«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni: 4 savolga – 4 javob

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni ta'sis etilgan.

O'z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi 685-sonli qaroriga  binoan, «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni to'g'risidagi nizom hamda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari tasdiqlanndi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlash tartib-qoidalariga doir quyidagi savollarga javob qaytardi.

– «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni qachon va qanday tartibda topshiriladi?

– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qaroriga  asosan:

«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni 10 dekabr` –Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida topshiriladi.

«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan mukofotlash Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori buyrug'i asosida amalga oshiriladi.

– Kimlar ushbu ko'krak nishoni bilan taqdirlanishi mumkin?

– «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini oshirish hamda sohani rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo'shgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.

Ko'krak nishoni bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslar, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

– Nomzodlarni kim tavsiya qiladi?

– Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko'krak nishoni bilan taqdirlash bo'yicha nomzodlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga tavsiya etiladi.

Nomzod bo'yicha takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma'lumotnoma, so'nggi uch yil davomida uning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.

Bugungi kunga qadar bu borada Markaz tomonidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlariga so'rovlar yuborilgan. Bundan tashqari, tegishli e'lon Markazning rasmiy veb-sayti hamda OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirildi.

– Nomzodlarni kim ko'rib chiqadi?

– Ko'krak nishoni bilan taqdirlanadigan nomzodlarga oid tavsiyalarni ko'rib chiqish uchun Markaz tomonidan har yili komissiya  tashkil etiladi.

Komissiya tarkibiga inson huquqlari sohasida ish olib boradigan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Komissiya yig'ilishida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlash bo'yicha nomzodlarning tegishli hujjatlari o'rganib chiqiladi. Shu asosda eng munosib nomzodlar yuzasidan yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech