940 yillar, urushdan oldingi O'zbekistonda davom etgan hayot tarzi tasvirlangan suratlar, qaydnomalarni ko'rish mumkin.
1939 yilda fashistlar Germaniyasining Polshaga bostirib kirishi bilan boshlangan Ikkinchi jahon urushi ta'sirida O'zbekistonda yalpi safarbarlik joriy qilinishi, qo'shinlar tashkil etilishi jarayoni aks etgan eksponatlar ham shu yerning o'zida berilgan.
Bu bo'limdagi eksponatlarda, shuningdek yurtdoshlarimizning jang maydonlaridagi jasorati aks ettirilgan. O'zbekistonliklarning asosiy front va chegara postlarida olib borgan kurashlari, ichki ishlar, razvedka faoliyatidagi mardonavor xatti-harakatlari qayd etilgan tarixiy hujjatlar, ularning suratlari va ular haqidagi qisqacha ma'lumotlar ana shunday muhim tarixiy eksponatlar sirasiga kiradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, birgina Germaniyaning Berlin shahrini ozod qilish uchun bo'lgan harakatlarda 10 dan ortiq kishiga «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni, 1 ming 706 kishiga «Berlin olinganligi uchun», 109 ming 208 kishiga esa «1941-1945 yillardagi Ulug' Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g'alaba uchun» medallari taqdim etilgan.
Ikkinchi bo'lim “O'zbekiston – front uchun ishonchli tayanch qo'rg'oni” deb nomlangan. Mazkur bo'limida front uchun qishloq xo'jaligi mahsulotlari va texnikalar yetkazilishi, issiq kiyim-kechaklar, mablag'lar to'planishi, frontga yo'naltirilgan energetika va yoqilg'i, iqtisodiyot faoliyati, tibbiyot, o'zbek ayollarining front ortidagi zahmati, kadrlar tayyorlash sohasi kabi mavzularga ajratib chiqilgan burchaklarda ashyoviy dalillar, fotosuratlar, mehnat uchun berilgan maqtov va faxriy yorliqlar, ordenlarni tomosha qilish imkoniyati mavjud.
Bunda front uchun yig'ilgan mablag'lar tarkibida o'zbek xalqining birdamligini his etish uchun shanbaliklar, obligatsiyalar, urush zayomlari bilan bir qatorda aholi shaxsiy mablag'lari ham borligini inobatga olishning o'zi kifoya. O'sha davrda aholi mudofaa fondi uchun umumiy hisobda 250 million so'm miqdorida mablag' yig'ishga muvaffaq bo'lgan.
Uchinchi bo'limda urush yillarida yurtimizdagi ilm-fan, ta'lim, madaniyat, sog'liqni saqlash sohalariga doir eksponatlar namoyish etilgan.
To'rtinchi bo'lim “Urush va g'alaba haqida xotiralar, xalqning quvonch va shodligi” deb ataladi. Mazkur bo'limga o'tish yo'lagida bevosita 1945 yilda Berlinning Sovet ittifoqi armiyasi tomonidan ishg'ol qilinish jarayoni aks etgan installyatsiyalarni tomosha qilib, xuddi haqiqiydek jonlantirilgan mum haykallar, vayrona binolar, bir-biriga o'q uzishga hozirlangan tanklarni uchratish mumkin.
«Urush davri maktublari» – muzeyning eng ta'sirli burchagidir. Bir necha yillardan buyon saqlab kelinayotgan urushga berilgan yo'llanmalar, jamoaviy xatlar, jang maydonlaridan qaytmagan askarlarning o'limi, yaralanganlik haqida xabarnomalar, frontdan kelgan sog'inchli salom xatlari shu yerda jamlangan.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar urush yillarida dushman bosib olishi muqarrar bo'lgan hududlardan O'zbekistonga evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ziyod qariyalar, ayollar, bolalar (250 ming atrofida), fan arboblari haqidagi ma'lumotlar bilan tanishishlari mumkin.
Bo'limning e'tiborga molik burchaklaridan yana biri asirga tushganlar haqidagi ma'lumotlar aks etgan qismidir. Ta'kidlanishicha, urush davrida asirga tushgan 150 mingdan ziyod o'zbekistonliklarning 50 ming nafardan ortig'i kontslagerlardagi azob-uqubatlar oqibatida vafot etgan.
Beshinchi bo'lim «O'zbekistonda urush yillarida fan va ta'lim, adabiyot, teatr va musiqa san'ati, tasviriy san'at va haykaltaroshlik, kino san'ati va matbuot» deb nomlangan. Ushbu bo'limida 1941—1945 yillarda yurtimiz madaniyati sohasida hukm surgan holatni nafaqat tomosha qilish, balki his etish mumkin.
Bu yerda ham muzeyning boshqa bo'limlaridagi kabi tarixiy muhitni yaratish maqsadida musiqalar jaranglab, sohaga oid ma'lumotlar yangrab turadi. Bevosita ekranlarda tarixiy hujjatli fil`mlar, eksponatlarda nomlari zikr etilgan shaxslarning faoliyatiga oid lavhalar beriladi.
