“Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir”.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlagan ushbu fikrlarga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo'lib o'tgan davra suhbatida yana bir bor alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Markaz direktori Akmal Saidov ushbu xalqaro sananing tarixi va ahamiyati, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to'la mos kelishi haqida to'xtaldi.
Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi muhrlab qo'yilgani bejiz emas. O'zbekiston Prezidenti ushbu konstitutsiyaviy normani to'la amalga oshirish uchun davlatning siyosiy xohish-irodasi va zarur resurslari mavjud ekaniga e'tibor qaratar ekan, bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Xususan, inson huquqlarini ta'minlash samaradorligini yanada oshirish uchun milliy strategiyamiz bo'lishi lozim. Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinishi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “faqat va faqat xalq manfaati yo'lida og'ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishimiz lozim”. Ushbu sohadagi islohotlardan ko'zlangan maqsadga erishish uchun, bir tomondan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish talab etilsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga ishonchini mustahkamlash juda muhimdir.
Davlat rahbari advokatura institutini takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta'minlashni yangi bosqichga ko'tarish zarurligiga e'tibor qaratgani bejiz emas. O'zbekistonda advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish bugungi davr talabidir.
Ayni chog'da, vijdon erkinligi, millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglik, mamlakatimizda va xorijda fuqarolarimizni kafolatli himoya qilish bundan buyon ham davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qoladi. Xotin-qizlar va erkaklar o'rtasida huquqiy tenglikni mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish darkor.
Bundan tashqari fuqarolarning Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo'yilgan mulk huquqi daxlsizligini va doimo davlat himoyasida bo'lishini ta'minlash talab etiladi. Mulk huquqining kafolatlarini kuchaytirish maqsadida yer uchastkasini olib qo'yish to'g'risida qaror qabul qilishda davlat va jamoatchilik ehtiyoji tushunchalariga aniq ta'riflar berish maqsadga muvofiqdir.
Davra suhbatida ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi va muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining Boshqarmasi, YEXHT kabi xalqaro hamkorlar tashabbusi bilan chop etilgan inson huquqlariga doir adabiyotlar huquq sohasiga ixtisoslashgan oliy o'quv yurtlariga taqdim etildi.
Kitoblar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Harbiy-texnik instituti va Yuristlar malakasini oshirish markaziga topshirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2019
- Ko'rishlar: 5490
- Chop etish