ASOSSIZ QARZDORLIK BARTARAF ETILDI

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ularning ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishi, uy-joy bilan ta’minlanishi hamda moddiy to‘lovlar berilishi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining ijrosini doimiy nazoratga olgan.  Bu borada joylarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berib borilmoqda.

Xususan, yaqinda Milliy markaz tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchisi, chin yetim Yu.Shevlyakova va Bo‘ka tumanidagi 15-sonli Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchisi D.Ivanovning foydalanilmagan kommunal xizmatlar uchun asossiz qarzdorlik hisoblanganidan noroziligi haqidagi murojaatlari o‘rganib chiqildi.

Ushbu murojaatlar bo‘yicha “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yil 10 dekabrdagi 4056-son qarori talablariga binoan qonun ustuvorligini ta’minlash yuzasidan Toshkent viloyat prokurori nomiga tavsiya xatlari kiritildi.

Viloyat prokuraturasi olib borgan prokurorlik nazorati natijasida fuqaro Yu.Shevlyakovaning onasidan meros qolgan Angren shahar, General Ergashev ko‘chasi, 49-uyni o‘z nomiga rasmiylashtirish chog‘ida o‘zi foydalanmagan elektr ta’minoti uchun elektr energiyasidan mavjud 18,7 mln so‘m qarzdorlikni ushbu xonadonda yillar davomida noqonuniy yashab kelgan fuqaro Sh.Narbaevadan undirish belgilandi.

Mazkur xonadon uning qonuniy egasi Yu.Shevlyakova nomiga rasmiylashtirib berilishi va yangi elektr energiyasi hisoblagichi o‘rnatib berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, fuqaro D.Ivanovga Angren shahar hokimining 2020 yil 18 noyabr kungi 1215-son qarori bilan ajratilgan shaharning 4-dahasi, 13-uy 7-xonadonda “Sarishtali xonadon” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun tegishli to‘lov talab qilinayotganligi aniqlandi. Viloyat prokuraturasining aralashuvi bilan shirkatdan bo‘lgan qarzdorlik bartaraf etildi.

Milliy markaz o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda inson huquqlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi idoralari bilan doimiy ravishda hamkorlik qilib keladi.

 

Otabek Norboev,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech