Fuqarolarning saylash va saylanish huquqlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov Kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan mustahkamlab qo'yilgan.
Konstitutsiyaning 117-moddasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr` oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkaziladi. O'zbekiston Respublikasining o'n sakkiz yoshga to'lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo'shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so'ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi.
O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o'zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo'lishi mumkin emas.
Saylov o'tkazish tartibi qonun O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bilan belgilanadi.
