Akmal Saidov Kasbida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ochilishida qatnashdi

Prezident Shavkat Mirziyoev yaqindagina Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi va Texnopark faoliyatini ko'zdan kechirgandi. Yuqori tezlikda internet, zamonaviy texnikalar fuqarolarga tez, shaffof va qulay davlat xizmatlarini taqdim etishiga mo'ljallangan bunday markazlarda ko'rsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirib, keng foydalanishga o'rgatish muhimligini ta'kidlagandi.

Oradan atigi ikki hafta o'tib, ya'ni 27 noyabr` kuni Kasbi tumanida Davlat xizmatlari markazining zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo'lgan yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyat Xalq qabulxonasi rahbari Faxriddin Jumaev, Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat
boshqarmasi boshlig'i Bahodir Mahmatqulov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Shuhrat Sotiboldiev, Kasbi tumani hokimi To'xtamurod Meyliev va yangi binoda ish boshlovchi markaz xodimlari ishtirok etdi.

Yangi markazda bank xizmati, fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish bo'limi, biometrik pasport berish  xizmati, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, kutubxona, investorlar uchun maxsus xona, anjumanlar xonasi mavjud. Yo'lga qo'yilgan bepul “wi-fi”dan fuqarolar beminnat foydalanishlari mumkin.

Akmal Saidov Prezidentimiz g'amxo'rligining yaqqol namunasi bo'lgan Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari faoliyatining afzalliklari haqida to'xtaldi. Bu yerda bitta binoda fuqarolarga 140 turdagi davlat xizmatlarini tez, shaffof va qulay usulda taqdim etish yo'lga qo'yilgani muhim ahamiyatga ega.

- Aholiga tegishli davlat xizmatlarini taqdim etishning ushbu zamonaviy tizimi, ta'bir joiz bo'lsa, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarish nuqtai nazaridan ham juda katta ahamiyat kasb etadi, - dedi A.Saidov. - Chunki bugungi kunda Davlat xizmatlari markazining ushbu yangi binosida ko'rsatiladigan xizmatlardan foydalanish uchun fuqarolarimiz ilgari  yuzdan ortiq binolardagi qanchadan-qancha kabinetlarga qatnashga, ortiqcha vaqt va mablag' sarflashga majbur bo'lgan.

Tadbirda odamlar talabidan kelib chiqib, Davlat xizmatlari markazida yangi xizmat turlarini yo'lga qo'yish, mahallalar bilan onlayn bog'lanib, aholiga yanada ko'proq qulayliklar yaratish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech