Akademik va yoshlar

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qashqadaryo viloyatiga safari doirasida 26 noyabr kuni Qarshi shahridagi  Yoshlar markazida tashkil etilgan "Akademik va yoshlar" mavzuidagi uchrashuvda ishtirok etdi.

Yoshlar markazi Prezident Shavkat Mirziyoevning qashqadaryolik yoshlarga sovg'asi sifatida yaqinda bunyod etilgan. Davlatimiz rahbari  13 noyabr kuni bu yerga tashrif buyurib, mavjud sharoitlarni ko'zdan kechirdi. Viloyat yoshlari vakillari bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqotda Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o'rtacha ko'rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etildi.

"Akademik va yoshlar" uchrashuvi ayni shu dolzarb mavzu muhokamasidan boshlandi. Tadbirda 150 nafar talaba, ilmga qiziqqan yoshlar, navqiron huquqshunoslar va uyushmagan yoshlar vikillari faol qatnashdi.

Akademik A.Saidov yoshlarga yurtimiz, jumladan, Qashqadaryo vohasining "Avesto" yaratilgan zamonlar va Temuriylar davridan toki hozirgi kungacha bo'lgan shonli tarixi haqida qiziqarli misollar asosida so'zlab berdi. Jonli muloqot Konstitutsiya va qonunlar, huquq va inson huquqlari mavzusiga ulanib ketdi.

A.Saidovning fikricha, bugungi yoshlar kechagi yoshlardan mutlaqo farq qiladi. Xususan, Qashqadaryo yoshlarining ilmga chanqoqligi, tashabbuskorligi, el-yurt ravnaqi yo'lida ilgari surayotgan ilg'or takliflari kishini ham hayratga soladi, ham mamnun etadi.

- Yoshlar markazi kutubxonasi qashqadaryolik navqiron yigit-qizlar uchun sevimli maskanga aylanishi kerak. Hatto o'zim ham viloyatga kelganimda, ushbu kutubxonadan foydalanishni istardim, - dedi A.Saidov.

Kutubxona fondini rejali asosda boyitish maqsadga muvofiqdir. Yoshlar markazi kutubxonasidan, avvalambor, Qashqadaryo tarixini yozgan tarixchi olimlar, shu el-yurtni tarannum etib kelayotgan shoir va yozuvchilar, tarjimonlar va dramaturglarning asarlari o'rin olishi darkor.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech