O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov “Dunyo” AA tomonidan tashkil etilgan «Konstitutsiya mening hayotimda» aksiyasi savollariga javob yo‘lladi.
- Konstitutsiya siz uchun nimani anglatadi?
— Konstitutsiya — O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi. Konstitutsiya huquqiy bilimlarning alifbosidir. Shuning uchun, men mamlakatimiz Konstitutsiyasini o‘rganish va bilish, unga rioya qilish va Asosiy qonunimiz bilan faxrlanishni mutlaqo zarur, deb bilaman.
— Konstitutsiyaviy huquqlaringizni to‘liq bilasizmi? Huquqingizni himoya qilishga to‘g‘ri kelganmi?
— Albatta, men oddiy inson va soha mutaxassisi sifatida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlarimni yaxshi bilaman. Men inson huquqlarini professional himoya qiladigan Milliy markazni boshqaraman, shu jumladan fuqarolarni shaxsan qabul qilaman.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida saylovchilarimning huquqlarini himoya qilaman. Shu maʼnoda, inson huquqlarini himoya qilishga xizmat qilish - mening kasbimdir. Mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z huquqlarini himoya qilishni o‘rganishi kerak. Milliy markazning asosiy vazifalaridan biri – bu inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat.
- Kasb faoliyatingiz va kundalik hayotingizda konstitutsiyaviy tamoyillardan foydalanasizmi?
— Kasb faoliyatimning asosini konstitutsiyaviy tamoyillar tashkil etadi. Parlamentdagi faoliyatimni hokimiyat bo‘linishi tamoyiliga asosida amalga oshiraman. Inson huquqlari himoyasi bo‘yicha faoliyatim Konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipiga asoslanadi.
— Siz uchun Konstitutsiya kuni nimani anglatadi va bu bayramni qanday nishonlaysiz?
— Konstitutsiya kuni – bu qonun bilan belgilangan davlat bayramidir. Har bir inson o‘z mamlakati Konstitutsiyasining ahamiyatini anglashi, ushbu bayramni muhim sana sifatida nishonlashi muhimdir. Konstitutsiyaviy vatanparvarlik tarbiyasi fuqaro, umuman shaxs tarbiyasining muhim qismidir. Bundan tashqari, Konstitutsiya kunini men mamlakatimizdagi barcha huquqshunoslarning kasb bayrami, deb hisoblayman. Demak bu mening shaxsiy bayramimdir. Men buni hamkasblarim bilan birgalikda keng nishonlayman. Shu jumladan, Konstitutsiyaga bag‘ishlangan turli tadbirlarni tashkil qilamiz va ularda ishtirok etamiz.
Manba: "Dunyo" AA
- Qo'shildi: 04.12.2020
- Ko'rishlar: 3969
- Chop etish