Oltinchi bo'lim «Mardlar jasorati mangu yashaydi» deb nomlanadi. Bu yerda 33 jildlik «Xotira» kitobi, shuningdek bayram munosabati bilan nashr etilgan kitob-al`bom va boshqa eksponatlar mavjud.
Shavkat Mirziyoev «Shon-sharaf» muzeyida har bir qo'mondonlikning o'z joyi bo'lishi, ilmiy tadqiqotlar o'tkazib, ularning ekspozitsiyalarini to'ldirib borishi zarurligini ta'kidladi. Harbiy xizmatchi va kursantlarni, yoshlarni bu yerga olib kelib, ularda mardlik, fidoyilik ruhini shakllantirish bo'yicha tavsiyalar berdi.
“Shon-sharaf” muzeyi doimiy ravishda yangi ma'lumotlar bilan boyitib boriladi. Prezidentimiz qayd etganidek, ota-bobolarimiz jasoratini chuqur o'rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida yangi tarixiy ma'lumotlar asosida har yili 9 may bayrami arafasida alohida kitob tayyorlab, nashr etib turilsa ayni muddao bo'ladi.
Urush davridagi janggohlarni eslatadigan baland tepalik ustida afsonaviy general Sobir Rahimov kabi harbiy qo'mondonlarimiz, o'zbekistonlik barcha botir jangchilarning so'nmas xotirasiga atab “Mangu jasorat” deb nomlangan ulug'vor monument barpo etildi.
Davlatimiz rahbari bog'dagi «Ko'z yoshi» majmuasini ham ko'zdan kechirdi. Ko'z shaklidagi bu badiiy majmuada urushning mudhishligi, millati va dinidan qat'i nazar, barcha odamlar birligi ifodalangan.
Bog' hududida bir nechta marmar devorlarda kompozitsion pannolar barpo etilgan. Ularda sarkarda bobolarimiz tarixidan lavhalar, Ikkinchi jahon urushiga oid eng muhim ma'lumotlar, milliy armiyamizning hozirgi jangovar holati aks ettirilgan. Urush yillaridagi kuy-qo'shiqlar va xabarlar asosida tarixiy muhit jonlantirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi tantanalari misolida mash'um urush zamonidan qanchalik uzoqlashsak, uning mohiyatini anglash jarayonlari shunchalik chuqurlashib borishiga amin bo'ldik. Yangi O'zbekistonda ana shu adolatni tom ma'noda qaror toptirishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning jasorati va matonati alohida e'tirofga sazovor.
Binobarin, insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg'in – Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixining uzviy qismi hisoblanadi. Shunday ekan, tarixga aylangan o'sha kunlarni unutishga aslo haqqimiz yo'q. Xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a'zosi sifatida O'zbekiston davlati, o'zbek xalqi fashizmga qarshi kurashgan jasur farzandlarining buyuk qahramonliklarini hamisha yodda saqlaydi.
Millat Sardori tashabbusi bilan O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki adolatli va xolis, to'la va asosli ochib berilgani har qancha tahsinga loyiq. Zero, olovli urush yillarida “Hamma narsa – front uchun”, “Hamma narsa – G'alaba uchun!” degan hayotiy e'tiqod bilan yashagan xalqimizning G'alabaga qo'shgan buyuk hissasiga bepisand qarash hozirgi va kelajak avlodlar oldida xoinlik hisoblanadi.
Afsuski, Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 75 yil to'lgan bo'lsa-da, yer yuzining turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizga yaqin hududlarda qarama-qarshilik, qonli to'qnashuvlar davom etmoqda. Shu sababli biz doimo hushyor va ogoh bo'lishimiz, mustaqilligimizni mustahkamlab, Vatanimiz qudrati, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada oshirishimiz zarur.
Bugun yangi O'zbekistonni barpo etish bilan bog'liq yangi hayot, beqiyos o'zgarishlar hammamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yanada katta safarbarlikni talab etmoqda. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "Bu jarayonda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jahon hamjamiyati, avvalo, qo'shni davlatlar bilan do'stlik va hamkorlikni kuchaytirishni biz eng muhim vazifamiz deb bilamiz".
Shu ma'noda, har birimiz tinch hayotimizda duch kelayotgan sinovlarni yengib o'tishda hamisha sabrli va chidamli, jasoratli va matonatli, bilimli va saviyali, g'ururli va or-nomusli, vatanparvar va xalqsevar bo'lishimiz taqozo etiladi. Bu borada urush davrida inson zoti chidolmaydigan azob-uqubatlar, g'am-kulfatlar, cheksiz yo'qotishlarga bardosh bergan va qo'li doim baland kelgan ajdodlarimizning mustahkam irodasi bizlarga – ibrat, pok ruhlari esa madad bo'lgay, inshoolloh.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 12 may soni)
- Qo'shildi: 12.05.2020
- Ko'rishlar: 5390
- Chop etish